Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Koronavirusdan davolanayotgan huquq himoyachisi oilasi yordamsiz qolganidan arz qildi


Bahrom Hamroyev Qozon kasalxonasida. 2020, 7 aprel
Bahrom Hamroyev Qozon kasalxonasida. 2020, 7 aprel

Rossiyalik inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyev koronavirus tashhisi bilan Tataristonning Qozon shahridagi kasalxonada davolanmoqda.

Hamroyevning karantinga olingan xotini Zuhra Hamroyevaning Ozodlikka aytishicha, unga va oilasi a’zolariga hatto zaruriy dori-darmon va oziq-ovqat sotib olish uchun uydan chiqishga ruxsat berilmayapti.

7 aprel kuni Bahrom Hamroyevning oila a’zolari ham koronavirusga chalingani vrachlar tomonidan tasdiqlandi.

30 mart kuni Moskvadan Tatariston poytaxti Qozon shahriga yetib kelgan “Yordam” inson huquqlari tashkiloti rahbari, “Memorial” a’zosi Bahrom Hamroyevning koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi.

Avvaliga shifokorlar yuqori harorat bilan kasalxonaga olib kelingan huquq himoyachisi topshirgan analizlarda koronavirus aniqlanmaganini aytgan. Biroq, 4 aprelda takroriy olingan analizlar oldingi tashhis xato qo‘yilgani, Bahrom Hamroyevda haqiqatan COVID-19 virusi borligini tasdiqlagan.

Tataristonlik advokat Ruslan Nagiyev asli buxorolik faol Bahrom Hamroyev Qozonga Xitoyga berib yuborilish xavfi ostida qolayotgan uyg‘uristonlik Shahrizod va Shohdiyor Shavkatlarni himoya qilish uchun kelganini xabar qildi.

O‘zining Feysbukdagi sahifasida Bahrom Hamroyev Qozonning 7-sonli shifoxonasiga 38,6 harorati va qattiq yo‘tal bilan yotqizilganini bildirdi.

“...Harorat 39 atrofida turibdi. Qattiq yo‘tal telefon orqali suhbat qilishga imkon bermayotir. Koronavirusga olingan analizlar kasallikni tasdiqlabdi. Bugun palatamizga infeksiyasi tasdiqlangan to‘rtinchi odamni yotqizishdi”, - deb yozdi huquq himoyachisi.

Ozodlik bilan messenjer orqali suhbatlashgan Hamroyev 7 aprel kuni COVID-19 uning oila a’zolarida ham tasdiqlanganini aytdi. U rafiqasi Zuhra Hamroyeva va boshqa oila a’zolari karantinga olinganini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan telefon orqali suhbatlashgan Zuhra Hamroyeva qizi va nogiron ukasi bilan Qozon shahridagi kvartirada qolayotgani, biroq mahalliy hukumat idoralaridan biror yordam ololmayotganidan shikoyat qildi.

- Biz izolyatsiya holatiga olinganimiz sababli tegishli idoralardan zaruriy dori va oziq-ovqat olib kelib berishni so‘radik. Biroq, ulardan rad javobini oldik. Men shaharning “tezkor liniyasi”ga qo‘ng‘iroq qilganimda, “biz ko‘ngillilarimizni xavf ostiga qo‘ya olmaymiz” degan javobni oldim. Tatariston Sog‘liqni saqlash vazirligida esa ochiqchasiga “Biz bunday muammolar bilan shug‘ullanmaymiz!” degan javobni berishdi. Bizga dori-darmon kerak! Ukamning harorati ikkinchi kun 37,7, menda harorat yuqori, yo‘tal qiynayapti. Bizga tashqariga chiqish mumkin bo‘lmasa biz kasallikdan va ochlikdan kvartirada o‘lib ketishimiz kerakmi?! - dedi Zuhra Hamroyeva.

Suhbatdosh 7 aprelda u ham koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani to‘g‘risida shifoxonadan analizlar natijasini olganini bildirdi.

Ularga bu xabarni yetkazgan Qozon shahar markaziy poliklinikasi xodimi ular “o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish rejimi”ga olinganini aytgan, ular bu rejimni buzsa ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantirib, hujjatlarga qo‘l qo‘ydirmoqchi bo‘lgan.

- Men bu hujjatlarni imzolashdan bosh tortdim, chunki menga tashqi dunyo bilan aloqa qilishga imkon berishsin, dedi suhbat so‘nggida Zuhra Hamroyeva.

Advokatlar Zuhra Hamroyeva (o‘ngda) va Ruslan Nagiyev (chapda) Tatariston Oliy Sudida
Advokatlar Zuhra Hamroyeva (o‘ngda) va Ruslan Nagiyev (chapda) Tatariston Oliy Sudida

Zuhra Hamroyeva 1968 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan. U 1983 yilda Qozonga ko`chib kelgan va Qozon ijtimoiy-yuridik institutni bitirib, hozirda “Memorial” va “Yordam” tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, mehnat muhojirlari va siyosiy qochqinlar himoyasi bilan shug‘ullanib keladi.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada COVID-19 bilan kasallanganlar soni 7497 kishiga yetdi (ulardan 5181 nafari Moskvada), 58 kishi undan vafot etdi, 494 odam sog‘ayib ketdi.

XS
SM
MD
LG