Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:33

Karantindagi Andijon prezident tashrifi oldidan yana bo‘yab-bezalmoqda


Prezident tashrifiga ko‘cha bo‘ylariga gullar ekilmoqda
Prezident tashrifiga ko‘cha bo‘ylariga gullar ekilmoqda

Andijonning koronavirus infeksiyasi tarqashini to‘xtatish maqsadida yopilib¸ shaharda karantin rejimi o‘rnatilganiga qaramay¸ keyingi bir hafta ichida shahar va uning atrofida yuzlab odam keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash ishlariga jalb etilmoqda.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyat ahli prezident Mirziyoyevning payshanba kunga belgilangan tashrifiga hozirlanmoqda.

Ozodlikka kelgan xabar¸ surat va videolardan prezident borishi taxmin qilingan ob’ektlar va markaziy ko‘chalar, bozorlar hududlarida obodonlashtirish ishlari ketayotgani ko‘riladi.

Shuningdek, bir yil avval qurilishi boshlangan “Andijon farm” erkin iqtisodiy zonasida prezident tashrifiga kechayu kunduz tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Hokimlik: Prezident “Malika” laboratoriyasi ochilishida qatnashadi

Andijon viloyat hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi prezident Mirziyoyev “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasidagi ilk zavodning ochilishida qatnashish uchun kelayotganini bildirdi.

“Andijon-farm” - Andijon tumani, Xortum qishlog‘i Jevachi mahallasi hududidagi 52 gektar maydonda bir yil avval tashkil qilingan.

O‘tgan yilning 14 yanvar kungi prezident farmonida loyihani amalga oshirishda hind investorlari ko‘magiga tayanilishi qayd qilingan.

Shuhrat Abdurahmonov Dehlida shartnoma imzolash payti.
Shuhrat Abdurahmonov Dehlida shartnoma imzolash payti.

Farmondan 3 kun o‘tib, Hindistonga shaxsan sayohat qilgan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Taj pharmaceuticals limited kompaniyasi bilan 10 million dollarlik shartnoma imzolanganini xabar qilgan edi.

Abdurahmonovning Feysbukdagi sahifasida 2019 yilning 17 yanvar kuni e’lon qilingan xabarda hind shirkati bilan hamkorlikda o‘tgan yilning o‘zidayoq qo‘shma korxona tashkil qilinishi va’da qilingan edi.

Shuningdek, “Andijon-farm” hududida 2019-2020 yillar ichida Gold Grown Pharma va Makro Farm Andijan firmalari umumiy qiymati 1 trln 20,6 mlrd so‘m miqdoridagi (xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 mln dollarlik) yangi farmatsevtika loyihalarni ishga tushirishi rejalangan edi.

Viloyat hokimligiga yaqin va “Andijon-farm” zonasidagi qurilishlardan yaxshi xabardor tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda hozircha va’da qilingan loyihalardan faqat bitta laboratoriya qurilishi bitkazilganini bildirdi.

“Farm zonada (“Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasining xalq tilida aytilishi. Tahr.) atigi bitta zavod bitdi. “Malika labaratorius” qurib bitkazildi. Lekin hali faoliyat boshlaganicha yo‘q. Ko‘pchilik zavodlarning qurilishi chala tashlab qo‘yilgan. Devorini ko‘tarib qo‘ygan, chala yotibdi. Hozir prezident kelishiga ura-sol qilib, tashqarisini to‘g‘rilashyapti. Karantinga qaramay¸ kechasi bilan shahar tinchimayapti. Farm zonaning hammayog‘ini tozalab, oqlayapti. Tashqi fasadni bezashyapti¸ xolos. O‘zi Farm zonani hokimning tanishlari bo‘lishib olgan”, dedi xavfsizlik bois o‘zini oshkor qilmaslikni so‘ragan andijonlik tadbirkor.

Prezidentning Andijonga tashrifi arafasida 30 mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov “Andijon-farm” bo‘yicha yangi qaror imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi 10 million dollarlik bo‘lib, uni ikki yil ichida amalga oshirish va 400 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalangan.

Mirziyoyevning Andijon safari mamlakatda koronavirus tarqashini to‘xtatish maqsadida karantin boshlanganidan beri prezidentning viloyatlarga ilk tashrifi bo‘ladi.

