Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:29

Sement importiga taqiq bekor bo‘lgani mamlakatdagi sement zavodlariga salbiy ta’sir qildi


"Qizilqumsement" zavodi.
"Qizilqumsement" zavodi.

«Quvasoysement»¸ «Bekobodsement» va «Qizilqumsement» mutaxassislarining Ozodlikka aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 22 may kungi qarori tufayli mamlakat bozoriga tashqaridan ko‘p miqdorda sement kirib kelgani oqibatida mahalliy zavodlarda ishlab chiqarish hajmi tushib ketgan.

Sement zavodlari vakillariga ko‘ra, sementga import cheklovi bekor qilinishi mamlakatdagi sement ishlab chiqaruvchi 5 ta yirik sement zavodi mahsulotlari realizatsiyasi hajmini qisqartirib yubordi.

Xususan, «Quvasoysement» zavodi 22 maygacha kuniga 5 ming tonna sement ishlab chiqargan bo‘lsa bu raqam 28 may kuni 4 ming tonnani tashkil qilib¸ ishlab chiqarish to‘rtdan birga kamaygan.

"Qizilqumsement" va Oxangarondagi sement zavodi xodimlari ham deyarli bir xil gapni aytdi. Sement ishlab chiqarish xajmi sezilarli kamaygan. Oxangaron sement zavodi keyingi 4 kun ichida surunkasiga 500 tonna kam sement ishlab chiqargan. Zavod omborlari sotilmay qolgan sementga to‘lgan.

«Bekobodsement» zavodining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Ruslan Garipovning 28 may kuni Ozodlikka aytishicha¸ mamlakatga kirib kelayotgan sement sifati borasida ham savollar bor.

Garipovga ko‘ra¸ mahalliy sement sanoati mamlakat ehtiyojini qondira oladi:

«Sement importiga taqiq bekor bo‘lgani qator salbiy oqibatlar kasb qildi. Birinchidan, mamlakatdan valyuta chiqib ketmoqda. Ikkinchidan,sement tujjorlari iloji boricha arzon va sifati shubhali bo‘lgan sementni olib kirishmoqda. Bu sifati shubxali sementdan uylarniing tomini bostiradigan beton to‘sinlar yasalsa odamlar hayoti xavf ostida qoladi. Mahalliy sement sanoati esa davlat standartlariga amal qiladi. Mahalliy zavod 400 marka deb sotuvga chiqargan sement sifati doimo 450 va undan yuqori bo‘ladi. Pishiqlik zapasi degan qoidaga amal qilinadi. O‘zbekistondagi sement zavodlari xatto Rossiyanikidan ham mukammal va zamonaviy texnologiyaga ega. O‘tgan yili mamlakatdagi sement zavodlari 11 million tonna sement ishlab chiqarishdi. Tashqaridan esa uch yarim million tonna sement import qilindi. Bu uch yarim million tonna sementni ham mamlakatdagi 5 ta yirik va o‘nga yaqin mayda korxonalar ishlab chiqarib aholi extiyojini qondira oladi».

Garipovning yana ta’kidlashicha sement ishlab chiqarish liniyasidagi uzilishlar zavod texnologik tizimi uchun salbiy oqibat kasb etmoqda:

«Pechkalar ichidagi yuqori harorat uzluksiz bo‘lishi texnologiya talabidir. Bilsangiz, qishda gaz yetishmovchiligi bois, zavod bir muddat to‘xtadi. Bugun esa ishlab chiqarilgan mahsulot sotilmagani uchun to‘xtasa bundan sement sanoati yutmaydi. Bundan tashqari bu zavodlar mavjudligining ijtimoiy ahamiyati ham bor. Bekobod va Oxangaron shaharlaridagi minglab aholi shu zavodlarda ishlab kun ko‘radi. Bu zavodlarning muttasil ishlashidan davlat ham manfaatdor bo‘lishi va Germaniyada joriy qilingani kabi qisman subsidiya ham qilinishi kerak».

Garipovga ko‘ra¸ Germaniyadagi Xaydelberg sement zavodining elektr energiyasiga harajatini davlat subsidiya ajratib qoplab beradi. Buning evaziga zavod shahardagi chiqindilarni o‘z pechkasida yoqib utilizatsiya qilib beradi.

Suhbatdosh Germaniyadagi bu tizim yaqin istiqbolda O‘zbekiston sement sanoatiga joriy qilinishi rejalanganini ham aytdi.

