Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

"O‘zbekiston 24" telekanali o‘z boshlovchisining koronavirus yuqtirganini rad qildi


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining binosi, 2019, 20 oktabr
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining binosi, 2019, 20 oktabr

"O‘zbekiston 24" telekanali rahbariyati kanalning taniqli boshlovchisi koronavirus yuqtirgani haqidagi xabarlarni Ozodlikka rad qildi.

8 aprel kuni telekanalning ikki rahbar xodimi boshlovchining koronavirusga chalingani haqida xodimlarga Telegram orqali jo‘natgan xatlari Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan edi.

Xatlarda boshlovchi koronavirusni yuqtirganini bilgan holda ishga kelib, hamkasblari hamda telekanal faoliyatini xavf ostiga qo‘ygani haqida ma’lum qilingan.

10 aprel kuni kanal muharriri Sarvarjon Rahimov, Ozodlik savollariga javoban, bugunga qadar kanalning hech bir xodimida koronavirus aniqlanmaganini aytdi.

"O‘zbekiston 24" telekanali kadrlar bo‘limining mutasaddisi ham teleboshlovchining koronavirusga chalinganini inkor etdi.

"O‘zbekiston 24" kanalining Ozodlik suhbatlashgan bir qancha xodimi esa telekanal rahbariyatini koronavirus holatini jamoatchilikdan yashirayotganlikda aybladi.

"O‘zbekiston 24" telekanalining o‘z xavfsizligi tufayli ismi oshkor etilmasligini so‘ragan xodimining Ozodlikka aytishicha, kanal bosh maharriri va ayni paytda kanal rahbari vazifasini bajarayotgan Haydar Hasanov 8 aprel kuni barcha xodimlarga Telegram guruhi orqali yo‘llagan xatida boshlovchilardan biri koronavirus yuqtirgani, shuni bilgan holda ishga kelib, hamkasblari hamda telekanal faoliyatini xavf ostiga qo‘ygani haqida ma’lum qilgan.

"O‘zbekiston 24" telekanali bosh muharriri Haydar Hasanov maktubidan parcha.
"O‘zbekiston 24" telekanali bosh muharriri Haydar Hasanov maktubidan parcha.

Telekanal xodimlari Ozodlikka jo‘natgan xat Telegram kanalida Haydar Hasanov nomidan 8 aprel kuni yozilganini ko‘rish mumkin.

Shu xatda koronavirusni yuqtirganini bilaturib ishga kelgan va telekanalning uzluksiz faoliyat yuritishini xavf ostiga qo‘ygan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish va unga tegishli huquqiy chora ko‘rilishi aytilgan.

"O‘zbekiston 24" telekanali muharriri Sarvarjon Rahimov 8 aprel kuni Telegram guruhida qo‘li ostidagilarga yozgan xatida ham telekanal xodimining koronavirusga topshirgan testi ijobiy (ya’ni kasallik mavjud) chiqqani haqda aytilgan.

"O‘zbekiston 24" telekanali muharriri Sarvarjon Rahimovning 8 aprel kuni xodimlarga yozgan xatidan parcha.
"O‘zbekiston 24" telekanali muharriri Sarvarjon Rahimovning 8 aprel kuni xodimlarga yozgan xatidan parcha.

"Nohush xabar!!! O‘zbekiston teleradiosi xodimi (xatda boshlovchining ismi ham keltirilgan)ning koronavirusga topshirgan testi ijobiy natijani ko‘rsatgan. O‘zingizni ehtiyot qiling", deb yozilgan xatda.

"O‘zbekiston 24" telekanali muharriri Sarvarjon Rahimov ham, telekanali kadrlar bo‘limining mutasaddisi ham teleboshlovchining koronavirusga chalinganini Ozodlikka qat’iy inkor etdi.

Lekin, Rahimov Telegram guruhida xodimlarga o‘zi va bosh muharrir yozgan xatlarni Ozodlikka izohlamadi.

"O‘zbekiston 24" telekanalining o‘z xavfsizligi tufayli ismi oshkor etilmasligini so‘ragan xodimi O‘zMTRK rahbariyati kanalning karantinga yopilishidan qo‘rqib, boshlovchining koronavirus yuqtirgani holatini jamoatchilikdan yashirayotgan bo‘lishini aytdi:

- O‘zMTRK raisi Alisher Xadjayev bu ma’lumot hech joyda chiqmasin, deb qattiq topshiriq bergan. Chunki hamma bilsa telekanal karantinga yopiladi. Kuni kecha shu boshlovchi hamma bilan gaplashib yurdi, odamlardan intervyular oldi. Hozir ko‘pchilik ishga kelishga ham qo‘rqib qolishgan. Koronavirus yuqtirganini u bilan gaplashgan, intervyu olgan odamlar bilishi kerak.

Kanalning Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir xodimi 8 apreldan O‘zMTRK hududi dezinfeksiya qilina boshlagani, xodimlar maxsus avtobuslarda ishga tashilayotganini aytdi.

- Studiyalar kuniga uch martalab dezinfeksiya qilinyapti. O‘sha boshlovchi kim bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lsa hammasi karantinga jo‘natildi, - dedi "O‘zbekiston 24" telekanali​ xodimi.

Ozodlik koronavirusni yuqtirgan, deb iddao qilinayotgan teleboshlovchining uyali telefoniga 10 aprel kuni bir necha marta telefon qildi, lekin hech kim ko‘tarmadi.

Hamkasblarining aytishicha, boshlovchi 8 apreldan buyon ishga chiqmayapti.

"O‘zbekiston 24" telekanali kadrlar bo‘limining mutasaddisi ham O‘zMTRK hududi kunda dezinfeksiya qilinayotgani, shubhali ko‘ringan xodimlar karantinga jo‘natilganini aytdi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi rasmiy saytida karantin va cheklov tadbirlarini buzganlik va kasallik haqidagi ma’lumotlarni yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi eslatib o‘tiladi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, ya’ni 257-1-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, yaьni 54-moddasida qayd etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik holati bo‘yicha — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda koronavirusdan ogohlik sharoitida bemorning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilish masalasi ham turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumki bemor roziligisiz uning kasalligi haqida jamoatchilikka oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biroq ba’zi mutaxassislar, jumladan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari ham koronavirus kabi yuqumli kasalliklar odamlarga tahdid solayotgan bir paytda jamoatchilik manfaati yo‘lida har bil xolat oshkor etib borilishi lozim demoqda.

XS
SM
MD
LG