Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:33

Kunligini kunda topadigan oilalar oziq-ovqati tugayotganidan arz qila boshladi


Karantinda ishsiz o‘tirishi sabab ayrim oilalar qora qozonini qanday qaynatishni bilmayapti.
Karantinda ishsiz o‘tirishi sabab ayrim oilalar qora qozonini qanday qaynatishni bilmayapti.

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish choralarini joriy qilish boshlanganidan buyon o‘tgan qariyb uch hafta yakuniga yetar ekan, ayrim oilalarda oziq-ovqat tugagani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

Ozodlikka murojaat qilayotganlarning aksariyati kundalik harajati uchun ishlab pul topib kelganlardir va ularning oilasida iqtisodiy muammolar ko‘paymoqda.

Kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga kirmaydigan bunday oilalar xayriya oziq-ovqatlaridan ham mahrum qolyapti.

Jummi taksist: Ikki bolamni qanday boqaman?

Xorazmlik Jumaniyoz kirakashlik ortidan oilasini tebratib kelgan. Karantin sabab taksi haydashni to‘xtatgan 48 yashar Jumaniyoz ro‘zg‘or harajatlariga pul qolmaganidan nolidi:

“Asosiy daromadim shu taksichilikdan edi. Hamma meni Jummi taksist deb taniydi. Taksichilik qilib, ro‘zg‘orga kerak narsalarga pul ishlardim. Xotinim bir fermerda ishchi edi. Fermerni yerini olib qo‘yishgach, xotinim ham ishsiz qoldi. Karantin boshlangach, taksilarni to‘xtatib qo‘ydi. Boshida uydagi bor pulga xarajat qildim. Lekin oxirgi bir hafta qiyin bo‘lyapti. Uyda xo‘roz bor edi, majburlikdan shuni sotib, puliga xarajat qildim. “Yotib yeganga tog‘ chidamaydi”, deganday, xo‘rozni ham puli tugadi. Boshim qotgan, buyog‘iga nima qilaman, ikki bolamni qanday boqaman?”

“Boshpanam bor, lekin yeyishga nonim yo‘q”

Samarqandlik 37 yashar Aziz tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatgach, xorijga ishga ketishni rejalashtirgan. Bu rejasi ham amalga oshmagach ishsizlar safiga qo‘shilgan Aziz hozirda oilasini tanishlaridan olingan qarz hisobiga boqyapti:

“Tadbirkorlikni to‘xtatgach bor pulimni xorijga ishga jo‘natadigan agentlikka berdim. Agentlik yopilgach, pulim ham ularda qolib ketdi. Karantin payti ular bilan sudlashib ham bo‘lmaydi. Bir tiyin pulsiz o‘tiribman. Uch bolamni boqish uchun tanishlardan qarz olib, xarajat qilyapman. Mendaqalar kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga ham kirmaydi. Yaqinda mendan ham vaziyati og‘ir qo‘shnim uchun xayriya markaziga telefon qildik. Ular kelib, qo‘shnimning uyini videoga olib, “sharoitingiz yaxshi ekan, sizga xayriya bermaymiz” deyishdi. Mening ham boshpanam bor, lekin cho‘ntagimda pulim, yeyishga nonim yo‘qku?! Nimaga buni inobatga olishmayapti?”.

“G‘amlagan oziq-ovqatimiz tugasa, nima qilamiz?”

Surxondaryoning Angor tumani Navshahar mahallasida yashovchi Erkin Gapparov yollanma ishchi sifatida vaqtinchalik ishlarda ishlab oilasini boqadi. Uning aytishicha, narx-navo oshgani sabab, qishloqdagi ayrim oilalar qiynalib qolyapti:

“Oziq-ovqat qimmatlab ketdi. Buning ustiga do‘konlarda taqchillik. Qozog‘iston uni 215 ming so‘mga chiqib ketdi. O‘zimizning un yo‘q. Hozir hamma bir amallab turibdi. Karantin boshlanishidan avval odamlar 3-4 haftalik oziq-ovqatni g‘amlab qo‘ygan. Lekin katta ro‘zg‘orlarda g‘amlagan oziq-ovqati tugab bo‘ldi. Bizning oilamizniki ham tugayapti. Keyin nima qilamiz. Biron joyga chiqib, ishlay olmasak”.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00
Бевосита линк

Ehtiyojmand oilalar uchun xayriya

Karantin boshlangach, sahovatpesha insonlar tomonidan yakka tartibdagi xayriya aksiyalari o‘tkazib kelinayotgandi.

1 apreldan yakka tartibdagi xayriya tadbirlari taqiqlandi va xayriya masalasi to‘la hukumat idorasiga o‘tkazildi.

2 aprelda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tuzdi.

Endilikda barcha xayriya tadbirlari faqat ushbu markaz tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ushbu markazning Surxondaryo viloyatidagi bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 5 apreldan boshlab, viloyatdagi ehtiyojmand oilalarga 9 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari va birlamchi ehtiyoj mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

“Birinchi o‘rinda mahalla yig‘inlarining kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidagi odamlarga xayriya qilamiz. Bu ro‘yxatga kirmagan va yordamga muhtoj oilalar bo‘lsa, Termiz shahrida “1197” qisqa raqamiga murojaat qilishsa, o‘rganib ko‘riladi”, dedi markaz xodimi.

Qonunchilikka ko‘ra, kam ta’minlanganlar ro‘yxatiga kiritiladigan oilalarning moddiy va mulkiy holati o‘rganib chiqiladi.

OzodJavob ning maxsus sonida moddiy yordam kimlarga berilishi haqida batafsil yoritilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG