Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:25

O‘zbekiston "Xotira va qadrlash kuni"da sovetlarning “G‘alaba” bayramini nishonlashga hozirlanmoqda


O‘zbekistonda "G‘alaba" bayramiga atalgan filmdan kadr.
O‘zbekistonda "G‘alaba" bayramiga atalgan filmdan kadr.

O‘zbekistondagi joriy karantin choralariga qaramasdan Toshkent va viloyat markazlarida Ikkinchi jahon urushi tugagan sanani “Xotira va qadrlash kuni” sifatida emas¸ balki sovetcha “G‘alaba” bayrami sifatida nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Prezident administratsiyasi va AOKAdan tushgan tavsiya asosida rasmiy matbuot “buyuk g‘alaba” so‘zini ishlatmoqda.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi suratga olgan filmda “Stalin uchun jangga kirgan” sovetsevar o‘zbeklar aks ettirilgan.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rassomlari esa “ulug‘ rus og‘a rahbarligida ta’minlangan g‘alaba” haqida 30 metrlik panno va barelyef yaratish ustida so‘nggi ishlarni olib bormoqda.

"Turon" harbiy teatri esa Stalinning “muqaddas urushi” vasf qilingan “Vstavay, strana ogromnaya!” degan sovet qo‘shig‘i asosida teatrlashtirilgan tomoshani sahnalashtirdi.

Har bir viloyatda sovet harbiy quroli ulug‘langan “Jasorat” bog‘lari tashkil qilindi. O‘zbekiston davlat byudjetidan ajratilgan katta mablag‘lar asosida amalga oshirilayotgan bu ishlarning bir qismini Rossiyaning “Rossotrudnichestvo” federal agentligi yordamida Toshkentga Rossiya va Xitoydan kelgan mutaxassislar bajarmoqda.

Toshkentdagi "G‘alaba darvozasi" sizni SSSRga eltadi...

Toshkentda prezident Mirziyoyev buyrug‘iga asosan qurilishi yakuniga yetgan “G‘alaba bog‘i” ma’murining Ozodlikka bildirishicha, bu maskanda ramziy darvoza – "G‘alaba arkasi" o‘rnatilgan.

Bu darvozadan kirsangiz¸ sovet jangchilari palatkalariga ko‘zingiz tushadi. Sovet armiyasi harbiy gospitallari maketlari, rus sovet harbiylarning xat-hujjatlari, idishlari, kiyim-kechagi, shaxsiy buyumlari va boshqa urushga oid lavhalar aks etgan majmualar tashkil etildi. Sovet harbiy texnikalari maydoni, Zulfiya Zokirova va uning urushdan qaytmagan besh o‘g‘li hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” muzeyi, vokzal, “G‘alaba” muzeyi, harbiy shaharcha, sovet askarini ulug‘lovchi ekspozitsiyalar o‘rin oldi”.

“G‘alaba bog‘i” “Trest 12“ AJ tarafidan barpo qilingan.

Bu qimmat loyihaning nega tender o‘tkazlmasdan¸ bu shirkatga topshirilgani borasidagi Ozodlik savoliga “O‘zshaharsozlik LITI“ bosh me’mori Gulshoira Magametova javob bera olmadi.

"Sovetcha propaganda bo‘yicha Rossiyadan o‘zdik"

“G‘alaba” bog‘idagi muzey uchun balandligi 5 metr¸ uzunligi esa 30 metrlik rangtasvir panno ishlagan 54 yashar talantli rassom Alisher Aliqulov Ozodlik bilan suhbatda¸ o‘z asarining “o‘zbek xalqining ulug‘ vatan urushidagi madadini” aks ettirishini ta’kidladi.

Rassom Alisher Aliqulov o‘z asari fonida
Rassom Alisher Aliqulov o‘z asari fonida

Bu rasmni yaratishda rassom Rustam Bozorov ham ishtirok etgan.

Rassomlar ish ustida
Rassomlar ish ustida

Ozodlik muxbiri Olmazor tumanida yaratilayotgan “G‘alaba” bog‘ida ishlayotgan dizayner rassom bilan suhbatlashdi. O‘zini Renat Ibrohimov deb tanishtirgan dizaynerga ko‘ra¸ Xitoy xalq respublikasidan kelgan haykaltaroshlar¸ “Rossotrudnichestvo” federal agentligi kuratorlari bilan birga “Ulug‘ g‘alaba” degan barelyefni yaratishgan.

Xitoy rassomi yaratgan haykal
Xitoy rassomi yaratgan haykal

Bu barelyefni ko‘rgan O‘zbekiston Xalq rassomi Bahodir Jalol o‘z Facebook sahifasida “Yetib keldik. San’at tugadi” deb yozdi. Ozodlik suhbatlashgan taniqli musavvira Gulzoda Mamatova nazarida bu "asar" "saviyasizlik va jo‘n propagandadan boshqa narsa emas".

Toshkentdagi "G‘alaba bog‘i"
Toshkentdagi "G‘alaba bog‘i"

Rossiya dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev Ozodlik bilan suhbatda:

- Sovetcha propaganda bo‘yicha Rossiyadan o‘zdik. Rossiyadagi aksar ziyolilar bunday yondashuvdagi “san’at” ustidan kulishadi. O‘zbekiya yana eski sovet paytidagi kabi Moskvaga laganbardorlik qilishda kolxozcha provinsiyaning noyob turini ko‘rsatdi. Uyat¸ dedi.

"Mirziyoyev davrida O‘zbekiston Moskvaning orqa bog‘chasiga aylandi"

Rossiya ulug‘davlatchilik ideyalarini tarannum qiladigan dizaynerlarning O‘zbekistonni “fath” qilishi Mirziyoyev iqtidori davrida boshlandi.

Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik dizayner, 43 yashar Artemiy Lebedev 2018 yili Toshkent shahar hokimligida qabul qilinib¸ Toshkent shahrini bezash bo‘yicha astronomik summadagi pulga buyurtma olgan.

Bundan oldin Lebedev 2014 yili Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarim oroli logotipini chizgan edi.

"Karimov go‘rida tik turdi"

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov paytida “g‘alaba” so‘zini Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘lab ishlatishga rasman taqiq bo‘lgan. “G‘alaba kuni” degan qo‘shiq ijrochisi Iosif Kobzonning O‘zbekistonga kelishi taqiqlangan edi.

2012 yilda Toshkentda diplomatlar va xorijiy ishbilarmonlar qarshisida gapirgan marhum Karimov "bugungi o‘zbek yoshlari sovet tuzumi nima ekanini bilmaydi. Ular o‘z kuchiga ishongan, erkin va asosiysi, o‘tmish mafkurasidan allaqachon xalos bo‘lgan yangi avloddir"¸ deya ta’kidlagan edi.

Iosif Stalin, kollaj
Iosif Stalin, kollaj

1999 yildan boshlab O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlab kelinayotgan 9 may 2018 yilga kelib¸ “Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram”ga aylantirildi.

O‘zbekistonda “Ulug‘ g‘alabani” abadiylashtirish haqida 2019 yil iyulida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev:

“Bizning mard, yengilmas va oliyjanob xalqimiz buyuk G‘alabani ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz"¸ degan edi.

2019 yil 9 may kuni SSSRni qayta tiklash yo‘lidagi madaniy-mafkuraviy tadbir sifatida ko‘riladigan "O‘lmas polk" aksiyasi O‘zbekiston poytaxti va boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tgan va unda o‘zbek ziyolilari qotili Stalin rasmi ko‘tarilgan edi.

1941-45 yillardagi urushga bir yarim milliondan oshiq o‘zbekistonlik jo‘natilgan (o‘sha paytdagi O‘zbekiston aholisining qariyb uchdan biri tahr.) va ulardan yarim millioni o‘ldirilgan¸ 650 mingga yaqini majruh bo‘lib qaytgan.



XS
SM
MD
LG