Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:19

Koronavirusga qaramay O‘zbekistonda to‘ylar o‘tkazilmoqda, to‘yxonalar aprelga ham buyurtma olyapti


Hukumat to‘ylarni to‘xtatmadi, lekin taqiq qo‘yilishidan qo‘rqib, ayrimlar aprelga mo‘ljallagan to‘ylarini martga ko‘chiryapti.

Ayni paytda to‘yxonalar aprel uchun to‘yga buyurtma olishni davom ettiryapti.

Ozodlik muxbiri mamlakatning bir nechta hududi bilan bog‘lanib, to‘ylar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.

Toshkent

Toshkentdagi to‘yxonalardan birida 1 aprel kuniga rejalangan nikoh to‘yi 31 martga ko‘chirildi.

Ismini ochliqlamayotganimiz toshkentlikka ko‘ra, o‘g‘lining to‘yini to‘yxona egasining tavsiyasi bilan bir kun oldinga surgan:

“To‘yxona egasi koronavirus sabab 1 apreldan boshlab to‘yxonalar yopilishidan xavotir bildirdi. Shuning uchun to‘yni 31 martga ko‘chirdik”.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan boshqa bir toshkentlik ham aprelga mo‘ljallagan to‘yini martga ko‘chirish harakatida ekanini aytdi:

“Hali biz kunini belgilaganimiz yo‘q. O‘g‘limizni uylantiryapmiz. Qudalar bilan kelishib, ro‘zadan oldin o‘tkazib olarmiz degandik. Lekin koronavirus sabab har kuni bir narsa taqiqlanyapti. Shunga qo‘rqqanimizdan, tezroq o‘tkazib olmoqchi edik. Lekin bo‘sh to‘yxona topa olmayapmiz, hammasi band. Hali umidimizni uzganimiz yo‘q. Bugun yana bitta to‘yxona bilan gaplashishga boramiz. Balki o‘xshab qolar”.

Ayni paytda Toshkentdagi to‘yxonalar aprel uchun ham to‘yga buyurtma olishda davom etyapti.

Ozodlik mobil muxbiri poytaxtdagi “Afro‘z”, “Versal”, “Mumtoz”, “Karomat”, “Sayohat” va “Tinchlik” to‘yxonalari bilan bog‘landi.

“Men gaplashgan hamma to‘yxona aprel uchun to‘ylarga buyurtma olyapti. Hech qanday cheklov yoki taqiq yo‘q. Faqat to‘y qatnashchilari soni 200 nafargacha¸ oshga esa¸ 250 nafargacha bo‘lishi shartligini aytishdi. Bu yangi tartib, butun mamlakat bo‘yicha to‘yxonalar bundan ortiq odam ololmaydi”, dedi mobil muxbir.

Buxoro

Buxorolik qizning aytishicha, qarindoshlari 25 martga to‘y belgilagan:

“O‘zbekistonda koronavirus tarqala boshlagach, qarindoshlarim orasida o‘zini ehtiyot qilish uchun samoizolyatsiya qilib, uyidan chiqmay o‘tirganlar ham bor. Menam shular qatorida. To‘y qilayotgan qarindoshimiz esa Rossiyada ishlab, to‘yiga pul yiqqan. Harajatlarini olib qo‘ygani uchun to‘yni to‘xtatishga ko‘zi qiymayapti. Lekin samoizolyatsiyada o‘tirgan qarindoshlarim to‘yga ham kelishmaydi. O‘zim ham bormoqchi emasman, chunki to‘yda hamma bir-birini quchoqlaydi, o‘pib ko‘rishadi, bitta stolda o‘tirib, ovqatlanadi. O‘rtada o‘ynaganda ham hamma bir-biriga juda yaqin bo‘ladi. Shuning uchun men bormayman”.

Xorazm

Urganchda yashovchi ota-bola to‘ylarda tasvirchilik qilib, tirikchilik qiladi.

Anonim qolishni istagan urganchlik otaga ko‘ra, o‘g‘li ikkalasining har kuni to‘yga buyurtmasi bor.

“Kecha o‘zim bitta to‘yga, o‘g‘lim boshqa to‘yga bordik. Kecha men borgan to‘yda 200ga yaqin odam bor edi. Bu koronavirus Xorazm to‘ylariga umuman ta’sir qilmadi. To‘ylarimiz oldingiday o‘tyapti. Bozorlarda bir-ikki odam maskada yuribdi, lekin to‘ylarga hamma yasanib, kelgan, hech kimda maska ham yo‘q. Bugun yana 2 ta to‘yimiz bor”, dedi urganchlik tasvirchi.

Farg‘ona

Mustaqil jurnalist va bloger Bahodirxon Eliboyevning Ozodlikka aytishicha, Rishtonda ham to‘ylar avjida:

“Bizda hech qanaqa vahima yo‘q. To‘ylarimiz oldingiday o‘tyapti. O‘tgan kuni bitta to‘yga bordim. To‘yxonada xizmat qilib yurganlarning hammasi maskada. Lekin to‘yga kelganlarning birortasida ham maska yo‘q edi”.

Samarqand

Telefon orqali bog‘langanimiz samarqandlik yigit viloyatdagi to‘ylar bilan bog‘liq vaziyatni shunday tasvirladi:

“To‘ylar kam, lekin to‘xtamadi. Bizda o‘zi to‘y sezon maydan boshlanadi. O‘zim yaqin orada to‘yga bormadim. Lekin do‘stlarim orasida to‘yda boshlovchilik qiladiganlari ko‘p. Ular har kuni to‘ylardagi suratlarini Instagramga qo‘yishyapti. Shundan bilamanki, to‘ylarimiz oldingiday o‘tyapti”.

****

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi sabab:

Jumladan,

  • 16 martdan barcha davlat va nodavlat ta’lim muassasalari - maktablar, oliy o‘quv yurtlari va bog‘chalar yopildi.
  • Barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, Navro‘z tadbirlari bekor qilindi.
  • Massaj salonlari; diskotekalar, diskobarlar; bolalar o‘yin zallari yopildi.

Lekin hukumat to‘ylarni biror ko‘rinishda cheklamadi.

Prezident 17 mart kuni imzolagan to‘ylar bilan bog‘liq qonun esa 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Yangi qonunga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkazish¸ ularga ko‘pi bilan 200 nafargacha¸ oshga esa¸ 250 nafargacha mehmon chaqirish¸ to‘y tadbirlarida 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan foydalanmaslik kabi cheklovlar o‘rnatildi.

Endilikda to‘yga 200 dan oshiq mehmon chaqirgan mezbon $200, to‘yxona esa $600 dan ko‘proq jarima to‘laydi.​

XS
SM
MD
LG