Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Qoidabuzarlarning ulovlari jarima maydoniga olinayotgani norozilikka sabab bo‘lmoqda


O‘zbekistonda karantin davrida 5 mingga yaqin mashina jarima maydoniga olingan.
O‘zbekistonda karantin davrida 5 mingga yaqin mashina jarima maydoniga olingan.

O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlarning ulovlari karantin muddati tugagunga qadar jarima maydonlariga kiritib qo‘yilayotgani, ba’zi holatlarda esa, haydovchilarning o‘zlariga ham ma’muriy jazo qo‘llanilib, qamab qo‘yilayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan haydovchilar va ularning advokatlari O‘zbekistonning amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi talablariga asosan fuqarolarning avtomobilini ushbu kodeks 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash talabini buzganlik uchun vaqtincha ushlab, jarima maydoniga kiritib qo‘yish g‘ayriqonuniy ekanini aytishadi.

Ma’muriy kodeksning 54-moddasida epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun mashinalarni jarima maydoniga olinishi haqda aytilmagan.

Ichki ishlar vazirligining Yo‘l-patrul xizmati xodimlari esa, hukumat komissiyasining 2020 yil, 4 apreldagi qarori asosida maxsus ruxsatnomasiz rulga o‘tirgan haydovchilarining ulovlarini jarima maydoniga olmoqda.

Vazirlik rasmiy saytida keltirilishicha, shu oy boshidan buyon karantin qoidalarini buzib harakatlangan olti mingga yaqin avtotransport vositalari aniqlanib, shulardan 3930 tasi jarima maydoniga olingan.

Andijonning Izboskan tumanilik 35 yoshli haydovchi 21 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda karantin talablarini buzib, maxsus ruhsatnomasiz mashina haydagani uchun 9 million so‘mlik jarimaga tortilgani, mashinasi karantin muddati tugagunga qadar jarima maydonchasiga olinganini aytdi:

9 million shtraf ham yozishdi. Buni ustiga karantin tugagunga qadar mashina jarima maydonida qoladi, deyishyapti.

- Bular hukumatni qarorini pesh qilib, mashinalarni arest qilishyapti. 9 million shtraf ham yozishdi. Buni ustiga karantin tugagunga qadar mashina jarima maydonida qoladi, deyishyapti. U yerda turishi kuniga 15 ming so‘mdan bo‘ladi. 10 maygacha karantin bo‘ladigan bo‘lsa qanchaga tushishini hisoblayverasiz. Lekin, 54-moddada mashina aresti haqida gap yo‘qku, desak, hukumat qarori bor, deyishadi. Mashinani karantin tugagungacha qoldirish haqida qaysi hujjatda aytilgan, desa javob berisholmaydi.

Buxoroda qoidabuzar 7 kunga qamaldi

Buxoroning Vobkent tumanida esa karantin qoidalarini buzgan holda mashina boshqargan 42 yoshli tadbirkor Ismat Jumayevning mashinasi jarima maydoniga olinib, o‘zi 7 kunga qamaldi.

Buxorolik tadbirkor Ismat Jumayevni 7 kunga qamash haqidagi sud qarori
Buxorolik tadbirkor Ismat Jumayevni 7 kunga qamash haqidagi sud qarori

Qarindoshlari iddaosicha, tadbirkor yuzida niqob yo‘qligi uchun to‘xtatgan yo‘l-patrulь xizmati xodimlari bilan tortishgan. ma’muriy kodeksning 54-moddasi yoniga 183-modda, ya’ni mayda bezorilik, jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kinishda ayblab qamashgan, mashinasini jarima maydoniga olishgan.

- Uni maxsus ruhsatnomasi bor, lekin yuzingda niqobing yo‘q, deb to‘xtatishgan. Rulda o‘tirgan paytda niqobni nima keragi, bor desa, orqa sideniya nega olinmagan, orqa eshik nega pechatlanmagan, degan. Buni jahli chiqqan. Bezorilikni qo‘shib, 7 sutkaga qamavorishdi. Hozir ruxsatnomasi borlarga yo‘lda yo‘lovchi olmasin, deb orqa sideniyani oldirishyapti, orqa eshiklarni pechatlashyapti. Orqa sideniya olinsa mashina nosoz hisoblanadiku. Nosoz mashina haydash ham qoidabuzarlikku, YPH xodimlaridan bu haqda so‘rasangiz tushuntirib berolmaydi, o‘rtada janjallar kelib chiqyapti, - deydi 7 kunga qamalgan buxorolik tadbirkorning qarindoshi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Vobkent tumani sudi binosi.
Ma’muriy ishlar bo‘yicha Vobkent tumani sudi binosi.

