Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:26

Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 24 chor askariga atalgan butxona Toshkent hokimligi byudjetidan ta’mirlandi


Toshkentdagi butxona
Toshkentdagi butxona

Toshkent shahar, Shayxontohur tuman, Kamolon mahallasidagi shaharni bosib olishda o‘lgan rus bosqinchi askarlari xotirasiga bundan 150 yil oldin qurilgan butxona ta’mirlanib, 21 aprel kuni ziyorat uchun ochildi.

Butxonaning tantanali ochilish marosimi rus nasroniylarining Pasxa bayramiga rejalangan edi. Tantanada Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi¸ Rossiya Davlat dumasi deputatlari qatnashishi kutilayotgan edi.

Koronavirus xavfi tufayli Toshkentda joriy qilingan karantin bois rasmiy ochilish tadbiri boshqa kunga qoldirildi.

Tantanali ochilish marosimi ilk boshda 2019 yilning 3 noyabriga, ya’ni bu obidani tiklagan Turkiston general-gubernatori Mixail Chernyayevning tug‘ilgan kuniga belgilangan, ammo qurilish cho‘zilgani bois ochilish 2020 yilga ko‘chirilgan edi.

1886 yili rus injeneri Ulyanov loyihasi asosida qurilib¸ sovet davrida qarovsiz qolgan butxona 2019 yilning 28 sentabrida ta’mirlana boshlangan edi.

Butxona ta’miri rejasini Madaniyat vaziri o‘rinbosari tasdiqlagan
Butxona ta’miri rejasini Madaniyat vaziri o‘rinbosari tasdiqlagan

Butxona 1886 yili Toshkentni bosib olish uchun qurol ko‘tarib kelganida o‘lgan 24 nafar rus ishg‘olchi askarlari birodarlik qabristoni ustida tiklangan.

Butxonaning yo‘qolib ketgan mozaika freskasi ham qaytadan tiklandi.

Rangli smalta toshlaridan yasalgan freskada chor askarlarining ishg‘olchi yurishlarida avliyo deb e’zozlanadigan “Muzaffar Georgiy” ( Georgiy Pobedonosets) qo‘lida nayza bilan tasvirlangan.

Butxonaning yo‘qolib ketgan mozaika freskasi ham qaytadan tiklandi.
Butxonaning yo‘qolib ketgan mozaika freskasi ham qaytadan tiklandi.

Butxona tepasidagi xoch latundan qayta yasalib o‘rnatildi va ta’mir uchun oxaktosh Buxorodan keltirildi.

Butxona to‘laligicha Toshkent hokimligi byudjetidan ta’mirlandi. Bu haqda Ozodlikka Toshkent shahar hokimligi kapital qurilish departamenti mulozimi ma’lum qildi.

Mulozim ta’mir uchun aniq qancha summa ketganligini ochiqlamadi.

Ozodlk suhbatlashgan me’mor va san’atshunoslar ta’mir uchun kamida bir million AQSh dollari sarflanganini aytishdi.

Ular o‘z hisob-kitobini toshlardan original mozaikani yasash va montaj qilish, xoch va boshqa dekorlar ishlovi¸ atrofni obodonlashtirish kabi harajatlardan kelib chiqib aytishdi.

Ularning aytishicha¸ butxona ta’miri bois uyi buzilganlarga to‘lanadigan tovon bu summaga kirmaydi. Butxona ta’miri paytida¸ obidaga yondosh ikkita xovli buzilgan.

Hukumat qarori

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati mulozimiga ko‘ra¸ butxona ta’miri yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori asos qilib olingan:

- Kabmin qarori asosida O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev 2019 yil 28 iyunda 411-sonli buyruq chiqarib, chasovnyani madaniy meros yodgorligi sifatida tezda ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shundan keyin uni qayta tiklash loyihasi boshlandi.

Restavratsiya emas, rekonstruksiya

Butxona rekonstruksiyasini amalga oshirish “Meros chashmasi” loyihalash shirkati tarafidan amalga oshirildi.

Shirkat binoni restavratsiya emas, balki rekonstruksiya qildi¸ deya bildirdi toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda:

- Masalan, butxona oldidagi rus askarlari nomi yozilgan yodgorlik va xoch yo‘qolib ketgan. Bu xoch qayta tiklandi.Marmar lavhaga 24 nafar rus askarining nomi birma-bir yozildi. Bu matn 1865 yildagi matnni aynan takrorlaydi. Ya’ni "Rossiya uchun jon fido qilib, dushmanlar qo‘lida o‘lgan askarlarga xudo yor bo‘lsin" degan jumla ham bo‘ladi. Bu yerda dushmanlar deganda o‘z shahrini himoya qilgan toshkentliklar tushuniladi albatta.

Toshkentlik rassom¸Rossiya dizaynerlar ittifoqi va Rossiya rassomlar uyushmasi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev Ozodlik bilan suhbatda 1886 yilgi inshootdan asar ham qolmaganidan taassuf bildirdi:

- Originaldan asar ham qolmagan. G‘irt o‘zbekcha restavratsiya. Muqaddas Iorgen ham bunday mo‘jizaga qodir emas. O‘zbekiston Madaniyat vazirligidagi «restavrator»lar mardikor yollab 19- asrga oid vayron bo‘lgan obidani olti oyda tiriltirishdi. Yevropa restavratorlari kelib o‘zbeklardan dars olib ketsa bo‘larkan . Men O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimlarini Fransiyaga jo‘natgan bo‘lardim. Ular Parijdagi Notr-Dam-de-Pari soborini 3 oyda yaltillatib remont qilib berishardi. Jiddiy aytadigan bo‘lsak qadimiy obida tanib bo‘lmas xolatga keldi va o‘z me’moriy qiymatini yo‘qotdi, - deydi Qo‘ziboyev.

Sovetlar va Karimov davrida obida qaydga olinmagan

Toshkentlik san’atshunos Turdiyevga ko‘ra¸ ishg‘olchi chor askarlari xotirasiga tiklangan butxona Sovet davrida siyosiy andisha va mahalliy xalq xissiyotlarini e’tiborga olib Madaniyat vazirligida obida, deya qayd qilinmagan:

- Masalan, uni mahalliy aholi buzib tashlasa¸ buni hech qanday oqibatiyam bo‘lmasdi. Shunga o‘xshash butxonalar Farg‘onada buzib tashlangan. Mustaqillikdan keyin Karimov davrida ham butxona Madaniyat vazirligi obidalar ro‘yxatiga kiritilmadi. Toshkentga safar qilgan rus shovinist siyosatchilari va ularning mahalliy haybarakallachilari Karimov davrida bir-ikki marta butxonani tiklash masalasini ko‘tarishdi. Ammo ularning gapi inobat bo‘lmadi.

Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ Mirziyoyev davriga kelib butxonaning zudlik bilan tarixiy meros ro‘yxatiga kiritilishi va Moliya vazirligidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalanadigan qimmat rekonstruksiya boshlanishi O‘zbekiston yangi rahbariyatining Kremlga mulozamatidir:

- 2019 yilning 28 iyun kuni Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi mitropoliti Vladika Vikentiy bu yerga kelib binoni qayta cho‘qintirdi. Qo‘liga supurgi olib, muqaddas suv sepib, tabarruk qildi. Vladika Vikentiy butxonaga rus haloskor askari timsoli bo‘lgan avliyo Georgiy ikonasi qo‘yilishidan mamnunlik bildirdi. Buxoro va Samarqanddagi yodgorliklar ta’miriga pul yetmayotgan paytda rus bosqinchilariga qo‘yilgan butxona ta’mirining ustuvor loyiha sifatida pul ajratilib tezda bitkazilgani shubhali.

Tarixchi olim Umid Bobomatovga ko‘ra¸ Butxona 1865 yilning 15 iyulida Toshkentni bosib olgan paytda halok bo‘lgan 24 nafar Chor bosqinchi askarlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida Rossiya imperatori Aleksandr Ikkinchi farmoni bilan qurilgan.

- Kamolon mahallasida rus bosqinchi askarlariga Qo‘qon xoni Alimqulixon sarbozlari va mahalliy aholi qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Aynan shu mahallada chor bosqinchi armiyasi katta talafotga uchragan. 1300 nafar rus bosqinchi askarlariga qarshi 30 ming mahalliy aholi faol qarshilik ko‘rsatgan. Rus askarlari tarafidan qirg‘in qilingan toshkentliklar soniga oid aniq tarixiy ma’lumotlar yo‘q. Rus bosqinchilariga qarshi kurashgan toshkentliklar xotirasiga hech qanday yodgorlik o‘rnatilmagan.

"O‘zini xurmat qiladigan millat bosqinchiga yodgorlik qo‘ymaydi"

Toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazir Ozodlik bilan 23 aprel kuni qilgan suhbatida bosqinchilarga o‘rnatilgan yodgorlikning davlat hisobidan ta’mirlanishini 150 yil oldin o‘z shahrini himoya qilib o‘lgan vatansevar ota-bobolar xotirasining toptalishi sifatida baholadi:

- Kamolon mahallasi aholisi butxonani 150 yildan beri supurib- sidirib, obod qilib ushlab turishgan edi. Xatto sovet davrida uni g‘ishtga buzib olamiz deyishganda ham mahalla oqsoqollari "tegmanglar, o‘lganlarning ruhini bezovta kilib nima qilasizlar", deb saqlab qolishgan edi. Biroq, yuz metr naridagi Kamolon masjidining orqasidagi mozorda shu jangda halok bo‘lgan, shaharni himoya qilaman, deb shahid bo‘lgan minglab toshkentlik va asosan qo‘qonlik askarlar qabrini hech kim obod ham kilmaydi, nomi-nasabini ham bilmaydi.

Анвар Назир:: Ўзини хурмат қилган миллат босқинчига ëдгорлик ўрнатмайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:32:55 0:00
Бевосита линк


XS
SM
MD
LG