Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:34

COVID-19: Rossiyada virusga chalinganlar sonida yangi rekord; Eronda masjidlar ochiladi


COVID-19 qurbonlari xotirasiga gul qo‘yayotgan yo‘lovchi, 1 may, 2020, Moskva
COVID-19 qurbonlari xotirasiga gul qo‘yayotgan yo‘lovchi, 1 may, 2020, Moskva

3 mayda Rossiyada 10 600 dan oshiq koronavirus yuqtirganlik holati qayd etildi. Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qamrovi kengayishi ortidan yana bir kunlik rekord ko‘rsatkich yuzaga keldi.

Hukumat vakillariga ko‘ra, yangi 10 ming 633 ta virus yuqtirganlik holatidan so‘ng jami ko‘rsatkich 134 687 taga yetgan va Rossiya bu bilan jahonda 7-o‘ringa chiqib ketgan.

Bu ikkinchi kungi rekord ko‘rsatkichdir: 2 mayda 9 ming 623 ta shunday holat qayd etilgan edi.

Rossiya qayd etilgan kunlik virus yuqtirganlik ko‘rsatkichi bo‘yicha Yevropada birinchi o‘ringa chiqdi. Ammo rasmiy o‘lim holatlari, Italiya, Ispaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan solishtirganda, ancha past.

So‘nggi 24 soatda 58 kishi halok bo‘ldi va jami o‘lganlar soni, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1280 taga yetdi. 15 mingdan oshiq kishi kasallikdan tuzaldi.

Infeksiya yuqtirganlar orasida bosh vazir Mixail Mishustin ham bor, u 30 aprelda tibbiy tekshiruvdan o‘tgandan so‘ng koronavirus yuqtirgani ma’lum bo‘lganini xabar qilgan.

Ayni paytda hukumat tanqidchilari va mustaqil mutaxassislar Rossiyada koronavirusdan o‘layotganlar soni bundan bir necha baravar ko‘pligi, ko‘plab shaxs «pnevmoniyadan o‘ldi» deb qayd etilayotganini aytmoqda.

Poytaxt Moskva shahri meri Sergey Sobyanin virus yuqtirishlar soni hali maksimal darajaga yetmaganini, shu sababdan karantin choralari kuchaytirilishi mumkinligini aytdi.

Ayni damda Moskva turg‘unlari yegulik va dori-darmon xarid qilgani, chiqindi tashlagani yoki itlarini sayrga olib chiqish maqsadida ko‘chaga chiqishi mumkin. Ommaviy yoki xususiy transport vositalaridan foydalanish uchun hukumat beradigan maxsus raqamli kod olish lozim.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin vaziyat «og‘ir» ekanligini ta’kidladi.

Shunday bo‘lsa-da, koronavirusni nazorat qilish bo‘yicha Moskva shtabi raqamlardagi o‘sish qisman sinovlar ko‘lami oshgani uchun qayd etilganini bildirdi. Moskva rasmiylariga ko‘ra, boshida shaharda faqat bitta test markazi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ular soni 14 ga yetdi.

Bu orada Yaqin Sharqda koronavirus o‘chog‘iga aylangan Eronda prezident Hasan Ruhoniy 4 maydan boshlab virusga chalinish xavfi oz bo‘lgan hududlarda masjidlar ochilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 132 tumanda masjidlar ochiladi.

Prezident Islomda xavfsizlikka rioya qilish shart ekanligini, masjidlarda ibodat qilish esa faqatgina «tavsiya» qilinishini aytib, aholini ijtimoiy masofa saqlashda davom etishga chorladi.

Ruhoniy, shuningdek, o‘quvchilar yozgi ta’tildan oldin bir oy saboq olishiga imkon berish uchun maktablarni 16 maydan ochish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

Eronda bugunga qadar 96 440 nafar odam virusga chalindi, ularning 6 150 dan oshig‘i infeksiya tufayli nobud bo‘ldi.

Eron va uning tashqarisidagi mutaxassislar Eron hukumati tarqatayotgan ma’lumotlarni shubha ostida olib keladi. Ularning aytishicha, mamlakatda virusga chalinganlar hamda nobud bo‘lganlar soni aslida ancha yuqori.

Eronda pandemiya tufayli oliygoh, kinoteatr, stadion va boshqa jamoat joylari yopilgan. Ammo Eron rasmiylari 11 apreldan boshlab mamlakat iqtisodini qadamma-qadam qayta ocha boshladi.

Prezident Ruhoniy bundan buyon ham karantin choralari yumshatilib borilishini aytdi.

XS
SM
MD
LG