Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:33

XI asrga oid maqbara Madaniyat vazirligi iznisiz qayta qurildi. Mutaxassislar buni "vandalizm" deb atadi


Zulkifl maqbarasining ta’mirgacha va ta’mirdan keyingi ko‘rinishi.
Zulkifl maqbarasining ta’mirgacha va ta’mirdan keyingi ko‘rinishi.

Yahudiylar payg‘ambar deya qadrlaydigan Zulkiflning eski Termizdagi maqbarasi ta’mir bois tarixiy ahamiyatini yo‘qotdi.

Afg‘oniston bilan chegara zonasida Amudaryo o‘rtasidagi xalq “Payg‘ambar oroli” deb ataydigan yerda joylashgan XI asrga oid maqbaraning “yaltillatib ta’mirlangan” rasmini Ozodlikka yuborgan qadimshunos G‘ayrat Qo‘ziboyev buni “vandalizm” deb baholadi.

Maqbaraning endi hech qanday tarixiy ahamiyati qolmadi¸ deyarli yangitdan qurishdi¸ dedi Qo‘ziboyev.

- Maqbara joylashgan yer chegara zonasi bo‘lgani uchun u yerga turist yoki oddiy aholi yaqinlashishi taqiqlangan. Shu bois uch yil oldingi qo‘lbola “ta’mir” haqida bugun bildik¸ dedi Rossiya dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev.

Maqbaraning ta’mirdan oldingi ko‘rinishi
Maqbaraning ta’mirdan oldingi ko‘rinishi

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva Ozodlik bilan suhbatda “qadimiy maqbaraning 2017 yil viloyat hokimligi tomonidan Madaniyat vazirligi bilan kelishilmasdan ta’mir qilinganini tasdiqladi.

"Hokim bovo amri bilan..."

Surxondaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasining ismi aytilishini istamagan xodimi “ta’mir hokim bovo amri bilan” va uning" didi asosida amalga oshirilganini bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 2017 yili Surxondaryo hokimi lavozimida ishlagan Erkinjon Turdimovning o‘zi flomaster bilan qog‘ozga chizib¸ "mana shunday bo‘lishi kerak"¸ deb remontni boshlattirib yuborgan.

Turdimov hozir Samarqand viloyat hokimi lavozimida ishlamoqda.

Mavjud qonunchilikka zid tarzda¸ qurilish paytida Surxondaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasi inspektorlari obidaga yaqinlashtirilmagan.

Obidani maxsus ta’mirlash idorasi emas¸ balki oddiy ustalar amalga oshirgan.

Maqbara taqiqlangan hududda joylashgani sababli, kadastr hujjatlari ham tayyorlanmagan.

"Payg‘ambar oroli"dagi qurilish

Bu jarayonga oid san’atshuos va qadimshunoslar e’tirozlariga munosabat bildirgan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva “maqbaraning qurilish loyihasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilmagan”ini bildirdi:

-“Zulkifl” maqbarasi avariya holatiga kelib qolganligi, yomg‘ir va qor suvlari o‘tganligi sababli, ob’yektni saqlab qolish maqsadida 2017 yil viloyat hokimligi tomonidan maqbara homiylik mablag‘lari evaziga juda qiyinchilikda, qurilish materiallari Amudaryo orqali, harbiylarning paromlari yordamida olib o‘tilib, restavratsiya qilingan.Ammo bu ishlar uchun vazirlik izn bermagan.

Asqarxo‘jayevaning aytishicha¸ maqbara xususiy qurilish shirkati tomonidan "remont qilingan":

- Qurilish shirkati egasi bo‘lgan tadbirkor Bahrom Sharipov tomonidan homiylik mablag‘lari ajratilib¸ tadbirkorning qurilish tashkiloti tomonidan restavratsiya qilindi.

Asqarxo‘jayevaning aytishicha¸ bundan oldin professional restavratorlar qadimiy obidani asl holida saqlab qolish uchun harakat qilgan:

- Siz taqdim qilingan surat “Zulkifl” maqbarasining 1990-2000 yilgacha bo‘lgan ko‘rinishidir. Maqbara holatini yaxshilash maqsadida 2011-2012 yillarda respublika byudjetidan 200 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, maqbaraning ichki qismi to‘liq va tashqi tarafi qisman ta’mirlangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi 846-son qarori qaroriga asosan¸ “Zulkifl” arxitekutura yodgorligi kadastr yig‘ma jild hujjatlari tayyorlanib, Madaniy meros boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirildi¸ dedi mulozima.

Maqbaraning ta’mirdan keyingi xoli
Maqbaraning ta’mirdan keyingi xoli

Maqbara haqida

San’atshunos Adbumalik Turdiyevning aytishicha¸ “Payg‘ambar oroli me’moriy majmuasi” unikaldir:

- XI asrga oid me’moriy qurilmalar oz sonda. To‘rt tarafi suv bilan o‘ralgan obidalar esa juda oz. Men qabrda payg‘ambar jasadi bormi¸ yo‘q degan tortishuvni aylanib o‘tib¸ binoning tarixiy estetik ahamiyatini gapirsam. San’atshunoslik institutida ishlaganimda maxsus ruxsat olib motorli kater bilan majmua atrofini aylangandim. Haqiqatda go‘zal. Majmuada Injil¸ Tavrot va Qur’onda nomi zikr etilgan Zulkifl ( Injilda Iezekiil¸ qadimgi yahudiy tilida יחזקאל, ’xezkel¸ ivritda . ‏יְחֶזְקֵאל‏-taxr) qabri bor deb ishoniladi. Bundan tashqari¸ abbosiylarning atoqli lashkarboshlaridan Ishoq ibn Kunaja (992 yillarda vafot etgan) qabri ham bor. Amudaryodagi "Payg‘ambar oroli"ning janubiy qismida joylashgan masjid go‘rxona va ularga tutash ikki xonadan iborat. Binolar turli davrlarda bunyod etilgan. Masjid murabba tarhli, gumbazli, oldi peshtoqli. Mehrobiga ganchkori girih naqsh ishlangan. Go‘rxona masjid sathidan 1 metcha baland qilib qurilgan, unda sag‘ana tiklangan. Go‘rxonaning ikki eshigi orqali tutash qurilgan ikki xonaga o‘tiladi. Xonalar devoriga pishiq g‘ishtlar mavjli (to‘lqin) tarzda terilgan.

Suhbatdosh majmuaning Movarounnahr va Xuroson o‘rtasidagi kechuv joyida bo‘lgani bois¸ asrlar mobaynida yo‘lchilar sig‘inog‘iga aylanganini ta’kidlaydi.

- Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra¸ maqbara islomdan oldingi obida ustiga tiklangan. Samoviy kitoblarda Zulkifl yahudiy qavmiga yuborilgan payg‘ambar sifatida eslanadi. Zulkifl Qur’oni Karimda nomi zikr etilgan 24 payg‘ambarlardan biri. Asl ismi Bishr. Ayyubning o‘g‘li. Lekin ba’zi rivoyatlarda rumliklar iymon keltirib unga ergashganliklari naql etiladi. Bu qavm Zulkifldan uzoq umr ko‘rishni Allohdan so‘rashni iltimos qilgan, Parvardigor Zulkiflning duosini qabul etib, ular “o‘zlari xohlamaguncha o‘lmaslar, bunga sen ham kafil bo‘lgin” degan vahiy keladi. Bishr o‘z qavmiga bu bashoratni etkazdi. Ilohiy vahiyga o‘zi kafil bo‘ldi. Shu sababli uni Zulkifl (kafolat sohibi) deb atay boshlaganlar. Iroqda al-Hilla yaqinida odamlar Zulkiflning qabri deb hisoblaydigan ziyoratgoh bor. Boshqa joylarda ham Zulkifl maqbarasi mavjudligi, jumladan u Termiz yaqinida dafn etilganligi haqida rivoyat qiladilar. Boshqa dinshunoslar Zulkiflning eramizdan 622 yil oldin Quddusda tug‘ilgani va eramizdan 570 yil oldin Bobilda o‘lganini aytishadi. Zulkiflning qabri hozirgi Suriya hududida ham mavjud.

Restavratsiyadan keyin obidaning tarixiy ahamiyati yo‘qoldi

Rossiya dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev “Zulkifl” maqbarasining tashqi g‘ishtin devorining butkul yangilangani¸ gumbazining esa plastik rubiroiddan yasab qo‘yilgani oqibatida obida tarixiy ahamiyati yo‘qotganidan taassuf bildirdi.

Qo‘ziboyev maqbaraning ta’mir bahona vayron qilinganini O‘zbekistondagi tarixiy obidalarga bo‘lgan volyuntaristik munosabatning tipik ko‘rinishi deb hisoblaydi:

- O‘zbekistondagi juda qadimiy va unchalik qadimiy bo‘lmagan obidalarga munosabat o‘ta ayanchli. O‘tmish sivilizatsiyalarini tamsil qilgan minglab obidalar jamlangan O‘zbekistonda allaqachon ularni himoya qilish uchun kuch ishlatish salohiyatiga ega bo‘lgan maxsus politsiya tuzish kerak edi. Yoki qadimiy obidalar bo‘yicha alohida vazirlik lozim. Bunday vazirlik Misrda mavjud va samarali ishlaydi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi obidalarni saqlash masalasida o‘zini mutlaqo diskreditatsiya qilib bo‘ldi. Professional malakasizlik¸ jinoiy befarqlik va bilimsizlik bu vazirlikka xos bo‘lgan jihat. Vazirlikning joylardagi mulozimlari mahalliy hokimlarning “chapayevcha” buyruqlarini yugurib borib bajaradigan yugurdakka aylangan. Hukumat bo‘lsa¸ o‘zini huddi muammoni tushunadiganday qilib ko‘rsatib¸ aslida so‘nggi 20 yilda shakllangan vandalizm siyosatini amalga oshirmoqda. Mirziyoyev Xivaga borganida “har bitta g‘ishtni avaylash” haqida gapirdi. U bu gapni restavratsiya bo‘yicha tor mutaxassislar davrasida aytayapti. Qishloq xo‘jalik texnikasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Mirziyoyev restavratorlarga aql o‘rgatmoqda. Bunday feodal yondashuv bois Shahrisabz o‘z qadimiyligini yo‘qotdi. Xivadagi "Qo‘ydarvoza" yoniga zamonaviy vokzal qurib¸ obidaga zarar yetkazdik. Bugunga kelib har xil turdimovu ramatovlar buyrug‘i bilan yuzlab obidalar buzildi¸ vayron qilindi¸ yaltillatib qadimiy ohoridan mosuvo qilindi. Biz qaytib bo‘lmaydigan nuqtadan ancha uzoqlashdik. Kelajak avlod bizni varvar buzg‘unchilar deya eslaydi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Qo‘ziboyev.

XS
SM
MD
LG