Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:36

Rossiyadan qaytgan haydovchi koronavirus aniqlanganiga qaramay Andijondagi uyigacha yetib bordi


Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hujjatlarida COVID-19 aniqlangan haydovchi sherigining namunasi natijasi bilan bojxona postlaridan o‘tgani aytiladi. 
Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hujjatlarida COVID-19 aniqlangan haydovchi sherigining namunasi natijasi bilan bojxona postlaridan o‘tgani aytiladi. 

Rossiyaga pomidor olib borib qaytgan o‘zbekistonlik haydovchi Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasi postidagi tekshiruvda koronavirus aniqlanganiga qaramay, sherigi bilan Izboskan tumani (Andijon viloyati)dagi uyigacha yetib borgan va boshqa odamlarga kasallikni yuqtirgan bo‘lishi tahmin qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hujjatlaridan ma’lum bo‘ldi.

Izboskan SEOMi bosh vrachi imzosi bilan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatda COVID-19 aniqlangan 32 yoshli haydovchi K.K. surtma natijasini olmay, 50 yoshli sherigi R.R.ning koronavirusga topshirgan manfiy namuna natijasi bilan O‘zbekistonning bir qancha postlaridan o‘tib, Toshkent, Namangan va Andijonda odamlar bilan muloqotda bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Izboskan va Baliqchi tumanida koronavirusda gumonlangan yuk avtomashinasi haydovchisi bilan muloqotda bo‘lgan yuzga yaqin odam 14 kunlik karantinga olinganini tasdiqladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 22 may kuni Rossiyadan qaytib kelgan haydovchi va uning sherigidan O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasidagi Mayskiy bojxona postida virusologik tahlil uchun surtma namunalar olingan.

Haydovchida tekshiruv natijasi koronavirusga musbat (ya’ni kasallik bor), sherigida manfiy chiqqan.

Izboskan tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatda COVID-19 aniqlangan haydovchi K.K. surtma natijasini olmay, 50 yoshli sherigi R.R.ning koronavirusga topshirgan manfiy (ya’ni kasallik yo‘q) namuna natijasi bilan O‘zbekistonning bir qancha postlaridan o‘tib, Toshkent, Namangan va Andijonda bir qancha odam bilan muloqotda bo‘lgani aytiladi.

Ikkovlon yuk mashinasini Toshkent shahridagi bazaga qo‘yib, yo‘lda taksi ham ushlashgan, Qo‘yliq bozorida ham bo‘lishgan.

"Haydovchilar Toshkentdagi Nazarbek bojxona postidan o‘tib, yuk mashina bazasiga mashinasini qo‘yib, "Matiz" rusumli yo‘lovchi mashinasi yordamida Bektemir tumani Qo‘yliq bozorida joylashgan Coca cola bazasining yonida turgan shaxsiy "Lacetti" mashinasi yordamida uyiga qaytgan. Namangan shahri orqali uyiga qaytgan haydovchilar yo‘lda patir va qurtob sotib olgan va 23 may kuni uylariga kirib borgan", deyiladi Izboskan SEOMi bosh vrachi imzosi bilan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatda

Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatdan parcha. .
Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatdan parcha. .

Ammo, Rossiyadan qaytib kelgan haydovchi qanday qilib sherigining koronavirusga olingan tekshiruvi natijasi bilan bojxona nazorat postidan o‘tkazib yuborilgan?

Bu haqda Ozodlik O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasidan ham, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiylaridan ham izoh ololmadi.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi, Izboskan tumanidagi Rossiyaga borib koronavirus yuqtirib qaytgan haydovchi masalasida gapirish vakolatiga ega emasligi, lekin O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgan har bir odam tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi, tekshiruv natijalari aniqlanmaguniga qadar karantinda ushlab turilishi lozimligini aytdi.

- Kelishi bilan tekshiruv qilinadi, natija ma’lum bo‘lgunga qadar karantinda ushlab turiladi. Agar natija pozitiv bo‘lsa darrov kasalxonaga jo‘natiladi, - dedi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiysi.

Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatda haydovchi bilan muloqotda bo‘lgan yuzdan ortiq odam, jumladan uning o‘ndan ziyod qarindoshi karantinga olingani aytiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham Izboskan va Baliqchi tumanida koronavirusda gumonlangan yuk avtomashinasi haydovchisi bilan muloqotda bo‘lgan yuzga yaqin odam 14 kunlik karantinga olinganini tasdiqladi.

Ma’lumotda aytilishicha, 22 may kuni Baliqchi tumanida yashovchi 50 yoshli R.R., Izboskan tumanida yashovchi sherigi, 32 yoshli B.Q., bilan birgalikda xalqaro yuk tashish avtomashinasida Rossiyadan Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi chegara-nazorat postiga yetib kelgan.

Shu kunning o‘zida har ikki haydovchidan koronavirus infeksiyasiga surtma olingan. Ertasiga, 23 may kuni B.Q., da gumon natija qayd etilganligi uchun takroran tahlil topshirgan, R.R.da esa kasallik aniqlanmagan.

Lekin haydovchilar belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan, chegara-nazorat posti avtoturargohidan uyiga chiqib ketishgan.

“Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan o‘tkazilgan tezkor qidiruv va epidemiologik surishtiruv natijasida har ikki haydovchi ham o‘z uylaridan topilgan. Shu orada dastlab tahlil natijalari gumon qilingan B.Q.da ham, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan ikkinchi haydovchi R.R.da ham koronavirus infektsiyasi tasdiqlangan”, - deyiladi xabarda.

