Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:33

Aholi karantin bois chorvasini boqa olmay qoldi. Ba’zilar muammo yechimini topyapti


Ayrimlar ozuqa yo‘qligi sabab mollarini endi qanday boqishga hayron.
Ayrimlar ozuqa yo‘qligi sabab mollarini endi qanday boqishga hayron.

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida karantin joriy qilinganidan qariyb besh hafta o‘tib, chorvasi bor ayrim xonadonlarda yem tugagani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

Qo‘y-sigiri uchun g‘amlagan ozuqasi tugagan oilalar yem topish imkonini qilolmay, chorvasini sotish harakatiga tushib qolgan.

Ayrim hududlarda aholining ushbu muammosi hal qilish yo‘llari topilmoqda.

Xorazmlik O‘ktamning uyida ikki sigiri, bir buzog‘i, uch qo‘yi va o‘ndan ziyod tovug‘i bor. O‘ktamning aytishicha, uyidagi yagona boyligi shu chorva va parrandasi bo‘lib, karantin sabab ularga yem topib bera olmayapti:

“Qishloq joylaridagi odamlarda chorvasidan boshqa boyligi yo‘q. Sigirining sutini sog‘ib sotadi yoki sariyog‘ qilib, bozorga olib chiqadi. Tovuq tuxumini sotib, bolalariga oziq-ovqat qiladi. Bizda pul topishning boshqa imkoni yo‘q. Karantin boshlanishidan avval mollar uchun bor pulimga ozuqa olib keldim. Hozir yana ozgina pulim bor yem uchun. Lekin mashina haydash taqiqlangani uchun yemni olib kela olmayapman. Bizda bahor kech keladi. Hali daladagi o‘tlar ko‘karmadi. Bitta shu yem bilan boqyapmiz mollarni. Lekin bu ketishda mollar ochidan o‘lib qolmasa bo‘ldi”.

Surxondaryoning Termiz shahridan Ozodlikka bog‘langan mushtariy ham mashina harakati to‘xtatilgani sabab chorvasi ozuqasiz qolganlardan biri.

“Uyimda chorva va parranda bor. Ular bir necha kundan beri ozuqasiz qoldi. Yem olib kelaylik desak, mashinaga ruxsatnoma yo‘q. Piyoda boraylik desak, qopdagi og‘ir yukni ko‘tarib kelishning imkoni yo‘q. Uyida chorvasi borlarning barchasi ham tonnalab yem olib qo‘yish imkoniga ega emas. Men kabilarning uyidagi mollari yemsiz qolyapti”, dedi termizlik yigit anonim qolish sharti bilan.

Buxorolik Manzirat buvi esa chorvasiga yem topilmagani sabab ularni sotishni rejalayotganini aytdi:

“O‘g‘lim bilan nevaram Rossiyaga ishlashga ketgandi. Karantin sabab o‘sha yoqda ishsiz qolishdi, bizga pul ham jo‘nata olishmayapti.Uyda faqat ayollarmiz. Bittadan ho‘kiz va sigir bor. Lekin ularga yem topish qiyin bo‘lyapti. Taksistlarga iltimos qilsak, ikki hissa qimmat narxda olib kelib beryapti. Shunga endi ho‘kizni sotishga qaror qilyapmiz. Qassoblarga telefon qilsangiz, uyingizdan kelib olib ketarkan ho‘kizni. Sigirni esa ovqatga ishlatgan kartoshka-piyoz po‘chog‘i bilan bir amallarmiz”.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yangiyo‘llik mushtariy esa sigiriga yem topa olmagach uni sotganini aytdi:

“Yem topish o‘zi har doim qiyin. Oldin bahorda o‘tlar ko‘karishi bilan sigirni yo‘l bo‘ylarida o‘tlatib kelardim. Bu yil buning imkoni bo‘lmayapti. O‘zim bo‘sh vaqtimda kirakashlik qilib, pul ishlardim. Karantin deb, uyda o‘tirishga majburman. Pulsiz o‘tirsangiz, nafaqat sigirga yem hatto o‘zingizning yeb-ichishingiz ham muammo bo‘larkan. Sigirni yemi tugul, oziq- ovqatga pul qolmagach, ikki kun avval sigirni mahallamizdagi bir fermerga sotdim. Endi karantindan chiqquncha shu sigirning pulini yeymiz”.

Vaziyatdan chiqish urinishlari

Namangan shahrining “Boburshoh” mahalla yig‘ini faollari aholining chorva ozuqasi bilan bog‘liq muammosini hal qilish yo‘lini topgan.

“Mahallamiz yaqinida optom yem sotadigan firmaninig skladi bor. Firma egalari bilan kelishib, ularni shu skladdan aholiga ham yem sotishga ko‘ndirdik. O‘zi ular faqat optom sotgan, lekin endi aholiga yarim qop, bir qop qilib, shu skladidan sotyapti. Odamlar borib, yelkasiga ortib olib kelyapti. Narxini ham bozor narxidan qimmat qilmaslikka va’da berishdi”, dedi mahalla yig‘ini faollaridan biri.

Termizlik tadbirkorlardan biri esa chorva uchun ozuqani aholining uyiga eltib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

Tadbirkor yigitning Ozodlikka aytishicha, ozuqa narxi ham aholi cho‘ntagiga moslangan:

“Hozir ko‘p joylarda chorva ozuqasi bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi. Shuning uchun chorva mollari va parrandalar uchun ozuqa va yem mahsulotlarini odamlarning uyiga olib borishni yo‘lga qo‘ydik. Dostavka uchun ruxsatnoma ham oldik. Ozuqani optom olganimiz uchun bozor narxidan ham arzon sotyapmiz. Faqat dostavka uchun qo‘shimcha narx olamiz. Termizliklar +998915770096 telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, zakaz berishlari mumkin”.

Karantin cheklovlari

16 martdan boshlab, O‘zbekistonga kirish-chiqish to‘xtadi, ta’lim muassasalari yopildi, davlat idoralarida majlislar to‘xtatildi.

25 martdan ko‘chada niqobsiz yurish taqiqlandi va jazo belgilandi.

30 martdan avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma bilan harakatlanish cheklovi qo‘yildi.

6 apreldan mamlakat bo‘ylab "o‘zini yakkalash” hayot tarzi majburiy ravishda joriy etildi, mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish ham vaqtincha cheklandi.

XS
SM
MD
LG