Prezident tashrifiga hozirlik

Andijon aeroportidan shaharga olib boruvchi yo‘l – Haqan qishlog‘i, Chem mahallasi hududidan o‘tuvchi markaziy ko‘chalarda bir necha kundirki, tozalash va obodonlashtirish ishlari ketyapti.

Chem mahallasidagi ko‘chada yo‘l bo‘yi tozalanmoqda
Chem mahallasidagi ko‘chada yo‘l bo‘yi tozalanmoqda

Ozodlikka voqea joyidan jo‘natilgan suratlarda belkurak va supurgi ushlagan o‘nlab odamning yo‘l yoqasida ishlayotgani aks etgan.

Suratlarga 30 mart sanasi muhrlangan, suratlar muallifi rasmlarni aynan Chem mahallasi hududida olganini aytdi.

“Halqa yo‘li, Bog‘ishamol, Chem mahallasining aeroport yo‘lidagi ko‘chalarni tozalashmoqda. Obodonlashtirish xodimlari va oddiy odamlar ham bor. Karantin paytida ularni ishlatish mumkinmi o‘zi?”.

Bu andijonlikning aytishicha, 31 mart kuni ham ayni holatning guvohi bo‘lgan.

Chem mahallasidagi yo‘l bo‘yi tozalanmoqda. Surat 30 mart kuni olingan.
Chem mahallasidagi yo‘l bo‘yi tozalanmoqda. Surat 30 mart kuni olingan.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolishni so‘ragan Andijon viloyat hokimligining Ozodlik bog‘langan xodimi prezident Mirziyoyevning Andijonga tashrifi joriy haftaning payshanba kuniga rejalanganini aytdi:

“Agar biror o‘zgarish bo‘lmasa, prezidentimizning payshanba kuni kelishi aytildi. Aniq ma’lumotni hokim va uning o‘rinbosarlari biladi. Bizga tayyorgarlik ishlarini tezlashtirish aytildi”, dedi hokimlik xodimi.

Bu mulozim karantin paytida majlisbozliklar taqiqlanishiga qaramay¸ Andijonda majlislar to‘xtamayotganini ham prezident tashrifiga tayyorgarlik bilan bog‘ladi.

Prezident tashrifi haqida Telegramdagi “Andijon yangiliklari” kanali ham xabar qildi.

Prezident tashrifiga Andijonning “O‘zbegim” mahallasidagi 16 qavatlik namunaviy uy qurilishini tugatish ishlari ham tezlashgan.

“O‘zbegim” mahallasidagi tayyorgarlik. Surat 30 mart kuni olingan
“O‘zbegim” mahallasidagi tayyorgarlik. Surat 30 mart kuni olingan

Ushbu mahallada yashovchilardan biri Ozodlikka bog‘lanib, tayyorgarlik ishlari aks etgan suratlarni yo‘lladi.

“Andijon shahrining “O‘zbegim” mahallasi, “Musayev” ko‘chasidagi qurilishlar tasvirlangan bu yerda. Muhtaram prezidentimiz kelishiga tayyorlanishmoqda. 16 qavatlik namunaviy uy, uning yonidagi binolar hammasini ustalar ta’mirlashmoqda. Ko‘chalarda obodonlashtirish ishlari ketyapti. Biz karantinda o‘tiribmiz. Lekin shahar va tumanlarda barcha idoralar prezident kelishiga ishchilarini ko‘chaga haydagan”.

Prezident safari arafasida Ozodlikka yuborilgan boshqa suratlarda ham Fayzabod- Marhamat yo‘li bo‘yidagi uylarning fasadi bezatilayotgani, yo‘l bo‘yiga gullar ekilayotgani aks etgan.

Karimovdan qolgan "an’ana"

O‘zbekistonda prezidentning viloyatlarga tashrifidan oldin ob’ektlarni chiroyli ko‘rsatish harakatlari marhum Islom Karimov davridan qolgan "an’ana".

O‘sha paytda bu tadbirlarga Bosh vazir sifatida bosh-qosh bo‘lgan Mirziyoyev tashrifiga ham ayni shunday hozirlik ko‘rish davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG