Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

1.5 tonna makaron va 180 litr yog‘. "Sahovat va ko‘mak" tadbiriga soliqchilar ham qo‘shildi


Chilonzor soliq inspeksiyasi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1200 shisha o‘simlik yog‘i yetkazgan.
Chilonzor soliq inspeksiyasi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1200 shisha o‘simlik yog‘i yetkazgan.

O‘zbekistonda karantin davrida muhtoj aholiga yordam berish bo‘yicha hukumat boshlagan "Sahovat va ko‘mak" kampaniyasiga ayrim shahar va tumanlarning soliq va prokuratura idoralari ham qo‘shildi.

Mahalliy imomlar Ramazon munosabati bilan tadbirkorlar va o‘ziga to‘q oilalarni sahovat tadbirida faol ishtirok etishga da’vat etib chiqdi.

Asosan tadbirkorlar zimmasiga yuklatilgan tadbir doirasida oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rinishidagi yordamlar har bir shahar va tumanda tashkil etilgan muvofiqlashtirish markazlarida to‘planmoqda va tarqatilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi matbuot hizmati 24 aprel kuni o‘z Telegram kanalida Chilonzor soliq inspeksiyasi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1200 shisha o‘simlik yog‘i, Uchtepa soliq inspeksiyasi 1.5 tonna makaron va 180 litr yog‘, Yashnobod tumani prokuraturasi 1 tonna un, Yunusobod tuman hokimligi 3 tonna guruch yetkazganini ma’lum qildi.

Uchtepa soliq inspeksiyasi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1.5 tonna makaron mahsulotlari va 180 litr yog‘ yetkazgan.
Uchtepa soliq inspeksiyasi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1.5 tonna makaron mahsulotlari va 180 litr yog‘ yetkazgan.

O‘zbekistonning boshqa shahar va tumanlaridagi soliq inspeksiyalari ham yordam markazlariga un, guruch yetkazib berayotganini bildirdi.

Sirdaryo viloyati Soliq davlat soliq xizmati muxtojlarga 3 tonna un yetkazib bergani haqida o‘z rasmiy saytida ma’lum qilgan.

Byudjetdan mablag‘ oluvchi bunday davlat tashkilotlari yordamlarni kimning hisobidan va qanday mablag‘ evaziga olib kelgani ma’lum emas.

23 aprel kuni Jizzax viloyat davlat soliq xizmatida ishlovchi xodim Ozodlikka 7 kunlik ish haqi kam ta’minlanganlarga hayriyaga deb ushlab qolingani haqda aytgandi.

Ozodlik xabari ortidan O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi rahbariyati xodimlarni xayriyaga majburlamaslik haqida joylardagi bo‘limlariga topshiriq bergani ma’lum bo‘ldi.

- Sizlarning xabaringizdan keyin to‘xtatishdi, oyliklarni to‘liq beradigan bo‘ldi, - xabar qildi Jizzax viloyat davlat soliq xizmatida ishlovchi xodim.

24 aprel kuni "O‘zEkspoMarkaz" hududida tashkil etilgan taqsimot markaziga yordam olib kelganlar orasida xalq deputatlari ham bor.

Toshkent shahar hokimligi kanalida Yunusobod tuman Xalq deputatlari Kengashining deputati Qahramon Muxammadqulov hamda "Premium engineering service" korxonasi birgalikda Yagona muvofiqlashtirish markaziga 4 tonna kartoshka, 2 tonna piyoz va 1 tonna sabzi olib kelgani haqda aytilgan.

Lekin bu yordamda deputatning ulushi qanchayu "Premium engineering service" korxonasiniki qancha ekani haqda ma’lum qilinmagan.

Shuningdek, “DMC – doktor Maksudovaning klinikasi” Toshkentdagi Yagona muvofiqlashtirish markaziga 1 tonna tovuq, “Navruz Invest” tashkiloti esa 1 tonna tuz olib kelgan.

Toshkent hokimligi Telegram kanalida bildirilishicha, 23 aprel kuni shahardagi 300 dan ortiq mahallaning 2 yarim mingga yaqin oilasiga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan.

O‘zbekiston bo‘yicha "Sahovat va ko‘mak" kampaniyasi boshlangan 20 apreldan buyon taqsimot markazlariga qancha yordam tushgani va tarqatilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar bilan uchrashdi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 24 aprel kuni Olmazor, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida tadbirkorlar bilan uchrashgan.

Hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda hokim koronavirus pandemiyasi sharoitida ehtiyojmand oilalar va qariyalarni, atrofdagilar ko‘magiga muhtojlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qilgan.

Ortiqxo‘jayev uchrashuvda "hayrli ishlarning boshini tutgan tadbirkorlar uchun qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratilishi"ni aytgan.

Toshkent hokimi 24 aprelь kuni tadbirkorlar bilan muxtojlarga yordam masalasini muhokama qilgan.
Toshkent hokimi 24 aprelь kuni tadbirkorlar bilan muxtojlarga yordam masalasini muhokama qilgan.

Tadbirkorlarni "Sahovat va ko‘mak" kampaniyasiga qo‘shilishga da’vat etish maqsadida o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar boshqa viloyatlarda ham o‘tkazilmoqda.

Andijon shahrida 23 aprel kuni bo‘lgan shunday uchrashuvda yuzdan ortiq tadbirkorlar biri 10 tadan 500 tagacha ehtiyojmand oilani o‘z qaramog‘iga olish istagini bildirgani haqda mahalliy nashrlar xabar qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni videoselektor yig‘ilishida aholiga yordamni byudjet emas, balki tadbirkorlar zimmasiga yuklovchi yangi "Sahovat va ko‘mak" umumxalq harakati tuzish haqida e’lon qilgan edi.

Ayrim tadbirkorlar karantin davrida o‘zlari mushkul ahvolga tushib qolgan bir paytda hokimliklar muhtojlarga yordam berishga majburlayotganini Ozodlikka aytishgandi.

Imomlar ham "Sahovat va ko‘mak" tadbirini targ‘ib etmoqda

Ayni paytda bir qator imomlar karantin davrida muhtoj aholiga yordam berish bo‘yicha hukumat boshlagan "Sahovat va ko‘mak" kampaniyasiga qo‘shilishga da’vat etib chiqdi.

Asosan tadbirkorlar zimmasiga yuklatilgan tadbir doirasida oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rinishidagi yordamlar har bir shahar va tumanda tashkil etilgan muvofiqlashtirish markazlarida to‘planmoqda va tarqatilmoqda.

24 aprel kuni Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan qilgan onlayn va’zida Toshkentdagi "Do‘stjonboy" masjidi imomi Rasuljon Ma’mur o‘g‘li "agar musulmonlar hayru ehsonlarini joylardagi yordamlarni taqsimlash markazlariga olib borib berishsa, ularning sadaqalari chindan ham muhtoj oilaga yetib borishi"ni ta’kidlaydi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar karantin davrida hayriyaga qarshi emasliklari, lekin davlat tarafidan markazlashtirilgan ehson yig‘ish va tarqatish tizimiga ishonqiramay qarayotganliklarini ta’kidlashgandi.​

Ehsonlarni yig‘ish va tarqatishni nazorat qilayotgan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rasmiylari tadbirkorlar va o‘ziga to‘q oilalar karantin davrida qiyin ahvolda qolganlarga ko‘ngilli yordam berayotgani va jarayonning to‘laligicha shaffofligini va har bir yordam muhtojlarga yrtib borayotganini aytishgan.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mamlakatda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.

XS
SM
MD
LG