Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:35

Ishsiz qolgan "damaschi"lar ijaraga olgan ulovlarini topshirmoqda


"Damas"lar O‘zbekistonning aksar shaharlari transport tizimining ajralmas qismi bo‘lgan.
"Damas"lar O‘zbekistonning aksar shaharlari transport tizimining ajralmas qismi bo‘lgan.

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida 27 martdan viloyatlararo avtobus va mashina qatnovi taqiqlandi.

Bu cheklov ortidan avtobus va Damaslarda yo‘lovchi tashish bilan ro‘zg‘or tebratib kelgan haydovchilarning Ozodlikka aytishicha¸ ko‘p haydovchilar ijaraga olgan avtoulovlarini egalariga topshirishni boshlagan.

O‘zbekistonda ishsizlik va maoshlarning kamligi bois mashinasi borlar o‘z ulovida, yo‘qlar esa boshqalar mashinasini ijaraga olib odam tashish orqali tirikchilik qiladi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan kirakashlar halokatli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha hukumat choralarini qo‘llab-quvvatlashlarini aytadi.

Ayni paytda oilasini boqish uchun yagona tirikchilik manbaidan ayrilgan haydovchilar og‘ir qiyinchiliklarga yuz tutayotganliklarini yashirishmaydi.

Andijonlik 35 yoshli Tohirning aytishicha, u yetti yildan buyon Andijon-Toshkent orasida yo‘lovchi tashib kelgan va kirakashlik uning oilasi uchun yagona tirikchilik manbai bo‘lgan.

Tohir hukumatning masofalanish bo‘yicha choralarini qo‘llab-quvvatlasa-da, og‘ir kunlarga tayyor bo‘lmaganini aytadi.

- Kuniga 80 ming so‘mga ijaraga "Damas" olib odam tashib oila boqib keldim. Ijara, gaz puli, "Daryotrans" litsenziyasiga ketadigan xarajatni hisoblamaganda kuniga 100-150 ming so‘m ro‘zg‘orga kelib turuvdi. Mana bugundan qatnov to‘xtadi. "Damas"ni topshirdik, chunki behuda arenda puli to‘lab o‘tirmaysizku. Buyog‘iga nima bo‘ladi, hayronmiz. Karantin qanchaga cho‘zilishini bilmaymiz. Agar uzoqqa cho‘zilsa¸ ahvolimiz chatoq bo‘ladi. Chunki asosiy tirikchiligimiz "Damas" hisobiga bo‘lgan.

Suhbatdosh o‘zi tanigan-bilgan kirakashlar ham ijaraga olgan ulovlarni topshirayotganini aytadi.

- Shaharda Ismatilla aka degani bor. Saksondan ortiq mashinasi bor, arendaga beradi. Unaqa Ismatilla akalardan qanchasi bor. Ularning biznesi ham kuydi. Hamma topshiryapti. Ijaraga beruvchilar mashinalarga qo‘yar joy yo‘qligidan, ijara pulini to‘lamasalaring ham mashinani uylaringga qamab turinglar, deyapti. Ko‘chada "Damas" ko‘rmaysiz, 6 million so‘m shtrafi bor, - deydi andijonlik kirakash.

O‘zbekistonda shaharlararo va ichki yo‘nalishlarda kirakashlik bilan shug‘ullanuvchilar soni haqida statistik raqamlar yo‘q.

Jizzax-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi kirakashning aytishicha, Toshkentning "Olmazor" (sobiq "Sobir Rahimov") metro bekati yonidagi avtoturargohdan janubiy viloyatlarga kuniga 500 dan ortiq "Damas" yoki boshqa turdagi mikroavtobuslarda yo‘lovchi tashilgan.

- Hozir Sobir Rahimovdagi avtostoyanka yopiq, kuniga o‘sha yerdan 500 ta mashina turardi. Jizzaxga, Samarqandga qatnardi. Hammasi ishsiz hozir, - deydi toshkentlik haydovchi.

Hyundai mikroavtobusini ijaraga olib Urganch-Toshkent orasida yo‘lovchi tashib kelgan Aminboy ham karantin cheklovlari bois ishsiz qolganini aytadi.

- Bitta reysda yarim million so‘m yonimizga qolib turuvdi. Mashinani topshirdik. Yuk mashinalarga ruxsat bor ekan, yuk qatnaylik desak, litsenziyamiz yo‘q. Hozircha, ozgina orttirgan pulimizni yeb yotibmiz. Hammaning boshiga kelgan to‘y, deb sabr qilib o‘tiribmiz. Agar davlat yordam berib tursa, yaxshi bo‘lardi, - deydi Aminboy.

O‘zbekistonda koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida 27 mart soat 10:00 dan boshlab viloyatlararo harakatlanish barcha transport vositalari (yengil avtotransport, avtobus, avia va temir yo‘l) uchun to‘xtatilganligi ma’lum qilindi.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, yuk tashuvchi transport vositalari bundan mustasno.

Bungacha Namangan, Andijon, Guliston, Qarshi, Navoiy, Buxoro va Samarqand shaharlariga kirish va chiqishda cheklovlar o‘rnatilgan, shuningdek, Surxondaryo viloyati transport vositalari kirishi uchun yopilgandi.

XS
SM
MD
LG