Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:20

2 kunda 480 o‘zbekistonlik charter reyslarda O‘zbekistonga qaytdi. Bir necha o‘n ming kishi navbat kutmoqda


Istanbul aeroportidagi o‘zbeklar kutishdan charchagan
Istanbul aeroportidagi o‘zbeklar kutishdan charchagan

Turkiyaning Istanbul va Rossiyaning Sankt-Peterburg shaharlaridan 480 nafar o‘zbekistonlik charter reyslar bilan parvoz qilgan samolyotlarda 13-14 may kunlari mamlakatga qaytdi. 8-12 may kunlari esa, 1200 dan ziyod kishi olib kelingani xabar qilingan edi.

Ular bundan ikki oy oldin joriy qilingan karantin bois chet davlatlarda qolib ketgan o‘zbekistonliklar ekani rasman aytildi.

Ozodlik suhbatlashgan yo‘lovchilar uchoq bortiga "tanish-bilish qilib chiqib olgan o‘zga davlat vatandoshlari ham bor"ligini aytishdi.

Istanbuldan Toshkentga qaytgan yo‘lovchi Ozodlikka yuborgan ovozli maktubida “barchaning charter reys bilan qaytishiga imkon yo‘qligi¸ karantin tugab¸ muntazam reyslar qo‘yilgunga qadar sabr qilish lozimligini” aytadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotnomada yozilishicha, 12 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi tomonidan tuzilgan onlayn-ro‘yxatga O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan 55 ming kishi kiritilgan.

Bundan tashqari O‘zbekistonning Rossiya hududlaridagi Bosh konsulxonalari tashkil qilgan ro‘yxatda 10 mingga yaqin vatandosh qayd etilgan.

O‘zbekistonning Turkiyadagi konsulxonasi xodimining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonga qaytadiganlarning 7 ming kishilik ro‘yxati shakllantirilgan.

Bu ro‘yxatga kirgan 240 kishi 13 may kuni Istanbuldan O‘zbekistonga yetib kelgan va 14 kunlik karantinga joylashtirilgan.

Shuningdek, Hindiston¸ Dubay¸ Britaniya va Germaniyada ham karantinda qamalib qolgan minglab o‘zbek vatandoshlari o‘z mamlakatiga qaytish yo‘lini izlamoqda.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotida aytilishicha¸ charter reyslariga birinchi navbatda keksa, kasal fuqarolar, homilador va bolali ayollar, shuningdek, ilgari bekor qilingan doimiy reyslarga chiptasi bor fuqarolar joylashtiriladi.

"Imtiyozli bo‘lsak ham uchoq bortiga chiqarishmadi"

14 may kuni Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan o‘nlab o‘zbek vatandoshlar “imtiyozli kategoriyada” bo‘lishiga qaramasdan uchoqqa chiqarilmayotganligidan shikoyat qildi.

Bileti bor bolali ayol yo‘lovchi:

“Men Istanbuldaman. Qo‘limda 3 aprelga biletim bor. Tashqi ishlar vazirligi bildirgan qoida asosida men Toshkentga uchishim kerak edi. Bugungi charter reysga meni olmadi. Bileti borlar ham¸ kasal homilador va bolali ayollar hamda qariyalar qolib ketdi. Bizga hech qanday yordam berishmadi. Mening yosh bolam bor”.

Qo‘lida bileti bor va ro‘yxatda bo‘lishiga qaramay, uchoqqa chiqarilmagan Amirbek:

“Men Istanbulda yosh bolalarim bilan qolib ketdim. Men 3 va 5 yoshdagi ikki bolam va 56 yashar onam 17 mart kuni Istanbuldagi O‘zbekiston konsulligida ro‘yxatdan o‘tgan edik. Biletimiz 23 martga edi. Samolyotga qo‘yishmadi. Bu yerda homilador ayollar¸ yoshi kattalar¸ bolaliklar qolib tanish-bilish qilganlar ketyapti”.

Tanish-bilishchilik?

Istanbul-Toshkent charter reysida Toshkentga yetib kelgan yo‘lovchining Ozodlikka aytishicha, uchoq ichidagi 240 kishining hammasi ham O‘zbekiston vatandoshi bo‘lmagan.

“Juda ko‘p turklar bor edi. Ular xotini turk bo‘lgani uchun bortga olindi, deb aytishdi. Lekin men yolg‘iz kelayotgan qo‘li-oyog‘i but turklarni ham ko‘rdim uchoqda”, dedi suhbatdosh.

Istanbul aeroportida qo‘lida bileti bo‘la turib¸ konsullik ro‘yxatiga kirgan bo‘lsa ham uchoqqa chiqarilmagan O‘zbekiston vatandoshlari shubhali kimsalarning aylanma yo‘llar bilan ilk charter reys bortidan o‘rin olganiga norozi bo‘lishdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlaydigan va lavozimida matbuotga gapirish izni yo‘qligi bois ismi aytilmasligini so‘ragan mulozim iddaosiga ko‘ra¸ "Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va elchining o‘zi charter reysda turk tadbirkorlariga imtiyoz yaratgan".

Suhbatdoshga ko‘ra¸ "bu charter reys qo‘lida bileti bor¸ kasal va qari vatandoshlarning o‘z yurtiga qaytishi uchun O‘zbekiston hukumati tarafidan yaratilgan imkoniyat. Tashkil qilingan charter reys tanish-bilishchilik illati oqibatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi kerak".

Elchiga xat yozildi, hozircha javob yo‘q

Ozodlik bu iddao ortidan 14 may kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamxodjayevning qo‘l telefoniga bir necha marta telefon qildi.

Elchi telefonni o‘chirib qo‘ygani bois, bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Telegram sahifasi orqali maktub bilan murojaat qildi.

Maktubda Charter reysda tanish-bilish qilib ketgan xorijlik tadbirkorlar va ro‘yxatda ismi bo‘la turib bortga qo‘yilmagan bolali ayollar borasida izoh so‘raldi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xodimi norasmiy tarzda bu maktubni elchi Alisher Agzamxodjayev o‘qiganligini aytdi. Hozircha elchixona bu maktubga rasman javob bermadi.

Prezident topshirig‘i

7 may kungi videoselektorda Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijdagi vatandoshlar «imkoniyatga qarab, baribir olib kelinishi kerak»ligini aytgan edi.

Joriy yilning 13 mayidan 24 mayiga qadar chet davlatlarda qolib ketgan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun charter reyslar uyushtiriladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov 12 may kuni AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilgan.

Mulozim amalga oshiriladigan parvozlarga diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalari tomonidan fuqarolar ro‘yxatga olinishi hamda Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga taqdim etilishi va yo‘lovchilar ushbu ro‘yxat asosida havo kemasi bortiga kiritilishini bildirgan edi.

Bundan bir oycha oldin Xitoydan O‘zbekistonga 161 tibbiy mutaxassis tushgan samolyot kelgan edi . Ozodlik bu uchoq bortida Pekindan koronavirusga qarshi kurashga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan xitoyliklar ham olib kelinganini yozgan edi.

XS
SM
MD
LG