Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:27

Gulistondagi maktablarda o‘quvchi dars qoldirgani uchun sinf rahbarlari maoshi kesildi


Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar¸ o‘zi shundoq ham kichik bo‘lgan maosh qopchig‘ining har xil yig‘di-yig‘di va o‘lponlardan so‘ng¸ oy oxiriga yetmay bo‘shab qolishini aytadi.
Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar¸ o‘zi shundoq ham kichik bo‘lgan maosh qopchig‘ining har xil yig‘di-yig‘di va o‘lponlardan so‘ng¸ oy oxiriga yetmay bo‘shab qolishini aytadi.

Sirdaryo viloyati Guliston shahar Xalq ta’limi bo‘limi shahardagi barcha umumta’lim maktablarida 29 fevral kuni maxsus reyd o‘tkazdi.

Bir kunlik reyd davomida o‘quvchilari dars qoldirgan sinf rahbarlari jazolandi - ularning fevral maoshidan ushlab qolindi.

Maoshi kesilgan o‘qituvchilardan olingan bu ma’lumotni shahardagi maktablardan biri direktori hamda Xalq ta’limi bo‘limi mudiri tasdiqladi.

Respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi mutaxassisi gulistonlik o‘qituvchilarga nisbatan qo‘llanilgan bu jazo chorasini Mehnat kodeksining "qo‘pol buzilishi" deb atadi.

O‘qituvchilar arzi

Ishdan haydalish ehtimolidan cho‘chib¸ shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan Guliston maktablaridan biridagi 11- sinf rahbari Ozodlikka fevral uchun oyligi qariyb 85 ming so‘mga oz chiqqanini bildirdi.

O‘qituvchi ayolning aytishicha, ushlab qolingan bu pul sinf rahbari vazifasini bajarayotgani uchun uning oylik maoshiga qo‘shiladigan haqning 50 foizidir.

Dars qoldirganlardan har birining uzrli sababi bor. Lekin shunga qaramay mening oyligimni kesishdi. Shu adolatdanmi?”

“To‘g‘ri, 38 o‘quvchi o‘qiydigan sinfimda o‘sha kuni 4 o‘quvchi darsga kelmagan edi. Men ularning har biri nima uchun kelmaganini bilaman. Surunkali progulchilar emas. Har birining uzrli sababi bor. Lekin shunga qaramay¸ mening oyligimni kesishdi. Shu adolatdanmi?”

Bu gapni aytgan gulistonlik o‘qituvchi ayol bilan undan kelgan xat ortidan gaplashdik. Xatda o‘qituvchi mana bu savolni ko‘ndalang qo‘ygan:

“Davlat byudjetini shu yo‘l bilan to‘ldirmoqchilarmi? O‘qituvchining "oyligi" amalda oshmoqdami yoki qog‘ozda qolib ketmoqdami?”

Xuddi shunday mazmundagi yana bir shikoyat shahardagi 2- umumta’lim o‘rta maktab o‘qituvchilaridan keldi.

Maktab direktori izohi

2- maktab direktori Muhabbat Qosimova Ozodlik savollariga javob berar ekan, “Sinf rahbarlik ishini to‘liq bajarmagan o‘qituvchilarni Xalq ta’limi bo‘limimiz jazoladi. Fevral oyligidan sinf rahbarligi uchun ish haqining 50 foizini ushlab qoldi. Aslida 100 foiz ushlab qolishmoqchiydi. Men o‘qituvchilarimni himoya qilib¸ 50 foizga tushirtirdim”, dedi.

Aslida 100 foiz ushlab qolishmoqchiydi. Men o‘qituvchilarimni himoya qilib 50 foizga tushirtirdim.

1926 o‘quvchiga 125 o‘qituvchi dars beradigan 2- maktab direktorining aytishicha, uning maktabida hammasi bo‘lib 6 o‘qituvchi jazolangan.

“O‘qituvchilar davomat uchungina jazolanmadi. Ular kundaliklarni tekshirmagan, o‘quvchilarning kitob-daftarlari qoplama bilan qoplanmagan, xullas kamchiliklari ko‘p”, dedi direktor.

Xalq ta’limi bo‘limi mudiri yangi jazo usulini tan oldi

Guliston shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shuhrat Husanov Ozodlik savollariga javob berarkan, o‘qituvchilar jazolanganini tan oldi. Faqat, uning aytishicha, ushlab qolingan ish haqi miqdori o‘qituvchilar va maktab direktori aytayotganday 50 foiz emas, 10 foiz xolos. Mudir hatto konkret summa ham aytdi: “20 ming so‘mdan ushlab qolindi”.

Mudirning aytishicha, hammasi bo‘lib “shahardagi 17 ta maktabda 30 – 40 ta sinf rahbari jazolangan”.

Sinf rahbari lavozimida ishlayotgan o‘qituvchining 21 ta vazifasi bor. Shu vazifalarni to‘liq bajarmaganlar jazolandi.

“Maktablarda reydlar o‘tkazdik. Sinf rahbarlarining faoliyatini tekshirdik. Sinf rahbari lavozimida ishlayotgan o‘qituvchining 21 ta vazifasi bor. Shu vazifalarni to‘liq bajarmaganlar jazolandi” ¸ dedi Guliston shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri.

Shuhrat Husanovning aytishicha, sinf rahbarlari maoshidan ushlab qolish to‘g‘risidagi buyruqni u emas, balki har bir maktab direktori chiqargan.

“Jazo tariqasida sinf rahbarlari maoshidan ushlab qolinar ekan, qonun buzilmagan” ¸dedi Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shuhrat Husanov Ozodlikning shu xususdagi savoliga javoban.

Qonunchilik nima deydi?

Ish beruvchi bilan ishchi (xodim) o‘rtasidagi munosabatlarni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi tartibga soladi.

Kodeksning “Mehnat haqidan ushlab qolish” deb ataluvchi 116- moddasida ish haqidan qanday holatlarda ushlab qolish mumkinligi konkret belgilab qo‘yilgan. Kodeksda sanab o‘tilgan holatlar orasida “sinf rahbari lavozim vazifalarini to‘la bajarmagani uchun” yoki “o‘quvchisi dars qoldirgani uchun” degan me’yorlar yo‘q.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mutaxassisi sharhi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassisi gulistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq vaziyat tafsilotlarini Ozodlik muxbiridan eshitgach, bunday dedi:

Bir narsa oyday ravshan: o‘quvchi darsga kelmagani uchun o‘qituvchining ish haqidan ushlab qolinmaydi. Bu mutlaqo qonunga zid harakatdir.

“Eng avvalo shuni aytishim kerakki, bu vaziyatga baho berish uchun voqea joyiga borib, odamlar bilan gaplashish, rahbariyat nimaga asoslanganini ko‘rish kerak. Lekin bir narsa oyday ravshan: o‘quvchi darsga kelmagani uchun o‘qituvchining ish haqidan ushlab qolinmaydi. Bu mutlaqo qonunga zid harakatdir”.

XS
SM
MD
LG