Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:32

Shohi Zinda majmuasida ikki maqbara gumbazi yorildi. Maxsus komissiya tuzildi


“Shohi-Zinda” majmuasi
“Shohi-Zinda” majmuasi

Keyingi bir oy davomidagi surunkali yomg‘ir ortidan Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasida 1372 yilda qurilgan Shodimulk Oqo maqbarasi xamda Qusam ibn Abbos ziyoratxonasidagi gumbazlarda yoriqlar paydo bo‘ldi.

Gumbazlardagi yoriqlar uzunasiga taxminan 45 sm va 90 sm atrofida ekani aytildi.

Jarohat yetgan maqbaralar UNESCOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan hududda joylashgan.

16 may kuni Samarqand viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari va restavrator mutaxassislardan tashkil topgan komissiya Shodimulk Oqo maqbarasi va Qusam ibn Abbos ziyoratxonasidagi ahvol jiddiy ekanligini aniqladi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlikka maqbaralarda yuzaga kelgan yoriqlarni bartaraf qilish ishlari yaqinda boshlanishini bildirdi.

Turistlar uchun xavf yo‘q

Ikkala gumbazdagi yoriq paydo bo‘lgani va bu yoriqlar kengayishi obida uchun xatarli ekani haqida 13 may kuni san’atshunoslar telegram tarmog‘i orqali o‘z havotirini bildirishgan edi. Bu havotirlar ortidan Madaniy meros boshqarmasi tekshiruv boshladi.

Madaniyat vazirligi mulozimiga ko‘ra¸ bu yoriqlar paydo bo‘lgan binolar mahalliy va xorijiy turistlar uchun xavfli emas:

“Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti tomonidan mutaxassislar bilan birgalikda Ishchi guruh tashkil etildi. Ishchi guruh tomonidan shaharda joylashgan moddiy madaniy meros obyektlarning tashqi va ichki holati, ular devorlaridagi paydo bo‘lgan yoriq yoki boshqa davriy o‘zgarishlar yuzasidan aniqlangan holatlar o‘rganilmoqda”.

Ozodlik suhbatlashgan Madaniyat vazirligi mulozimining aytishicha, Samarqand shahridagi yomg‘ir va sizot suvlarning qadimiy binolarga zarar ko‘rsatmasligi uchun qadimiy kollektorlar tizimi ayni o‘zanlarida qayta tiklanishi lozim:

“Sel oqibatida Samarqanddagi Kulolon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Chashma suvi kollektorga sig‘masdan shaharning Registon va Daxbed ko‘chalari kesishmasida to‘planib obidalarga zarar berdi. Bu suvlarni kollektorlarga taqsim qilib mavjud xavfni kamaytirsa bo‘ladi”.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ bir necha yuz yil oldin barpo etilgan majmuadagi bino va inshootlarda restavratsiya, qayta tiklash hamda obodonlashtirish ishlari olib borish rejalangan.

Shohi Zindaning faqat nomi qolgan

Rossiya Dizaynerlar ittifoqi a’zosi¸ qadimshunos rassom G‘ayrat Qo‘ziboyevning aytishicha, 2004 yilda olib borilgan “malakasiz ta’mir ortidan obida o‘z tarovati va originalligidan maxrum bo‘lgan:

“Shohi Zindaning faqat nomi qoldi, xolos. Mana men sizga jo‘natgan suratlardan ham ko‘rishingiz mumkin. Bir vaqtlar Shohi Zinda noma’lum avliyolar mozorlaridan iborat sirli maskan bo‘lgan. Bugun esa bu yer foyda keltiradigan turistik zonaga aylantirilgan. 900 yillik obida devorlarini teshib oqinti suvlar tizimi uchun zamonaviy alyumin quvurlar o‘rnatilgan. Zamonaviy kanalizatsiya lyuklari esa meni dahshatga soldi. Obida atrofiga esa, zamonaviy qurilish plitalari yotqizilgan. Turistlarning obidaga kelish yo‘li qulay bo‘lsin deb qadimiy mozorlarni tekislab buzib tashlashdi. Shohi Zindaning aslidan nima qolganini bilmayman. Maqbara devorini dazmollaganday qilib tekislab qo‘yishgan. Yangi suvoq va zamonaviy bo‘yoq shunday ko‘zingizga tashlanadi. Men sizga “ta’mir” qilingan Shohi Zinda” koshinlaridan birining rasmini yubordim. Qarang, keramik koshin ustidagi o‘chib ketgan naqshlarni moybo‘yoq bilan chizib “tiklab” qo‘yishgan. Bunday “ta’mir” bitta yomg‘irdan keyin chippakka chiqishi aniq”.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha¸ oxirgi marta Shohi Zinda majmuasidagi restavratsiya va qayta tiklash ishlari 2004-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 16 iyuldagi 337-sonli qaroriga asosan amalga oshirilgan:

“Ta’mir ishlarida Samarqand arxeologiya instituti xodimlari ham qatnashgan. Umuman 16 yil oldingi ta’mirda aslini saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Siz aytgan ko‘zbo‘yama ta’mirlar esa har safar VIP mehmon kelish oldidan amalga oshirilgan. Oq qismlarini suvli emulsiya bo‘yog‘i bilan bo‘yash. Koshinlarni moybo‘yoq bilan chizib qo‘yish muzey xodimlarining qo‘lbola havaskorlik faoliyati deb hisoblayman”.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimi qo‘lbola ta’mirlash bilan shug‘ullangan shirkatlar jazolanishini bildirdi:

“Restavratsiya jiddiy ilmiy yondashuvni taqozo qiladi. Buni biladigan odam qilishi kerak. Bitta misol aytay. “Meros chashmasi” DUK loyihalash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan loyiha asosida “Ijod-ijod” xususiy korxonasi “Chasovnya Svyatogo Georgiya Pobedonostsa” obyektini loyihadan chetlanmagan holda ta’mirlashi zarur edi, ammo tasdiqlangan loyiha amalda bajarilmagan. Shu bois “Ijod-ijod” xususiy korxonasi o‘rnatilgan tartibda me’yor talablariga rioya qilmaganligi sababli, javobgarlikka tortildi".

Shohi Zinda tagida shahar ko‘milganmi?

San’atshunos Abdumalik Turdiyevga ko‘ra, Shohi Zinda hududi qadimdan muqaddas maskan bo‘lgan:

“Gumbazi yorilgan Shodimulk Oqo maqbarasi tarixiy manbalar¸ koshinlardagi yozuvlarga ko‘ra, 1372 yili qurilgan. Lekin ilmiy izlanishlar chog‘ida Shohi-Zinda tagida ham qadimiy binolar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu hudud islomdan oldin ham muqaddas xudud bo‘lganiga ashyoviy dalillar bor. 2004 yilda Samarqand arxeologiya instituti xodimlari bu hududda qadimiy hammom binosi qoldiqlarini topishdi. Bino yog‘ingarchilik va mavsumiy omillar bois jiddiy shikastlangan. Ammo binoning darz ketgan qismini tuzataman deb yangilab tashlash zararli ideya. Majmua konservatsiya qilinishi kerak”.

O‘zbek milliy me’morchilik durdonasi sifatida e’tirof etilgan noyob tarixiy “Shohi-Zinda” majmuasi XI-XV asrlarda qurilgan hamda UNESCOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan hududda joylashgan.

XS
SM
MD
LG