Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:31

Rossiya deportatsiya lagerlaridagi o‘zbeklar: Bizni yo olib ketishsin yoki ozod etishsin! (FOTO-VIDEO)


Yegoryevskda 53 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilinishini kutmoqda
Yegoryevskda 53 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilinishini kutmoqda

Rossiyaning qator viloyatlaridagi Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazlarida qolayotgan o‘zbek muhojirlari o‘z ahvollariga jamoatchilik e’tiborini qaratishga urinmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbek grajdanlari qirg‘izistonlik va tojikistonliklar olib chiqib ketilganidan keyin deportatsiya lagerlarida asosan o‘zbekistonliklar va vyetnamliklar qolganini xabar qildi.

Moskva viloyatining Yegoryevsk shahrida joylashgan Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazi ( XFVSM-TsVSIG)dan Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh o‘zbek muhojirlari ularga 1 iyunda O‘zbekistonga yuborilishi to‘g‘risidagi berilgan va’dalar bajarilmagani va og‘ir holatda qolganini so‘zladi.

Ozodlikka gapirgan 29 yashar Shohrux ular yotgan markazda faqat vyetnamliklar va o‘zbeklar qoldi, deydi:

- Markazda 200 yaqin odam saqlanayotgan bo‘lsa, shulardan 53 nafari O‘zbekiston grajdani. Bir nechta ozarbayjon, moldavan bor. Qolgan 140 tacha odam - hammasi vyetnamlik. Ular ham, bizga o‘xshab, o‘z hukumatiga kerak bo‘lmaganlar bo‘lsa kerak! Kamida 3 oydan beri o‘tiribmiz. Bizga “1 iyunda ochiladi, jo‘natamiz”, deb va’da berib keldi. Endi bo‘lsa “O‘zbekiston hukumati senlarni qabul qilmayapti - Rossiya chiqarib yuborishga tayyor!”, dedi. Bugun bo‘lsa qo‘riqchilarimizdan biri “Endi o‘zlaring samolyotga bilet olib ket - bizda bunga pulimiz yo‘q!”, deyapti. Bizni qo‘yvorgisi ham yo‘q, jo‘natgisi ham yo‘q!

U 24 may, Hayit kuni Tojikiston o‘z grajdanlarini markazdan olib chiqib ketgani va uyiga jo‘natganini ma’lum qildi. Tojikistonning Rossiyadagi elchilik rahbari Imomuddin Sattorov Ozodlikka tojik hukumati charter reyslarda birinchi navbatda deportatsiya lagerlariga qolayotgan mehnat muhojirlarini olib chiqishga qaror qilganini bildirgan edi.

Shohruxning so‘zlaricha, Yegoryevsk SVSIGdagi o‘zbek muhojirlariga yaqinlari yordamida O‘zbekistonga aviachipta olinganidan keyin qo‘yib yuborilishi, aks holda ular lagerda yana noma’lum muddatga qolishi aytilgan.

Yegoryevsk SVSIGidagi o‘zbek muhojirlari
Yegoryevsk SVSIGidagi o‘zbek muhojirlari

Ma’lum bo‘lishicha, Yegoryevskdagi markazda saqlanayotganlarning 5 nafari ayollardir. Migrantlar o‘z haqlarini talab qilib, bir necha marotaba qilgan norozilik chiqishiga deportatsiya lageri ma’muriyati OMON jangchilarini chaqirtirgani va kaltaklaganini gapirdi.

Ozodlik Moskva viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli Yegoryevskdagi deportatsiya markaziga murojaat qilib, savollarimizga javob bera oladigan mutasaddi rahbarlar 1 iyundan mehnat ta’tiliga chiqib ketgani haqidagi javobni oldi.

2014 yilda qurilgan 2 qavatli bu markaz 400 kishiga mo‘ljallangani va hozirda unda 200 ziyodroq xorijlik ushlab turilganini Markaz vakili tasdiqladi.

Ozodlikka Voronej deportatsiya lageridan ham ayni mazmundagi murojaat bilan chiqqan o‘zbek vatandoshlari o‘z muammolariga O‘zbekiston hukumati e’tiborini qaratishga urindi.

Воронеждаги тутқунлар: Бизларни озод қилишларини сўраймиз!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:06 0:00

Vodiylik 50 yashar Farhodjon Voronej SVSIGida qolayotgan 23 nafar o‘zbekistonlik nomidan gapirar ekan, lagerda 8 oydan beri yotganlar bor, deydi:

- 6 oydan beri tutqunlikdaman. Oldimiz 8 oy - ketimiz 3 oydan beri yotibmiz. Oilamizga na pul jo‘nata olamiz, na yordam bera olamiz - ularning ahvoli nima kechayotganini Xudoning o‘zi biladi! Bizni bu yerda jinoyatchidek ushlab turishibdi. Bizni 1 iyunda jo‘nata olmas ekan - charter reyslarga biz sig‘mas ekanmiz, unda bizni chiqarib yuborishsin, tirikchilik qilib turaylik, oilamizga bir-ikki so‘m jo‘nataylik. 8 oydan beri yotganlarning bola-chaqasi och qolib, dod deyapti! Bizning ahvolimizni bu yerda tasavvur qiling - uyqu keladimi, bolangiz u yerda och bo‘lsa?!

O‘zbek muhojiri O‘zbekiston hukumatidan ularni olib ketishga imkon topilmasa, hech bo‘lmaganda Rossiya hukumatidan ozodlikka chiqarib yuborishga ko‘maklashishni so‘radi.

- Qo‘yib yuborishsa reyslar ochilguncha ishlab turardikku. O‘ta qiynalib ketdik - oziq ovqatini aytmasa ham bo‘ladi. Bu yerda faqat oilali, yoshi katta muhojirlarimiz qolgan. Mayli, charterda nogiron, homiladorlar ketsin. Rossiyaga ishchilar kerak ekan - bizni bu yerda ushlashdan bularga nima naf?! Tojiklar bor edi, birinchi charter reysi ochilishiga ketdi ular; ukrainlarni chiqarvorishgan. Lagerda faqat o‘zbeklar qolgan - boshqasi yo‘q! Biz O‘zbekiston elchixonasiga shuncha murojaat qilyapmiz - telefon orqali tushib bo‘lmayapti. Arzimizni kimga aytishni bilmayapmiz - bizni qo‘yib yuborishlarini so‘raymiz! dedi andijonlik mehnat muhojiri.

Deportatsiya lageridagi tushlik
Deportatsiya lageridagi tushlik

Ayni talablar bilan Ozodlikka chiqqan Novosibirskdagi Xorij fuqarolarini vaqtincha saqlash markazida (XFVSM-SVSIG) qariyb yuz nafar erkagu ayol og‘ir sharoitda yashayotgani, ular O‘zbekistonga jo‘natilishini oylardan buyon kutayotgani xabar qilingan edi.

Shu yilning mart oyida, Rossiyada “izolyatsiya rejimi” joriy qilinishi ortidan bir guruh taniqli rossiyalik huquq faollari lagerlarda deportatsiya qilinishini kutayotgan mehnat muhojirlarini ozod qilish talabi bilan chiqqan edi.

Faollar Moskva rasmiylari diqqatini SVSIGda qolayotgan migrantlar hayoti va sog‘ligi xavf ostida ekaniga qaratgandi.

XS
SM
MD
LG