Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:20

Butxonani ta’mirlagan “Meros chashmasi” davlat unitar korxonasi tugatilishi mumkin


Toshkentni bosib olishda o‘lgan Chor armiyasi askarlari xotirasiga qurilgan butxona ta’mirgacha va ta’mirdan keyin.
Toshkentni bosib olishda o‘lgan Chor armiyasi askarlari xotirasiga qurilgan butxona ta’mirgacha va ta’mirdan keyin.

Ozodlik tasarrufiga O‘zbekiston prezidentining hali imzolamagan farmon loyihasi kelib tushdi. O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida ishlaydigan mulozim Ozodlikka taqdim qilgan hujjat loyihasi O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidir.

Hali imzolanmagani aytilayotgan farmonda “Madaniy meros ta’mirlash-tiklash” hamda Madaniy meros departamenti huzuridagi “Meros chashmasi” davlat unitar korxonalari tugatilishi va obidalar Madaniy meros departamenti tasarrufidan chiqarilishi haqida gap boradi.

O‘zbek tilida yozilgan olti varaq va beshta ilovadan iborat hujjat O‘zbekiston Madaniyat vazirligi¸ Badiiy akademiya¸ Teatr arboblari hamda bastakorlar uyushmasi rahbarlari ishtirokida tayyorlanganligini shu to‘rt idoraning Ozodlik suhbatlashgan xodimlari tasdiqladi.

Hujjat joriy yilning 3 avgustida imzolanishi va bu sana “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” deb e’lon qilinishi kutilmoqda.

Hujjat imzolanib kuchga kirishi ortidan O‘zbekistondagi madaniy meros obidalari ta’miri bilan shug‘ullanadigan ikki yirik davlat tashkiloti tugatiladi. Bu ikki tashkilot shu paytgacha madaniiy obidalar ta’miri bilan shug‘ullanib kelgan edi.

Gap Madaniyat vazirligi huzuridagi “Madaniy meros ta’mirlash-tiklash” hamda Madaniy meros departamenti huzuridagi “Meros chashmasi” davlat unitar korxonalari haqida ketmoqda.

Prezident farmoni loyihasi
Prezident farmoni loyihasi

Bu ikki tashkilot olib borgan ta’mirlash ishlari keyingi paytda jiddiy tanqid ostiga olingan edi. “Meros chashmasi” davlat unitar korxonasi tarafidan amalga oshirilgan Toshkentdagi butxona ta’miri Rossiya dizaynerlar ittifoqi mutaxassislari tarafidan vandalizm deb baholangan edi.

Ozodlik “Madaniy meros ta’mirlash-tiklash” hamda Madaniy meros departamenti huzuridagi “Meros chashmasi” korxonasi vakillari bilan gaplashdi. Korxona vakillariga ko‘ra¸ tizimdagi o‘zgarishlar ularning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bekor qilmaydi.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha¸ bu ikki tashkilot tugatilib o‘rnida Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi:

“Bu ikki tashkilot keyingi o‘n yilllar ichida yuzlab obidalarni ta’mir qilaman deb original tarovatiga zarar yetkazdi. Faqat yaltillatish¸ zamonaviy remont qilish bilan shug‘ullanishdi. Obidalarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari uchun byudjetdan ajratilgan millionlagan mablag‘ bu ikki idora tarafidan o‘zlashtirgani bo‘yicha prokuratura surishtiruv o‘tkazmoqda. Bitta misol: Qo‘qondagi Xudoyorxon muzeyi uchun byudjetdan 1,5 mlrd mablag‘ ajratildi. Qog‘ozda bu ishni restavratorlar amalga oshirdi deb yozildi, aslida esa arzon mardikor ustalar zamonaviy qurilish materiallari bilan obidani remont qilishdi. Bu ikki tashkilot tugatilishini olqishlayman. Ammo o‘rniga tuziladigan ilmiy-tadqiqot instituti ham ayni qiyshiq yo‘ldan boradi degan xavotirim bor. Chunki o‘sha ikki idora rahbarlari va kadrlar tarkibi yangi institutga o‘tar ekan”.

Obidani himoya qiladigan departamentdan obida olib qo‘yiladi

Agar Prezident farmoni imzolanguday bo‘lsa, unga binoan qadimiy obidalar madaniy meros departamentidan olinib Madaniyat vazirligining viloyat boshqarmalari tasarrufiga o‘tkaziladi.

Qadimiy obidalarni saqlash bo‘yicha mutaxassis¸ kasbi arxeolog bo‘lgan Makset Tangriberganovning fikriga ko‘ra¸ bu holat departamentning amalda tugashiga olib keladi:

“Sovet paytida qadimiy obidalarni ulug‘ bastakor Ashrafiyning o‘g‘li Feruz Muxtorovich boshqargan GlavNPU (Glavnoe upravleniye po oxrane pamyatnikov - tahr.) himoya qilib kelgan. Bu tashkilot Madaniyat vazirligiga bo‘ysunadigan alohida vertikal tizim edi. Viloyat madaniyat boshqarmasi doira, karnay chaldirib ommaviy tadbir o‘takazadigan idora. Saviyasi o‘ziga yarasha. Yodgorliklarni saqlash idorasining vazifasi ancha chuqur va jiddiy. Shu kunda Madaniy meros departamenti o‘z tasarrufidagi obidalarni asrab avaylab keldi. Samarqand¸ Xiva va Buxorodagi qadimiy binolarning bugungacha yetib kelgani departament xodimlari sharofati tufaylidir. Keyingi bir yil ichida departamentni kuchsizlantirish uchun zarba berildi. O‘tgan yili departamentga tegishli 189 obida dindorlarning “Vaqf” fondiga o‘tkazib berildi. Bu prinsipda noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Endi esa qolgan obidalarni viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilishi haqida gap chiqdi. Bu ikki holatda ham obida malakasiz xodim qo‘liga o‘tadi va buning oqibati yomon bo‘ladi. Prezident qarori loyihasi bilan tanishdim. Iloji bo‘lsa qadimiy obidalar Madaniy meros departamenti tasarrufida qolishi kerak”.

Makset Tangiriberganov bugungi murakkab sharoitda qadimiy obidalarni viloyat madaniyat boshqarmasiga topshirish o‘rinli emasligini yana ta’kidladi:

“Kechuv paytida ot almashtirilmaydi. Tabiiy ofatlar bois obidalar zarar ko‘rdi va ko‘rmoqda. Xivadagi obidalarning yog‘och qismini qirchumoli yeb yotibdi¸ Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahridagi Shoximardon Ali maqbarasi shamolda shikastlandi. Sel oqibatida Samarqanddagi “Kulolon” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Chashma” suvi kollektoriga sig‘masdan shaharning Registon va Daxbed ko‘chalari kesishmasida to‘planib obidalarga zarar berdi. Bu muammolarni yechishi kerak bo‘lgan departament xodimlari ikki oydan beri maosh olmay o‘tiribdi. Boz ustiga ular ishlaydigan idorani amalda yo‘q qilish haqida gap so‘z chiqqan. Bu vaziyatdan obidalarni asrash ishi zarar ko‘radi”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ keyingi paytda O‘zbekistonda 259 ta obyekt jiddiy tarzda shikastlangan. O‘tgan yillarda birgina Samarqand viloyatining o‘zida ana shunday obyektlarning 19 tasi buzib yuborilgan.

Andijondagi Mingtepa arxeologik yodgorligi esa xususiy tadbirkorga yer uchastkasi qilib berib yuborilgan.

XS
SM
MD
LG