O‘zbekistondagi "Lawyer's Shield" advokatlik byurosi rahbari, advokat Xusniddin Ahmedovning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston Ma’muriy kodeksining 54-moddasida transport vositalarini karantin davrida ushlab turish haqida aytilmagan:

54-moddada mashinani jarima maydoniga olish yo‘q. Buxorodagi xolatda militsiya xodimi bilan tortishgani uchun mayda bezorilik bandini qo‘shib haydovchini qamashyapti,

- Bular karantin qoidasini buzding, deb hukumat qarorini pesh qilishyapti, lekin 54-modda bo‘yicha hujjatlarni yoniga boshqa moddalarni qo‘shib rasmiylashtiryapti. Hukumatni qarori qonunosti hujjat. Qonunda esa, ya’ni 54-moddada mashinani jarima maydoniga olish yo‘q. Buxorodagi holatda militsiya xodimi bilan tortishgani uchun mayda bezorilik bandini qo‘shib haydovchini qamashyapti, mashinasini jarima maydoniga olishyapti.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasining 2020 yil 4 apreldagi qarorida yo‘l-patrul xizmati xodimlari karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turishi mumkinligi belgilangan.

"Uyda qoling!" bannerlarini O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarida ham ko‘rish mumkin.
"Uyda qoling!" bannerlarini O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarida ham ko‘rish mumkin.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlari aynan shu qarordan kelib chiqib, karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirilishini qonuniy deb hisoblashadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida keltirilishicha, shu oy boshidan buyon karantin qoidalarini buzib harakatlangan olti mingga yaqin avtotransport vositalari aniqlanib, shulardan 3930tasi jarima maydoniga olingan.

"Fuqarolar turmushini yanada murakkablashtirish to‘g‘rimi?"

Ayni paytda ruxsatnomasiz yurgan mashinalarning jarima maydonchasiga olinayotganiga Oliy Majlisning ayrim deputatlari ham e’tiroz bildirib chiqdi.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Facebook sahifasida karantin qoidalarini buzgan haydovchilarning avtotransport vositalari jarima maydoniga qo‘yilishi noqonuniy ekanligini aytgan.

Mas’ullardan yana bir bor talab qilaman: qonun talablarini buzmang va avtomobillarni egalariga qaytarib karantin tugagunga qadar o‘z xonadonlarida saqlashlarini so‘rang.

"Kim nima degani bilan qonun baribir qonun, haqiqat esa bukilsa ham sinmaydi. Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga asosan fuqarolarning avtomobilini ushbu kodeks 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash talabini buzganlik uchun vaqtincha ushlab jarima maydoniga tiqib qo‘yish g‘ayriqonuniydir. Mas’ullardan yana bir bor talab qilaman: qonun talablarini buzmang va avtomobillarni egalariga qaytarib karantin tugagunga qadar o‘z xonadonlarida saqlashlarini so‘rang, - deb fikr bildirdi Kusherbayev.

Oliy Majlisning boshqa bir deputati Qodir Jo‘rayev esa karantin davrida ishsiz, daromadsiz qolgan fuqarolarni turmushini yanada murakkablashtirish qanchalik to‘g‘ri?, degan savolni o‘rtaga qo‘ydi.

Biz gaykani haddan tashqari burab qo‘ymayapmizmi? Shundog‘ ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda og‘irlik qilmaydimi?!

"Biz gaykani haddan tashqari burab qo‘ymayapmizmi? Shundog‘ ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda og‘irlik qilmaydimi?! Albatta, karantin sharoitida kasallik ommaviy tarqalmasligi uchun biz qattiqqo‘l bo‘lishimiz kerak, lekin me’yorni (ham huquqiy va ham insoniy ma’nodagi me’yorni) unutmagan holda!" , - deb fikr bildirdi Qodir Jo‘rayev o‘zining Facebook sahifasida.


Ayni paytda O‘zbekistonda velosiped va mototsikllar harakatining ham to‘xtatilishi sababli odamlar bozorga borolmay qolganini aytishadi.

- Oziq-ovqatga qanday chiqamiz? Odamlar piyoda yurib qaytanga ko‘proq bir joyga to‘planyapti, - deydi andijonlik haydovchi.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi koronavirusga qarshi kurash butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham favqulodda qattiqqo‘lliq bilan kurashishni taqozo qilayotganini aytdi.

- Mana Yevropada ko‘ryapsiz, karantinni buzganlar bir necha ming yevroga shtraf qilinyapti, qamalyapti ham. Qattiq qo‘l bo‘lmasa odamlar buni xavfini tushunmaydi. Hozir eng muhim vazifa shu koronavirus balosidan eson-omon chiqish, - deydi agentlik rasmiysi.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mamlakatda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.

XS
SM
MD
LG