Ozodlik 28 may kuni suhbatlashgan "O‘zstandart" davlat agentligi mulozimi¸ qurilish bozorlaridagi import sement namunalari tasodifiy tanlov asosida tekshirilayotganligini aytdi. Mulozimga ko‘ra¸ barcha import sementni birday sifati yomon deyishga asos yo‘q.

Tannarxi qimmat o‘zbek sementi

Sement¸ qurilish qorishmalari bo‘yicha nomzodlik disertatsiyasi yoqlagan olim va muxandis Abdulla Yusupov¸ «Bekobodsement» zavodi vakili Garipov aytgan asosiy fikrga qo‘shilgan xolda¸ mahalliy sement zavodlari yuz tutgan muammolarga to‘xtaldi:

«Bu tannarx masalasi. Masalan, bir miqdor sementni ishlab chiqarishga Germaniyadagi zavodda 10 kishi band bo‘lsa¸ bizda 50 kishi shuncha sementni ishlab chiqaradi. Shu kunda mahalliy sementning bir tonnasi 70 AQSh dollari. Shu sifatdagisementni Qozog‘iston yoki Erondan tonnasiga 35 AQSh dollar to‘lab obkelish mumkin. Ikkinchi muammo marketing bilan bog‘liq. Mahalliy zavodlar sementni birjaga qo‘ymay¸ aholi va tadbirkorlarga naqd pulga sotyapti. Birjaga qo‘ysa ataylab narxni baland qilib qo‘yishyapti. Uchinchi muammo pereproizodstvo. Mahalliy sement zavod omborlarida turib qolib sifatini yo‘qotmoqda».

Yusupovning yana ta’kidlashicha¸ haqiqatda yaxshi tajriba va ishlab chiqarish potensialiga ega bo‘lgan sement sanoati modernizatsiyaga muxtoj:

«Texnologik liniyalarni yaxshilash¸ tosh maydalovchi tegirmonlar modernizatsiyasi o‘z yo‘liga. Asosiysi effektiv boshqaruv¸ sifatni ayni holatda ushlab tannarxni kamaytirish masalasi. Shu masala yechilsa, O‘zbekiston sement zavodlari mahalliy aholi extiyojini qondirib¸ qo‘shnilarga o‘z mahsulotini eksport qilishi ham mumkin. Hozirgi kunda mamlakat zavodlari tashqariga sement eksport qilmaydi»

Yusupovga ko‘ra yaqin olti oy ichida AQShning «Alfa Eco Corporation» kompaniyasi Jizzax viloyatning Zafarobod, Forish, Baxmal tumanlaridan birida sement zavodi qurib ishga tushiradi.

Bu esa o‘z navbatida sement bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchi ulushining radikal ko‘payishga sabab bo‘ladi»

Xaridor xursand

Toshkent viloyatida kichik turar-joylar qurish bilan shug‘ullanadigan shirkat egasi¸ keyingi 4 kun ichida birjada sement narxi sezilarli arzonlaganligini Ozodlik bilan suhbatda bildirdi.

"Import sementga cheklov olingandan keyin birjada sement narxlari tushdi. Serobchilik bo‘lsa, arzonchilik bo‘ladi. Oldin tonnasi 70 dollar bo‘lgan sementni 59 dollardan oldik. Yana qarab turibmiz, narx tushsin deb. Xursandmiz".

Qarordan qarorgacha

Hukumatning joriy yil 23 apreldagi qaroriga muvofiq, tsementga O‘zbekistonda bo‘lgan talabning pasayishi sababli uning importi vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Tsement importiga kiritilgan cheklovdan bir oy o‘tib, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, cheklov olib tashlandi.

sement importi taqiqini bekor qilgan hujjat
sement importi taqiqini bekor qilgan hujjat

Respublikada amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining to‘xtab qolmasligi uchun 23 maydan boshlab sement importiga joriy qilingan cheklov bekor qilinadi, deyiladi hujjatda.

25 apreldan boshlab qurilish bozorlari faoliyati va binolar qurilishiga izn berilgani ortidan sementga ehtiyoj kuchaydi.

Ozodlik sement importiga taqiq bekor bo‘lgani mamlakatdagi sement zavodlariga salbiy ta’sir qilgani yuzasidan izoh so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Axborot xizmatiga murojaat qilib javob ola olmadi.

XS
SM
MD
LG