Epidemiologik surushtiruv natijasida Izboskan va Baliqchi tumanida R.R., va B.Q., bilan muloqotda bo‘lgan 100 nafarga yaqin fuqaro 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

Pandemiya sharoitida pomidor eksporti

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Izboskan tumani Jonobod mahallasida yashovchi 32 yoshi R.R. shu yilning 30 aprel kuni Andijonning Baliqchi tumanidan bo‘lgan 50 yoshli sherigi bilan Toshkent shahrida yuk mashinaga pomidor yuklab Rossiyaning Novosibirsk shahriga yo‘l olgan.

Ikkovlon Novosibirskda pomidorni tushirib 8 may kuni Tomsk shahriga yog‘och olishga borishgan va u yerda bir hafta qolishgan.

19 may kuni ular Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasiga yetib kelishadi.

22 may kuni O‘zbekiston hududiga o‘tganlarida O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi Mayskiy postida haydovchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va ulardan birida koronavirus aniqlanadi.

O‘zbekistonda 30 martdan boshlab, viloyatlar markazi, Toshkent va Nukus shahrida ahamiyati yuqori bo‘lmagan hamda shaxsiy avtomobillar harakatiga cheklov joriy etildi. Ammo ushbu chora-tadbir yuk mashinalar va qishloq xo‘jaligida texnika vositalariga nisbatan tatbiq etilmadi.

May oyi boshidan ba’zi hududlarda karantin choralari yengillashtirilgan bo‘lsa-da ayrim viloyatlarda avvalgi choralar o‘z kuchida qolmoqda.

Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatdan parcha.
Izboskan tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi V. Qodirov nomidan 26 may kuni tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan xatdan parcha.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mamlakatda 29 may kuniga qadar koronavirusga chalinganlar 3463 nafarni tashkil etmoqda.

Xorijdan, ayniqsa Rossiyadan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida kasallanganlar eng ko‘p.

14 may kuni Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan o‘zbekistonliklarning 86 nafari Covid-19 aniqlangan.

26 may xolatiga ko‘ra, Qozog‘istonning “G‘ishtko‘prik” chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida esa 99 nafari koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus tarqalishi borasida o‘rnatilgan nazorat izdan chiqqanini tan olgan.

Mamlakatning rasmiy O‘zA agentligi muxbiri bilan 27 may kungi suhbatda Otabekov aholi orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanayotgani va ularning bu kasallikni kimdan yuqtirganini aniqlashning imkoni bo‘lmayotganini ta’kidlagan.

"Har birimiz ko‘chaga chiqqandan keyin oilamiz bag‘riga sog‘lom qaytib kelish haqida o‘ylashimiz kerak", degan respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatda Covid-19 koronavirusi infeksiyasi keng tarqalishini oldini olish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatganini bildirgan.

"Murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan keng qamrovli tushuntirish ishlari va qo‘rilayotgan choralarga qaramasdan, chet eldan qaytib kelgan va karantinga joylashtirilgan ayrim fuqarolarimiz tomonidan amaldagi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish holatlari ham uchrab turibdi", deyiladi Bosh prokuratura bayonotida..

Bunday holatlar yuzasidan O‘zbeksiton Jinoyat Kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilishi mumkin.

O‘rnatilgan tartibga binoan koronavirus aniqlangan tumanlar yoki shaharlar xavf darajasi yuqori bo‘lgan "qizil toifali" hududga aylantirilishi, bunday hududlarda esa hech qanday ommaviy tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Izboskanda ommaviy tadbirlar

O‘zbekistonda karantin cheklovlari hali amalda bo‘lishiga qaramay, Andijon viloyatining bir qancha tumanlari, jumladan kamida bir odamda koronavirus aniqlangan Izboskan tumanida ham ommaviy yurishlar o‘tkazildi.

Izboskan tumani hokimligi 25 may kuni karantin cheklovlari hali amalda bo‘lib turgan bir paytda, yuzlab odamlarni ko‘chaga olib chiqqan.

25 may kuni "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" tadbirida yuzlab odamlar hech qanday ijtimoiy masofani saqlamay ko‘chalarda to‘plangani haqda Ozodlik xabar bergan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa bu tadbirni "Virus yuqtirish uchun 5000 qadam" deya kinoya qilingan sharhlar bilan qarshilashdi.

Xabarlarda aytilishicha, "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" tadbiri O‘zbekiston prezidentining topshirig‘i bo‘yicha o‘tkazilgan.

Andijon viloyati Izboskan tumani Maygir MFY dan ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan ayol tumanda "befarqlik hukmron"ligini aytadi:

- Bizda bir nafar fuqaroda "Covid-19" virusi aniqlandi. Qanchadan - qancha oilalar, odamlar besaramjon bo‘ldi, lekin shu ahvolni ko‘rib ham insonlarda oilasi, farzandlari, qarindosh- urug‘, mahalla-ko‘y salomatligiga befarqlik bilan ko‘chalarda bamayli xotir yurganlariga, mehmondorchilik, uni buni yo‘qlash, kuchoq ochib, qo‘l berib ko‘rishish, karantin qoidalariga rioya etmaslik, to‘planib ko‘chalarda turishlik, hatto yul transport mashinalarida odam tashish xolatlari juda ko‘p uchramoqda. Mahalla faollari qayerga qarashmokda. Milliy gvardiya, IIB xodimlari va mahalla profilaktika inspektorlari nazoratga olib berishlarini so‘rayman. Har birimizni salomatligimiz o‘z qo‘limizda vaholanki, - deydi izboskanlik ayol.

Bildirilayotgan e’tiroz va xavotirlar yuzasidan Ozodlik Izboskan tumani hokimligi rasmiylaridan izoh olishga urindi, lekin ular bilan bog‘lanishga harakat natijasiz bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG