Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:20

Rossiyalik taniqli faollar deportatsiya lagerlaridagi muhojirlarni ozod etishni so‘radi


 Chelyabinskdagi SVSIGda saqlanayotganlarga berilgan tushlik.
Chelyabinskdagi SVSIGda saqlanayotganlarga berilgan tushlik.

Bir guruh taniqli rossiyalik huquq faollari Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazlarida (SVSIG) deportatsiya qilinishini kutayotgan mehnat muhojirlarini ozod qilish talabi bilan chiqdi.

Faollar Moskva rasmiylari diqqatini SVSIGda qolayotgan migrantlar hayoti va sog‘ligi xavf ostida ekaniga qaratdi.

29 mart kuni rossiyalik qator huquq himoyachilari va advokatlar deportatsiya markazlarida saqlanayotgan chet el grajdanlarini ozod etish talabi bitilgan maxsus murojaatnoma e’lon qildi.

Murojaatnoma mualliflari fikricha¸ shunday qilish Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazlarida (SVSIG) saqlanayotganlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Dunyoning qator davlatlarida koronavirus infeksiyasidan himoyalash maqsadida mahkumlarning ozodlikka chiqarilayotganini ta’kidlagan faollar¸ deportatsiya lagerlaridagi muhojirlarning zudlik bilan ozod etilishi lozimligini aytadi.

- Bu qaror favqulodda tartibda byurokratik sansalorliksiz SVSIGlarda ushlab turilgan odamlarning hayoti va sog‘ligini himoya etish chorasi o‘laroq qabul qilinishi lozim. Zotan¸ bu joylarda yetarli himoya tizimi va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yo‘q, deyiladi xatda.

Moskva hukumatiga qilingan murojaatnomaga Svetlana Gannushkina, Aleksandr Cherkasov, Lev Ponomarev, Lidiya Grafova, Olga Seytlina, Daniil Kashnitskiy, Stefaniya Kulayeva va boshqa taniqli huquq himoyachilari va advokatlar ¸ shuningdek¸ "Memorial”, “Inson huquqlari uchun” harakati, Ko‘chish-ko‘chirish tashkilotlari forumi va “Memorial” Diskriminatsiyaga qarshi markazi tashkilotlari imzo qo‘ydi.

Himoyachilar o‘z talabnomasida Rossiya Konstitutsiyaviy sudining 2017 yil 23 may kuni chiqargan qaroridan iqtibos keltirdi. Bu qarorda xorij fuqarosini deportatsiya markazidan badarg‘a qilish imkoni yo‘q bo‘lgan vaziyatda, uni ozod etish lozimligi aytilgan.

“Aks holda bu shaxsning izolyatorda saqlanishi “noqonuniy ozodlikdan mahrum etish” deb ataladi”, deyiladi Rossiya Konstitutsiyaviy sud hukmida.

Ochiq maktubga qo‘l qo‘ygan huquq faollari muhojirlarning SVSIGlardan chiqarib yuborilishi koronavirus epidemiyasining Rossiyada keng tarqalishiga qarshi choralardan biri bo‘lishini ham qayd etadi.

Murojaatnoma mualliflari o‘z talablari Yevropa Kengashining Inson huquqlari masalalari bo‘yicha komissari Dunya Miyatovichning turli migratsiya markazlarida ushlab turilgan shaxslarni ozodlikka chiqarish so‘roviga monand ekanini ta’kidlagan.

Bundan oldinroq, Rossiyadagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyat taraqqiyoti Kengashi rasmiysi Tatyana Merzlyakova ham deportatsiya markazlarida yosh bolali ayollar va keksalar saqlanayotgani, u yerdagi vaziyatning murakkablashib borayotganini xabar qilgan edi.

Rossiyaning har bir o‘lkasida mavjud Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazlarida (SVSIG) mamlakat hududida migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklar sud qarori bilan ushlab turiladi.

Bugunga kelib Rossiyaning 85 mintaqasidan 78 tasida shunday maxsus priyomniklar mavjud va bu yerda saqlanayotganlar orasida o‘zbekistonliklar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatdan chiqib keta olmagan muhojirlarning yashash joyi bo‘yicha qaydi va ishga ruxsatnomasi muddati uzaytirilishini e’lon qilgandi.

Rossiya politsiyasi rahbariyati o‘z xodimlaridan muhojirlarni qoidabuzarlikda ayblab¸ ularni "ovlashni" bas qilishni talab qilgan.

XS
SM
MD
LG