Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:20

Taniqli qiziqchilar reklama qilgan mashina sotuvchi shirkat firibgarlikda gumon qilinmoqda


TV dagi reklamadan ko‘rinish
TV dagi reklamadan ko‘rinish

Toshkent viloyat, Angren shahrida joylashgan Avto ideal xizmat shirkati ustidan huquq-tartibot organlari joriy oy boshida tekshiruv boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent viloyat IIB mulozimining Ozodlikka aytishicha, avtomobil kalitini 7 oyda topshirishni va’da qilib, mijozlar pulini olgan shirkat ustidan ulardan tushgan o‘nlab shikoyatni prokuratura o‘rganmoqda.

Mijozlarning ba’zilari yetti oy oldin pul berganini Ozodlikka aytdi.

Mulozimning bildirishicha¸ Avto ideal xizmat boshlig‘idan ehtiyot chorasi sifatida shaharni tark etmaslik haqida tilxat olingan.

Mulozim shirkat mol-mulki va hisob raqmlariga band solinganmi-yo‘qligini bilmasligini aytdi.

Shirkat vakillari firibgarlik jinoyati sodir qilganlikda gumonlanmoqda.

Avto ideal xizmat shirkati taniqli so‘z ustalari Mirzabek Xolmedov va Shukrullo Isroilov ishtirokida suratga olingan reklamalarni “Milliy TV ” telekanalida muntazam namoyish qilib borgan.

Bu reklamaga ishonib, millionlab so‘m pulini Avto ideal xizmat shirkatiga topshirganidan 7 oy o‘tib ham, na pulini va na mashinani ola olgan mijozlar Ozodlikka shirkat vakillari bilan janjali aks etgan videolarni yubordi.

Videoda pulini ola olmagan mijozlarga shirkat rahbarining “qayerga borsang bor, olgan videotasviring guvohlikka o‘ta olmaydi” deya o‘shqirgani aks etadi. Videoda kamida uch nafar shirkat vakili va 20 ga yaqin pulini ola olmagan mijozlar ko‘rinadi. Bundan tashqari Avto ideal xizmat shirkati binosi oldida norozilik piketi qilib turgan odamlar aks etgan videotasvir ham Ozodlikda bor.

Ozodlik bilan suhbatlashgan angrenlik 48 yashar mijoz Samir Najibullayev mollarini sotib pulini Avto ideal xizmat ga olib kelib topshirgani ortidan hech vaqosiz qolganidan shikoyat qildi.

“Xurmatli artistlarimiz o‘z og‘izlari bilan aytib turgandan keyin ishonib kelavergandim. "Spark"ning puliga "Malibu" olasiz deb Mirzabekni o‘zi televizorga chiqib aytdi. Mana 7 oy bo‘ldi sarsonman ",- deydi angrenlik mijoz.

"Reklamani ko‘rsatgan emas, bergan aybdor"

“Milliy TV ” umummilliy telekanali reklama bo‘limining Ozodlik bog‘langan xodimi reklama mazmuni uchun reklama beruvchi mas’uliyatli bildirdi:

“Reklama to‘g‘risidagi qonunning 8- moddasiga ko‘ra, reklama beruvchi shirkat bizga reklamadagi axborotining ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilgan. Avtokredit berish borasidagi tegishli litsenziyani ham taqdim qilgan. Reklama beruvchi shundan keyin xalqni aldab pulni olgan bo‘lsa, uning o‘zi javobgar”.

"Xizmat doirasidan tashqarida"

Ozodlik Angren shahar Ohangaron ko‘chasidagi Avto ideal xizmat shirkatining e’londa ko‘rsatilgan ikkala telefon raqamiga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi va har gal telekom operatorining “Mijoz xizmat doirasidan tashqarida” degan javobini eshitdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan shirkat mijozi¸ pulini yo‘qotsa ham yumor tuyg‘usini yo‘qotmagan Najibullayev "Ular allaqachon Kanada chegarasigacha yetib olgan" deya mutoiba qildi.

Toshkent viloyat IIB vakili Ozodlik bilan suhbatda shirkat vakillari ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 188−1-moddasi 1-qismi (Pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bo‘yicha surishtiruv olib borilayotganligini bildirdi.

Mulozimga ko‘ra¸ ishni ma’muriy sud ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Avto ideal xizmat shirkatining “chuv tushgan” mijozlari esa, shirkat mansabdor shaxslari ishi ma’muriy sudga oshirilishidan xavotir bildirishdi. Angrenlik mijoz ayol Ozodlik bilan suhbatda "yuzlab aholining milliardlab so‘mini o‘zlashtirganlar ishini jinoiy sud ko‘rishi kerak" dedi.

Firibgariston?

Avtokredit bilan bog‘liq va umuman xar xil moliyaviy piramida firibgarliklaridan jabrlanganlar manfaatini himoya qilib keladigan huquqshunos Oybek Narzullayevning Ozodlikka aytishicha¸ so‘nggi paytda “mashinani kelgusida olib berish” va’dasi bilan odamlarni aldash ko‘paygan:

“Avtokredit bilan bog‘liq o‘nlab shirkatlar aslida xalqni aldab pulini o‘zlashtirish sxemasiga asoslangan loxotrondir. "10 million bering 7 oyda mashina olasiz" deydi. Ammo 7 oydan keyin bu shirkatni chiroq yoqib ham topa olmaysiz. Oldin pul keyin mashina degan sxema asosida ish yuritgan Avto oltmish oy shirkati ustidan ochilgan jinoyat ishi odamlarga dars bo‘lmadi".

Besh yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan mashina sotishni va’da qilgan Avto oltmish oy shirkati bor-yo‘g‘i 4 oy ichida 18 ming 818 nafar mijozdan 57 mlrd 412 mln so‘m olgan. Bu haqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov qo‘mitasi vakillari 2 mart kuni Toshkentda o‘tgan brifingda ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, shu kunlarda odamlarga tuyaqush¸ avtomobil¸ timsoh bolasi keltirib beraman, deb aldab, pulini olgan shirkatlar ustidan sud davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG