Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:23

"Moskvada, 2 xonali kvartirada 9 o‘zbekistonlik yashaymiz. Hammamizga koronavirus yuqqan"


Jamshid Turdiyev - koronavirusdan davolanayotganlardar biri.
Jamshid Turdiyev - koronavirusdan davolanayotganlardar biri.

Rossiya koronavirus yuqqanlar soni bo‘yicha Italiya va Britaniya​ni​ ortda qoldirib, dunyoda uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Kuniga mamlakatda 11 mingdan ziyod virus yuqtirganlar aniqlanmoqda.

Kasallikka chalinganlar qatorida Rossiyada izolyatsiya holatida qolayotgan minglab o‘zbek muhojirlari ham bor. Koronavirusdan aziyat chekayotgan o‘zbekistonlik muhojirlaridan biri Ozodlikka qanday kun kechirayotganini so‘zlab berdi.

Hozirga kelib Rossiyada koronavirus infeksiyasi 221 mingdan ortiq odamda topildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda “izolyatsiya rejimi” uzaytirilishini e’lon qildi. Jumladan, uchinchi marotaba uzaytirilayotgan “o‘zini yakkalash” holati epidemiologik vaziyat murakkablashib borayotgan Moskva shahri va viloyatida 31 maygacha saqlab qolinadi.

COVID-19 kasalligi bilan Rossiyada yashayotgan mehnat muhojirlari ham kasallanayotgani ma’lum.

Rossiyada 28 martdan buyon davom etayotgan karantin holatida millionlab mehnat muhojirlari, xususan o‘zbekistonliklar qolmoqda.

Navoiylik 43 yashar Jamshid Turdiyev koronavirus yuqtirgan migrantlardan biri. Ozodlik bilan suhbatlashgan muhojir u yashayotgan 2 xonali kvartiradagi 9 o‘zbekistonlikning hammasi kasal ekanini aytadi:

- Kasallik boshlanganida biz ham qo‘llarimizni yuvib, qo‘l berib so‘rashmasdan gigiyenaga qat’iy rioya qila boshladik. Ammo, ko‘pimiz dostavkada, magazinlarda odamlar bilan ishlaydi - baribir bu balo kirib keldi bizga. Surishtirsak, boshqa tanish kvartiralarda yashovchilar ham kasallangan, o‘zlari davolanib, boshqa muhojirlarga yuqtirgan ekan. 2 xonali kvartirada 9 kishimiz. Hammamiz kasal bo‘ldik - lekin hech kim do‘xtirga murojaat qilishni xohlamadi.

Jamshidning aytishicha, kasallik kvartirada yashovchilarga har xil ta’sir qilgan. Suhbatdosh unda paydo bo‘lgan koronavirus alomatlarini batafsil ta’riflab o‘tdi:

- Meni yoshim kattaroq bo‘lgani uchun biroz og‘irroq kechyapti. Hammaga har xil ta’sir etarkan. Bir hafta oldin boshlangan bo‘lsa, bitta 25 yoshli yigitimizda bosh og‘riyapti, xolos. Qolganlarda yuqori harorat, mushaklar og‘rig‘i, yo‘tal, lablarga uchuq chiqish, kuchli bosh og‘riq.

Menda birinchi bosh og‘riqdan boshlandi, keyin ichim qizidi, yurak notekis tez ura boshladi, tez nafas olishdan boshlandi. Keyingi kun harorat ko‘tarildi, 37-38 bo‘lib. Yana ikki kundan keyin hid va ta’m bilish yo‘qoldi. Tilimning uchi va ust qismi ta’m sezmay qoldi. Undan keyin tomoq qichishib, yo‘tal boshlandi. Ayniqsa ko‘p gapirsam. Keyin oyoq-bel mushaklarida, qo‘l-oyoq bo‘g‘inlarida og‘riq paydo bo‘ldi. Ko‘z soqqasi atroflari qattiq og‘riydi. Sal shamolga ham sezgirlik oshib ketdi. Shu kunlarda juda qiyin bo‘ldi, ertalabgacha uxlolmadim.

Bir haftadan beri kasallanib yotgan o‘zbek muhojiri koronavirusning asosiy belgilariga yo‘tal va haroratdan tashqari qattiq holsizlanish va havo yetishmasligini ham kiritish mumkinligini aytdi.

Jamshid Turdiyev ayrim xonadoshlari kasallanganiga qaramasdan shifokorlarga murojaat qilishdan bosh tortgani va shu holatda ishga borib-kelayotganini bildirdi.

- Xonamizda ishlaydiganlar bor. O‘zi kasal, kechasi temperatura qiladi - kunduzi harorat bo‘lmaganda esa ko‘chaga chiqib, “dostavka” qiladi, metroga tushadi. Chunki ularni boshqa iloji yo‘q! “Kvartira egasi to‘laysan, deyapti. Bir oy oldin kechiktirib olgan bo‘lsa, hozir oldindan ogohlantiryapti. Ishlamasam ko‘chada qolib ketaman”, deyapti-da. Ularni bir narsa qo‘rqityapti - pnevmoniya bervorishi mumkin, deb, o‘pkaga. Vodiydan furalarda yuk kela boshlasa, o‘shalar bilan qaytib ketmoqchi. Odamlarimiz juda ko‘pi bu yerda qolish istagi yo‘q. Chunki Rossiya ikkinchi Amerika yo Italiyaga aylanib ketish xavfi turibdi. Haliyam bizga qandaydir yengilroq formasi yuqibdimi, uncha qiynamadi.

Jamshidning aytishicha, xonadoshlari kunlik 700-1000 rubl ishlab, chegaralar ochilishini kutib yotibdi.

Jamshid Moskvada faoliyat yuritayotgan “Jamoatchilik kengashi” markazi bepul vrachlaridan kasallik pnevmoniyaga aylanib ketmasligi uchun nima qilish kerakligi borasida tibbiy maslahat olganini ham ma’lum qildi.

U Rossiyada qolgan o‘zbeklarning ko‘pi haqiqatan qiyin ahvolda qolgani va hukumat ular taqdiriga oid biror qaror chiqarmasa yoki ularni olib chiqib ketmasa, vaziyat yanada murakkablashishini aytdi.

- Bu kasal bolalar majburligidan ishga chiqib ketyapti, kasallik tarqatib! Shahardan tashqaridagilarga ham pul bermayapti ekan - “Biz kasalmiz, kelma!”, desak ham “Aka, ochlikdan ko‘chada o‘lgandan ko‘ra, shu yerda o‘lganimiz yaxshi!”, deb kelyapti oldimizga uysiz qolgan tanishlar. O‘zbekiston hukumati bu masala bilan jiddiy qiziqishi kerak. Qaytmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p. Hamma videorolikdagi “Ketaman!” degan bola ustidan kulyapti. Lekin u haqiqatan vahimada ekanini tasavvur qilishmayapti!

Jamshid Turdiyev bir nechta kvartirada yashovchi kasallangan boshqa migrantlarda ham vaziyat shunday ekani, ular uyda yotib davolanayotgani va kasalligiga qaramasdan, ishga chiqishga majbur ekanini bildirdi.

Jamshid koronavirusni aniqlovchi shifokorlar koronavirus alomatlari aniqlanganlardan endi rentgen nurlanishmas, tomografiyani talab qilishmoqda, dedi.

- Tomografiyaga esa navbat katta, juda kam joyda ekan tomografiya. Shifoxonaga asosan Rossiya fuqarolari murojaat qilishyapti, ro‘yxatga olinyapti. Muhojirlarimiz unga yetib borolmaydi ham. Shu sababli kasalxonaga bormasdan, uyda o‘tirib davolanayotgan muhojirlarimiz juda ko‘p! Juda og‘ir bo‘lib qolganlar borishi mumkin. Kasalxonalarda joy yo‘q - ko‘pini “Tez yordam” olib ketmas ekan. Bunday davom etaversa yaqin muddat ichida Rossiyada vaziyat yanada og‘irlashadi, chunki asli kasallanganlar 200 ming emasligi - ular ancha ko‘pligi aniq!

Izolyatsiya holati Rossiyaning ko‘plab mintaqalarida 31 maygacha uzaytirilganiga qaramasdan, Moskva shahri va Moskva viloyatida 12 maydan mintaqadagi barcha qurilish-ta’mirlash ob’ektlari va sanoat zonalari ishga tushishi e’lon qilindi. Kasallanganlarning teng yarmi Moskva shahrida aniqlangan.

Rossiya hukumati ishchilarga faqat bir talab qo‘ymoqda - endilikda grajdanlar jamoat joylari, transport va do‘konlarda niqob va qo‘lqopda yurishlari shart.

XS
SM
MD
LG