Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Xalq rassomining o‘g‘li otasi chizgan asarning muzeydan g‘oyib bo‘lib sotuvga chiqqanidan tashvishda


Rassom Ne’mat Qo‘ziboyevning muzeydan g‘oyib bo‘lgan asari
Rassom Ne’mat Qo‘ziboyevning muzeydan g‘oyib bo‘lgan asari

O‘zbekiston xalq rassomi¸ akademik Ne’mat Qo‘ziboyev (1929−2004) 1974 yilda chizgan va o‘sha yili Butunittifoq Lenin muzeyining Toshkentdagi filiali sotib olgan “Lenin Gorkida” asari Olx.Uz savdo-sotiq portalida sotuvga chiqarildi.

Ozodlik Olx.Uz savdo-sotiq portalidagi e’longa qiziqib, portal ma’muriga telefon qilgani ortidan e’lon g‘oyib bo‘ldi.

Sotuv e’loni va Qo‘ziboyev fotosi aks etgan kollaj
Sotuv e’loni va Qo‘ziboyev fotosi aks etgan kollaj

Rassomning o‘g‘li G‘ayrat Qo‘ziboyev otasi chizgan va muzey fondida turishi kerak bo‘lgan asarning 2019 yil oktabridan boshlab savdoga qo‘yilgani tashvishga tushganini 17 mart kuni Ozodlikka bildirar ekan, bunday dedi:

“Balandligi 2 metr, eni bir yarim metrli bu asar Toshkentdagi oddiy oldi-sotdi saytiga qo‘yilganini ko‘rib taajjublandim. Asar Toshkentdagi Tarix muzeyi (sobiq Lenin muzeyi) fondida turishi kerak bo‘lgan davlat mulkiku?! Sotuvchi o‘z e’lonini rus tilida, ammo imlo xatolari bilan yozgan. Gap tuzilishi o‘zbekchani eslatadi. Bu asarni otam chizgan. Eskizlari saqlanib qolgan. Bundan tashqari bu asar fotosi muzey mulki o‘laroq G‘afur G‘ulom nashriyoti chop qilgan “O‘zbek rangtasvirida tarixiy inqilobiy janr” degan kitobda ham chop qilingan. Muzey fondida turishi kerak bo‘lgan asarning shubhali olib- sotarlar qo‘liga tushgani meni jiddiy tashvishga soldi".

Ne’mat Qo‘ziboyevning muzeydan yo‘qolgan asari
Ne’mat Qo‘ziboyevning muzeydan yo‘qolgan asari

Ozodlik Olx.Uz savdo-sotiq portalidagi e’lon bilan qiziqib, portal ma’muriga telefon qilgani ortidan e’lon g‘oyib bo‘ldi.

Portal ma’muri bilan qayta bog‘langanimizda u bu yuzadan izoh bera olmasligini bildirdi.

Ozodlikda Olx.Uz savdo sotiq portalidagi e’lon skrinshoti mavjud.

Sotuv e’loni
Sotuv e’loni

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Tasviriy san’at bo‘limida 1984 yildan to 1988 yilgacha ishlagan va hozirda Isroil davlatida istiqomat qiladigan nafaqadagi san’atshunos ayol, ismi aytilmaslik sharti bilan, bu asar haqidagi ma’lumotlarni Ozodlikka taqdim qildi:

“Marhum Ne’mat Mirzaboyevichning bu asarini juda yaxshi xotirlayman. Asar 1974 yili Toshkentdagi Lenin muzeyi ekspozitsiyasi uchun maxsus davlat buyurtmasi asosida chizilgan edi. Davlat ekspertiza komissiyasi a’zolari bu asarga yuksak baho berishganini ham eslayman.“Lenin Gorkida” asari Ne’mat Qo‘ziboyev yaratgan sara asardir. Bu asar o‘zbek tasviriy san’atida “Lenin” mavzusida yaratilgan mukammal rangtasvir namunasidir. Qo‘ziboyev bu mavzuni boshqa usta rassomlar Reznikov¸ Fadeyev bilan bir qatorda mahorat bilan ochib bera olgan. Asar Toshkent markazidagi muzey eksponati edi. Davlat muzeyiga oid bu asarning sotuvga chiqarilishi jinoyatdan boshqa narsa emas”.

Ўзбекистон халқ рассоми Неъмат Қўзибоев , 1974 yil.
Ўзбекистон халқ рассоми Неъмат Қўзибоев , 1974 yil.

Ozodlik 17 mart kuni O‘zbekiston Tarix muzeyiga telefon qilib bog‘lana olmadi. Koronavirus pandemiyasi bois, muzey yopilgan edi.

Madaniyat vazirligi bilan bog‘lanishning ham imkoni bo‘lmadi.

Yo‘qolgan asar haqida shu kitobda bilgi bor
Yo‘qolgan asar haqida shu kitobda bilgi bor

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin 1992 yili mamlakat muzeylari¸ shu jumladan Butunittifoq Lenin muzeyining Toshkent filiali fondidagi sovet tematikasidagi asarlar “spisat” qilingan, ya’ni badiiy qiymati yo‘q deya muzey fondidan chiqarilgan:

“Lenin¸ Frunze¸ Voroshilov va boshqa sovet dohiylari va umuman sovet tematikasidagi asarlar komissiya qarori bilan badiiy qiymati yo‘q deya 1992 yili muzey fondidan chiqarilgan edi. O‘sha paytda taniqli rassom Grabar mo‘yqalamiga mansub asarni Toshkentdagi ZAGS binosidan 20 dollarga sotib olishganini eslayman. Rasmda Lenin va Krupskaya aks etgan edi. Spisat qilib hisobdan chiqarilgan asarlarni kimdir avaylab olib qo‘ydi. Aksariyat asarlar chetga chiqarildi. Sovet va Lenin temasidagi xolstlar savdosi bilan shug‘ullanadigan katta shirkatlar bor Rossiya va Ukrainada. Qo‘ziboyevning asari ham shu tarzda muzeyni tark qilgan deb o‘ylayman. Bu holatda jinoyat tarkibi bor yo‘qligi bilan prokuratura shug‘ullanishi kerak deb o‘ylayman".

Muzeydagi asarning ilk eskizi Qo‘ziboyevlar oilasida saqlanadi
Muzeydagi asarning ilk eskizi Qo‘ziboyevlar oilasida saqlanadi

Leninlar qayga yo‘qoldi

Ozodlik 2017 yilda Markaziy Osiyoda o‘rnatilgan ilk Lenin haykali yo‘qolgani haqida yozgan edi.

2017 yili ta’mir bahonasida talon-toroj qilingan Nurillaboy saroyi oldiga 1924 yilda Xorazm Xalq respublikasi tarafidan o‘rnatilgan Lenin haykali 1991 yili olib tashlangan edi.

SSSR xalq rassomi Sergey Merkurov (1881 -1952) yaxlit qizil granitga o‘yib ishlagan Lenin haykali O‘zbekiston Madaniyat vazirligining davlat muhofazasida bo‘lgan eksponatlari ro‘yxatida qolmoqda.

Ozodlik bilan 2017 yili suhbatlashgan Madaniyat vazirligi mulozimi ta’kidicha¸ siyosiy tarafdan istalmagan, deya topilmagan asarlar yo‘q qilinmasdan vazirlikka oid ko‘rgazmalar direksiyasi omborida saqlanmoqda:

- Xivadagi Lenin haykali Merkurovga oid asar va eksponat sifatida saqlanmoqda. Hukumat uchun Lenin yomon bo‘lishi mumkin¸ lekin men shaxsan Leninni yomon demayman. Stalin¸ Brejnev va Lenin haykallari va ular aks etgan rangtasvir asarlar O‘zbekiston muzeylarida saqlanib turibdi¸ - degan edi suhbatdosh.

Ozodlik surishtiruvi asnosida Nurillaboy saroyi oldiga o‘rnatilgan granit haykal ko‘rgazmalar direksiyasi omborida ham, Xiva Ichan-Qal’a muzey qo‘riqxonasi zahirasida ham yo‘qligi aniqlangan edi.

Xivalik huquq himoyachisi Hayitboy Yoqubovning aytishicha¸ Lenin haykalini 1991 yili mahalliy tadbirkorlardan biri - tadbirokorning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum- o‘z hovlisiga olib ketgan:

- O‘sha tadbirkorning uyida turibdi bu haykal. Lekin u olamdan o‘tdi yaqinda. Bu haykalni sotishga ko‘p urinishlar bo‘ldi. Lekin nimadir bo‘lib sotilmay qoldi¸ - deydi Yoqubov.

Sovet monumental haykaltaroshligining taniqli vakili bo‘lgan Merkurov asarlari jahon bozorida katta qiymatga ega.

Ozodlik o‘zbek muzeylaridagi talon-torojliklar haqidagi o‘z surishtiruvini davom ettiradi.

XS
SM
MD
LG