Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:26

Hokim ko‘chishga majburlayotgan poplik savdogarlar prezidentdan yordam so‘radi (VIDEO)


Poplik tadbirkorlarning prezidentga murojaatidan olingan kadr.
Poplik tadbirkorlarning prezidentga murojaatidan olingan kadr.

Uch kundan buyon Pop tuman markazidagi dehqon bozori va uning atrofida tinchlik yo‘q: ichki ishlar xodimlari savdogarlarni bozordan haydamoqda, tuman markazi chetida qurilgan yangi bozorga ko‘chishni talab qilmoqda.

Bozordagi vaziyat to‘g‘risida savdogarlardan kelgan bu xabarni Pop tuman hokimligi mulozimi tasdiqladi. Uning aytishicha, bozorni ko‘chirish jarayoni tumanga kelgan viloyat hokimi topshirig‘i bilan boshlangan.

Bozorni ko‘chirish harkatlari boshlangan kuni savdogarlar o‘zlarining prezidentga murojaatini Youtube portaliga joylashtirdi.

“Namangan viloyat, Pop tuman markazida joylashgan sobiq Dehqon bozori tashqarisidagi xususiy savdo do‘konlarini buzishga majburlashmoqda. Savdogarlarni Uyg‘ur qishlog‘i chetida qurilgan bozorga ko‘chirishmoqchi”, deyilgan Ozodlikka kelgan dastlabki xabarda.

Bu xabarni o‘rganish jarayonida savdogarlar uch kun oldin Youtubega “Prezidentga murojaat” joylashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Hammasining qo‘lida kadastr hujjatlari bor. Mana endi bir boyvachcha kelib, buzaman deyapti.

23 daqiqali videoda gapirgan ayollardan birining aytishicha, gap 50 ta do‘kon haqida ketmoqda.”Hammasining qo‘lida kadastr hujjatlari bor. Mana endi bir boyvachcha kelib, buzaman deyapti”, deydi ayol.

Ozodlikka gapirgan yana bir savdogarning aytishicha, “maqsad qishloq chetidagi serhosil ekin maydonining 16 gektariga bozor qurgan xususiy tadbirkorning bozoriga ko‘chirishdir”.

Voqeani videoga olgan fuqarolar tuman ichki ishlar bo‘limiga majburiy ravishda olib ketilgan

Bozordagi vaziyat to‘g‘risidagi dastlabki xabarni Ozodlikka yetkazgan poplikka ko‘ra, "12 mart kuni ko‘chada meva sotayotgan ayolning tovarini militsiya xodimlari sochib yuborgan, bu ish Pop tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Umidjon Eshonov ko‘z o‘ngida bo‘lgan, voqeani videoga olgan fuqarolar tuman ichki ishlar bo‘limiga majburiy ravishda olib ketilgan”.

Ichki ishlar xodimlari “13 martda ham kuch qo‘llagani, odamlarning telefonlaridan voqealar aks etgan surat va videolarni militsiya xodimlari o‘chirib yuborgani” to‘g‘risida Ozodlik 14 martda gaplashgan savdogarlar ham aytdi.

Pop tuman ichki ishlar bo‘limi qo‘ng‘iroqlariga kun davomida hech kim javob bermadi.

Pop tuman hokimi qabulxonasi telefonini ko‘tarib, o‘zini “navbatchi” deb tanishtirgan mulozim 14 mart kuni Ozodlikka tuman markazidagi bozor va uning atrofidagi vaziyatni bunday izohladi:

Viloyat hokimining (Xayrullo Bozorov) o‘zi kelib topshiriq berib ketgan.

“Viloyat hokimining (Xayrullo Bozorov) o‘zi kelib topshiriq berib ketgan. Yangi bozor qurilgan va hamma o‘sha yerga ko‘chib o‘tishi kerak. Bozorchilarni bilasizku, e’tiroz bildiraverishadida...”

Hokimlik navbatchisi “IIB xodimlari kuch ishlatdi, deyishayapti, bunga nima deysiz”, degan savolga javoban “Buni IIBdan so‘rang”, deb kerakli telefonlarni berish bilan cheklandi.

Pop tuman markazidagi bozor bilan bog‘liq voqealar butun mamlakat uchun xarakterlidir.

O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi, yoymachilarning tirikchilik manbaidan judo qilinishi ularning keskin noroziligi manzarasida kechadi.

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil, 27 martdagi "2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatda bozorlar rekonstruksiya qilinmoqda.

O‘zbekistonning boshqa o‘nlab shaharlari bozorlaridagi do‘konlarning yopilishi yoki buzilishi savdogarlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG