Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:38

Prezident safari arafasida Urganchda 16 va 14 yashar opa-singil gazdan zaharlanib o‘ldi


O‘zbekistonda xonadonlarga gaz uzib-uzib berilishi oqibatida fojialar ko‘p bo‘ladi.
O‘zbekistonda xonadonlarga gaz uzib-uzib berilishi oqibatida fojialar ko‘p bo‘ladi.

Xorazm viloyatining Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida 12 martga o‘tar kechasi bir oilaning ikki o‘smir qizi gazdan zaharlanib o‘ldi.

Qo‘shnilarning Ozodlikka aytishicha, prezidentning Xorazmga kelishi munosabati bilan xonadonlarga ogohlantirishsiz kuchli bosimda gaz berilgani sabab gaz sizishi ro‘y ​bergan.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi voqea yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Fojia ro‘y bergan xonadon qo‘shnilaridan biri prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi arafasi xonadonlarga ogohlantirishsiz kuchli bosimda gaz berilgani sabab gaz sizishi ro‘y berganini aytadi.

Fojia ro‘y bergan paytda qizlarning ota-onasi qo‘shnisinikida sumalak tadbirida bo‘lgan.

Kechasi sumalakdan kelib, ahvolni ko‘rgan otasi ham xushidan ketib yiqilib qoldi.

- Shu kuni qo‘shnimiz sumalak pishirdi. Hammamiz shu yerda edik. Bularning uyida pechkasi shlang bilan ulangan bo‘lgan. Kechasi kuchli bosimda gaz berilgan paytda shlang uzilib ketgan. Ikkinchi qavatda yotgan 14 va 16 yoshli opa-singil shu gazdan bo‘g‘ilib o‘lgan. Kechasi sumalakdan kelib, ahvolni ko‘rgan otasi ham hushidan ketib yiqilib qoldi, onasi ham og‘ir ahvolda, hozir kasalxonada, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan qo‘shnilardan biri.

G‘oybu qishlog‘ida yashovchi boshqa oila vakili ham Ozodlikka 12 martga o‘tar kechasi ogohlantirilmasdan kuchli bosimda gaz berilganini aytdi.

Prezident keladigan kundan bir kun oldin, kechasi ogohlantirmasdan kuchli bosimda birdan gaz berildi

- Shu kunlari havo sovuq bo‘ldi. Gaz pasayib, o‘chib qolish holatlari ko‘p bo‘ldi. 8 mart kuni ham gazsiz o‘tirdik. Prezident keladigan kundan bir kun oldin, kechasi ogohlantirmasdan kuchli bosimda birdan gaz berildi, shunda pechka nazoratsiz qolgan bo‘lsa kerak, ba’zida pechka gaz uzilgan paytda ochiq qolib ketadi, - deydi ismi aytilishini istamagan g‘oybulik.

Urganch tumani gaz idorasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi bu iddaolarni rad qilib, fojiaga xonadon egalarining texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani sabab bo‘lganini aytdi.

- Pechka gazga shlang orqali ulangan bo‘lgan. Kechasi shlang uzilib ketgan. Hozir buni Ichki ishlar tekshiryapti, - dedi Urgan gaz idorasi xodimi.

G‘oybu qishlog‘ida 11 mart kuni ro‘y bergan fojia yuzasidan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekiston tumanlarida gaz yetishmovchiligi va gazning tez-tez o‘chirib yoqilishi bois baxtsiz voqealar ko‘p sodir bo‘ladi.

Bunday o‘limlarning deyarli barchasi "aholining texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagani oqibati" sifatida tasniflanadi.

Joriy kuz-qish mavsumining birinchi oyida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan bunday fojialar oqibatida kamida 15 o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi.

Aksar aholi abiiy gazdan uzib qo‘yilgan O‘zbekistonda is gazidan o‘lganlar soniga oid aniq rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmaydi.

Xususan¸ 2018-2019 yillardagi bunday o‘limlar haqida statistika jamoatchilikka ma’lum emas.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 2017 yilda is gazidan zaharlanib o‘lganlar soni 83 nafarni, jabrlanganlar soni 110 nafarni tashkil etgan.

Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi 2019 yilning olti oyida birgina poytaxtda 15 odam is gazidan zaharlanganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG