Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:30

Ayrim banklar xorij bilan pul o‘tkazmalarini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi


Xorijdagi aksar o‘zbek talabalari ota-onasi jo‘natgan pul evaziga o‘qiydi.
Xorijdagi aksar o‘zbek talabalari ota-onasi jo‘natgan pul evaziga o‘qiydi.

Uch kundirki, mamlakatdagi ayrim banklarda pul o‘tkazish tizimi ishlamayapti.

Oqibatda¸ xorijda o‘qiyotgan farzandlariga pul jo‘nata olmayotganlar yoki xorijda ishlayotgan oila boquvchisidan pul kutayotganlar mushkul vaziyatga tushib qolgan.

Markaziy bank mulozimi ayrim banklardagi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq holatni "texnik muammo" deya izohladi.

Toshkentlik Nargiza ikki kundan beri eri Amerikadan jo‘natgan pulni bankdan ololmayapti.

“Ikki bolam bor. Erim Kaliforniyada ishlaydi. Karantin boshlanishidan oldin erim bizga 200 dollar jo‘natdi. Bolam kasal bo‘lib, bir necha kun bankka bora olmadim. Kecha "Hamkorbank"ka borsam, “perevodlar ishlamayapti” dedi. Bugun borsam yana shu ahvol. Uyimiz yonida boshqa bank yo‘q. Birinchidan, karantin sabab uzoqdagi banklarga bora olmayman. Ikkinchidan, yosh bolalarim bilan ko‘chada yurishga qo‘rqaman, virus yuqishi mumkin. Menga pul juda zarur. O‘zi erim ishi yurishmay, bir oycha pul jo‘natmagandi. Hozir umuman pulimiz qolmadi. Nima qilishimni bilmayapman”.

Rossiyaning Ufa shahrida o‘qiyotgan termizlik yigitning ota-onasi ham uch kundirki, o‘g‘liga pul jo‘nata olmayapti.

Talaba yigitning Ozodlikka aytishicha, Termizdagi banklar pul jo‘natmalarini qabul qilmayotgani sabab u pulsiz o‘tiribdi.

“Uydagilar dushanba kuni Termizdagi "Aloqabank"ka borishgan. Bankdagilar “perevod ishlamayapti”, deb qaytarib yuborishgan. 3 kundan beri Termizdagi boshqa banklarga ham kirib chiqishdi. Lekin pul jo‘nata olishmayapti. O‘zbekistondan uchta kursdoshim bor bu yerda, ular ham uyidan pul ololmayapti. Bittasining akasi Rossiyada ishlaydi, unga akasi pul jo‘natdi. Lekin ikkalamizning hech kimimiz yo‘q bu yerda. Mayli hozir qarz olib eplarmiz. Lekin perevod ishlamasa, keyin nima qilamiz?

Ozodlik muxbiri "Hamkorbank" filiallaridagi telefon qo‘ng‘iroqlariga hech kim javob bermagach, bankning rasmiy sayti orqali bank konsultantiga onlayn murojaat qildi.

“Xorijga pul jo‘natsa bo‘ladimi?” degan savolimizga "Hamkorbank" konsultanti “Afsuski, hozirda 31 martdan boshlab 6 aprelgacha pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilgan” deya javob berdi.

"Hamkorbank" konsultanti bilan onlayn yozishma skrinshoti. 1 aprel 2020 yil
"Hamkorbank" konsultanti bilan onlayn yozishma skrinshoti. 1 aprel 2020 yil

"Hamkorbank" konsultanti qo‘shimcha ma’lumot uchun bankning Telegramdagi sahifasiga kirishni maslahat berdi.

Bankning Telegram sahifasida ham xalqaro pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilgani e’lon qilingan.

Jumladan, "Hamkorbank" 31 mart kungi Telegram postlaridan birida xalqaro pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilgan paytda, bank ofisiga tashrif buyurmagan holda, chet elga pul jo‘natish bo‘yicha "layfxak” haqida yozgan.

Ozodlik "Aloqabank"ning Surxondaryo bo‘limi bilan ham bog‘lanib, pul o‘tkazmalari borasida so‘radi.

Bankning o‘zini tanishtirmagan xodimi Western Union tizimi ishlayotgani, biroq “Zolotaya korona” tizimi bilan bog‘liq muammo borligini aytdi.

“30 martdan boshlab “Zolotaya korona” tizimida uzilish bo‘lyapti. Bu tizim ishlamayapti. Odamlarga Western Union tizimini taklif qilsak, xizmat haqi qimmatligi uchun xohlamayapti. “Zolotaya korona” qachon ishlashini ayta olmayman”.

"Aloqabank"ning Toshkentdagi bosh ofisining Ozodlik bog‘langan mutaxassisi “Zolotaya korona” tizimi nafaqat Surxondaryo¸ balki bankning barcha filiallarida ishlamayotganini aytib, buni texnik muammo deya izohladi:

“Aloqabank" filiallarida “Zolotaya korona” tizimida uzilishlar bo‘lyapti. Bank “Zolotaya korona” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda ishlaydi ya’ni integratsiya qilingan. Agar joyda internetda muammo bo‘lsa, tizimda ham uzilish bo‘ladi. Hozir texniklarimiz muammoni hal qilish ustida ishlayapti. Novosibirsk bilan ham bog‘lanishdi. Endi bizda ham karantin, ularda ham. Shuning uchun odam kam. Lekin texniklarimiz va’da berishdi: “Bugun obeddan keyin ishga tushiramiz”, deyishdi. Serverda pereustanovka qiladigan joylari bor ekan. Shularni to‘g‘rilashayapti”.

Markaziy bankning Ozodlik bog‘langan mulozimi ham pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolarni “texnicheskiy sboy” deb atadi va muammoni hal qilish ustida ishlanayotganini ta’kidladi.

"Pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammo faqat ayrim banklarda mavjud", degan mulozim qaysi banklarda uzilish bo‘layotganini ochiqlamadi.

Ozodlikning mobil muxbiri 1 aprel kuni Toshkentdagi Ipoteka bank, Infinbank, Ipakyo‘li banki va Kapitalbank bilan bog‘lanib, ushbu banklarda pul o‘tkazmalari tizimi to‘la ishlayotganini aniqladi.

O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq uzilishlar koronavirus pandemiyasidan oldin ham kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG