Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:25

Bir guruh adiblar navoiyshunos olimning ozod qilinishini so‘rab Prezidentga xat yozdi


Akrom Malik
Akrom Malik

2016 yil, 22 iyuldan buyon qamoqda saqlanayotgan navoiyshunos olim Akrom Malik ozod qilinishini so‘rab, 20 ga yaqin o‘zbek adiblari 27 aprel kuni mamlakat Prezidentiga maktub jo‘natdi.

Maktubga Murod Karim¸ Olima Nabizoda¸ Zarif Sultoniy¸ Shukurjon Islomov¸ Abdulhamid Ismoil¸ A’zam Obidov¸ Pahlavon Sodiq¸ Alisher Nazar, Olimjon Davlatov kabi mamlakatda va undan tashqarida ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar imzo chekkan.

Xatni imzolagan orasida O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ham bor.

Akrom Malik 2016 yilning yozida konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va jamoat xavfsizligiga xatar soluvchi materiallar tayyorlashda aybdor, deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Maktubni imzolaganlar: Iste’dod sohibining kuchga to‘lgan davri qamoqda o‘tmasin!

Ozodlik bilan qisqa suhbatda Xurshid Davron “Ikki tomlik Navoiy ensiklopediyasi mualliflaridan biri bo‘lgan Akrom Malik (Malikov Akrom Abduxamidovich) afv qilinib, qamoqdan ozod bo‘lishini istayotganlar bilan hamfikr ekanligini” ta’kidladi.

Maktubga imzo chekkanlardan yana biri, 62 yashar shoir va tarjimon Abdulhamid Pardayev Ozodlik bilan suhbatda “30 yashar nodir iste’dod sohibining eng gullagan va kuchga to‘lgan yillari qamoq panjaralari ortida o‘tmasligi kerak” deb hisoblashini aytdi.

Adiblarning "O‘zbekiston prezidentiga iltimosnoma"si mana bunday yakunlanadi:

“Biz, bir guruh ziyolilar, navoiyshunos va shoir Akrom Malikning ozod etilishiga davlatimizning tegishli tashkilotlari, xususan, Afv masalalari bo‘yicha komissiya, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi munosib hissa qo‘shishlarini so‘raymiz”.

Otasi ham, o‘zi ham afv so‘ragan

Bundan oldin Inson huquqlari bo‘yicha Respublika Milliy markaziga Akram Malikning otasi, Pskent tuman bosh imom xatibi Abdulhamid Malikov ham murojaat qilib, o‘g‘lining ozod qilinishini iltimos qilgan edi.

Qamoqda jazo o‘tayotgan Akrom Malikning o‘zi ham prezidentga maktub yozib, “Karimov davrida siyosiy sabablarga ko‘ra qamoqqa olinib, aybsiz aybdorga aylanganidan” shikoyat qilgan edi.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan bu maktubda Akrom Malik “Karimov siyosatiga tanqidiy yondashgani va buni o‘z maqolalarida ochiq yozgani uchun qamoqda o‘tirgani va davlatga qarshi hech qanday jinoyat sodir etmaganini, jamoat xavfsizligiga aslo tahdid solmaganini” bayon qilib, jinoyat ishiga taalluqli barcha dalillarni uydirma, tuhmat deb atagan.

Akrom Malik manzil koloniyada
Akrom Malik manzil koloniyada

Qanday qamalgan edi?

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida muxolifat nashrlarida qator tanqidiy maqolalar yozgan Akrom Malik 2016 yilning 22 iyulida hibsga olingan, keyinchalik sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 159-moddasi – konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va 244-moddasi – jamoat xavfsizligiga xatar soluvchi materiallar tayyorlashda aybdor deb topilgan edi.

Akrom Malik yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, u 2016 yilning 22 iyul kuni Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga xorijga chiqish stikerini olish uchun borgan va bir ayolga tegajog‘lik qilganlikda ayblanib¸ mayda bezori sifatida 15 sutkaga qamalgan.

Qamoqqa olingan paytda Akrom Malikning cho‘ntagidan "Islom davlati" jangari guruhining qora bayrog‘i surati joylashtirilgan flesh-karta topilgani Ozodlik tanishgan sud tergov hujjatlarida yozilgan. Bu hujjatlarda Akrom Malikning 2015 yilda muxolifatchi shoir Muhammad Solih bilan elektron pochta orqali yozishgani ham jinoyat sifatida malakalangan.

2017 yilning 13 yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi Akrom Malikni Jinoyat kodeksining 159-moddasi – konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va 244-moddasi – jamoat xavfsizligiga xatar soluvchi materiallar tayyorlashda aybdor deb topib 6 yil ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan edi.

Olimning ba’zi chiqishlari bahs uyg‘otgan edi

Akrom Malikning jinoyat ishi bilan 2018 yili tanishgan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich uning Abdulloh Nusrat taxallusi bilan e’lon qilgan maqolalarida davlatning shariatga asoslangan formati ijobiy aks ettirilganligini yozgan edi.

“Biz fabrikatsiya qilingan har qanday uydirma jinoyat ishiga qarshimiz va odam sodir qilmagan ishi uchun jazo o‘tashini qoralaymiz. Shu jumladan Akrom Malikni ham. Lekin Akrom Malikdan konfet yasash ham kerak emas”, deb yozgan edi Volosevich.

Bu so‘zlar ortidan Volosevich maqolasida Akrom Malik yozgan maqolalarning ruscha tarjimasi qo‘yilgan. Maqolalardan birida “xalq davlat boshqaruvining shariatga asoslangan shaklini tanlasa bu uning haqqidir” deyiladi.

27 aprelda Prezident nomiga yuborilgan maktub mualiflari - bir guruh adiblar ham Akrom Malik "xato qilgan bo‘lishi mumkinligini" nazardan qochirmaydi:

“Akrom Malikning jinoyatda ayblanish uchun asos bo‘lgan qilmishi qaysidir jihatlari bilan uni jazolashga asosli deganimizda ham bugun uni ortiq qamoqda saqlashdan biror manfaat bor deb o‘ylamaymiz. Ilm olishni sidqidildan istagani, ilmni hayotining ma’nosi deb bilayotgani uchungina u ozod qilinsa, bu aslo afsuslanarli ish hisoblanmasdi. Chunki Akrom Malik xato qildi deb ishonganimizda ham, haqiqatga bo‘lgan muhabbati sababli xato qilgani aniq. U o‘tgan vaqt davomida barcha xatolaridan tegishli xulosa chiqarganiga aminmiz” deyiladi maktub davomida.

O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgani ortidan Karimov davrida siyosiy mahkum sifatida turli hisobotlardan o‘rin olgan 20 ga yaqin mahkum ozod qilingani va Jasliqdagi qamoqxona yopilgani xalqaro tashkilotlar olqishiga sabab bo‘lgan edi.

Shoir¸ olim, mahkum

Akrom Malik (Akrom Malikov) 1990 yilning 19 sentabridagi Toshkent viloyat, Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti bitiruvchisi. Ijodiy ishlari O‘zbekistondagi gazeta va jurnallarda nashr qilingan. “Buyur, ko‘ngiljonim” (2007), “O‘zlikka talab” (2012) she’riy to‘plamlari chop etilgan. Mumtoz o‘zbek adabiyoti, xususan , Alisher Navoiy ijodiga oid tahliliy maqolalari chop qilingan. "Alisher Navoiy ensiklopediyasi" mualliflaridan biri. Hozirda u Toshkent shahridagi manzil koloniyada jazo o‘tamoqda.

XS
SM
MD
LG