Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:34

Karantin paytida Boysun bozoridan savdogar ayollar kuch bilan chiqarildi (VIDEO)


Boysun dehqon bozoridagi savdogarlar 23 aprel kuni bozor ko‘chirilishiga norozilik bildirdi
Boysun dehqon bozoridagi savdogarlar 23 aprel kuni bozor ko‘chirilishiga norozilik bildirdi

Surxondaryo viloyat, Boysun tuman markazidagi dehqon bozorida savdo qiladigan ayollar 23 aprel kuni ertalab hokimning buyrug‘i bilan kuch ishlatib bozordan haydab chiqarildi.

Ayollarning Ozodlikka aytishicha, shahar chetida yangi qurilgan bozorga majburan ko‘chirish uchun jalb qilingan ichki ishlar xodimlari, ularni urib, so‘kib va sudrab vahshiylarcha munosabatda bo‘lishgan.

Boysun tuman hokimligi mulozimi ichki ishlar tomonidan zo‘ravonlik bo‘lganini rad qildi va bozorda savdo qilayotgan odamlar ko‘chirilish haqida bir necha bor ogohlantirilganini aytdi.

Бойсунда бозорчилар кўчирилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:52 0:00

Boysun dehqon bozorida meva-sabzavot bilan savdo qiladigan, besh farzandning onasi Shahriniso Salimovaning aytishicha, 23 aprel kuni ertalabdan tuman hokimi Asqarali Jo‘rayev boshchiligida kelgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari ularni zo‘ravonlik bilan bozor hududidan tashqariga chiqarib tashlagan:

Nechtamizni urib yiqitdi, molga o‘xshab sudrab olib ketdi.


- Men hokimga, bovo beshta sag‘irim bor, erim o‘lgan, yangi bozorda hali joy yo‘q, sharoit yo‘q, qo‘ying bir tirikchiligimizni qilaylik, desam militsiya xodimlari so‘kinib, tortib, sudrab tashqariga olib chiqib tashladi. Nechtamizni urib yiqitdi, molga o‘xshab sudrab olib ketdi. Militsiya boshlig‘i olib bor kameraga tiq deb buyruq beryapti, ular esa bitta-bitta ushlab sudrab olib ketyapti. Meni davleniyam chiqib bozorning o‘rtasiga yiqilib qolganman. Boshqa ayollarning nechtasini tez yordam olib ketdi. Rosa qiyomat bo‘ldi.

Shahrinisoning iddao qilishicha, ular boshqa bozorga ko‘chirilishi haqida avvaldan ogohlantirilmagan.

Yana bir bozorchi ayol Muhayyo Xursandovaning aytishicha, bozorni favqulodda ko‘chirish haqida gap bo‘lmagan:

Karantin paytida xalqni shuncha qiynab, azob berish kerakmidi?


- Ikki kun oldin reyka sotib olib o‘zlaringni joylaringni chiroyli qilinglar deb aytishgan edi. Men o‘zim 80 ming so‘m sarf qilib joyimni chiroyli qilib qo‘ygan edim. Bugun ertalab soat beshdan hammani sudrab, chiq ko‘chaga deb, bozorni yopishdi. Biz bu xalqqa qulay, shaharning o‘rtasida, joyida qolsin deb talab qilyapmiz, lekin bizning gapimizni hech kim eshitmadi. Aksincha, hammani urib so‘kib, hushidan ketkizib tashladi. Necha kishi yiqildi, necha kishiga tez yordam keldi. Hokim o‘z og‘zi bilan bularning hammasiga uyqu dori beringlar deganini butun xalq eshitdi. Keyin qolganlar yangi bozorga bordik, joyning o‘zi hali yo‘q, hamma bir-biriga qarab o‘tiribdi. Bugun dehqonlardan ulgurji sotib olgan ho‘l meva sabzavotlarimiz ham so‘lib tamom bo‘ldi. Karantin paytida xalqni shuncha qiynab, azob berish kerakmidi?

Boysun tumani Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limining boshlig‘i Saodat Jo‘raqulova 23 aprel kungi bozorni ko‘chirish tadbirida ishtirok etganini aytar ekan, bozorchilarga nisbatan qattiq kuch qo‘llanilmaganini bildirdi:

Hokim bovoning va’dasi bor, yangi bozorda olti oy hech kim patent to‘lamaydi.


- Bu yerda IIB, Milliy gvardiya, hokimlik hammasi bor edi. O‘zlari borib IIB xodimlarini turtib olaversa, ular hech bo‘lmasa jim turing deb aytadiku. Ularga nisbatan qattiq kuch ishlatilmagan. Faqat tartibga solindi. Bir-ikki ayol asabiylashdi. Hokim bovoning va’dasi bor, yangi bozorda olti oy hech kim patent to‘lamaydi. Hamma birdaniga ko‘chgani uchun joy ajratishda biroz kamchilik bo‘ldi. Kechasi bilan hammasini numeratsiya qilib, ertalab hammasi joy-joyiga tushadi.

Saodat Jo‘raqulova bozorchi ayollarning qon bosimi ko‘tarilishi mumkinligini inobatga olib, avvaldan tez yordam chaqirtirib qo‘yilganini aytadi:

- Ayollar baqiravergani uchun davleniyesi oshib mazasi qochadi, deb duxtur chaqirdik.

Karantin paytida bu tadbirning o‘tkazilishi qanchalik to‘g‘ri, degan Ozodlik savoliga Saodat Jo‘raqulova shunday deb javob berdi:

- Bozorning oldi har kuni probka, katta moshinlar yuk olib ketadi, o‘tish-qaytish, hamma narsa nihoyatda qiyin bo‘lib qoldi. Hokim uch oydan buyon har kuni ertalab bozorga boradi. Mana sizlar uchun shunday qulay va chiroyli bozor qildik, ko‘chinglar deb iltimos qiladi. Ayollarga nisbatan kuch ishlatilmagan.

Boysun tumani hokimidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi, yoymachilarning tirikchilik manbaidan judo qilinishi ularning keskin noroziligi manzarasida kechadi.

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil, 27 martdagi "2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatda bozorlar rekonstruksiya qilinmoqda.

O‘zbekistonning boshqa o‘nlab shaharlari bozorlaridagi do‘konlarning yopilishi yoki buzilishi savdogarlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG