Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:26

Asaka avtozavodida ishchilar yotog‘i bilan ishlatilmoqda


Zavod xodimlari beton polga karton, uni ustiga ko‘rpacha to‘shab uxlashlarini aytishadi.
Zavod xodimlari beton polga karton, uni ustiga ko‘rpacha to‘shab uxlashlarini aytishadi.

Andijonning Asaka shahridagi o‘n mingga yaqin odam ishlaydigan "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodida xodimlar 15 kunlik smenada yotog‘i bilan ishlatilmoqda.

3 iyun kuni Ozodlikka kelgan fotosuratlarda polga karton qog‘ozlar ustiga ko‘rpachalar to‘shalganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan zavod xodimlari 15 kun uyga bormasdan, korxonaning beton polida yotib ishlatilayotganliklarini aytishdi.

"UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodining 4 iyun kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi koronavirus xavfi sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini aytdi.

"O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi matbuot kotibi Asaka shahridagi avtomobil zavodida ishchilar yotog‘i bilan 15 kunlik smenada ishlatilayotganidan xabari yo‘qligini aytdi.

"Chevrolet" mashinalari ishlab chiqariladigan Asakadagi avtozavodning ismi oshkor etilishini istamagan ishchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yuzlab hamkasbi aprel oyi oxiridan buyon uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotganini aytdi:

- Yotib qolib ishlashga qarshi emasmiz, lekin zavodda yotib qolishga sharoit yo‘q. O‘zimiz bilan ko‘rpa-to‘shagimizni ko‘tarib kelamiz. Beton polga karton, uning ustiga ko‘rpachamizni to‘shab kiyim-boshimiz bilan yotamiz.​ Antisanitariya, chunki ikki yuz odam bir joyda biri-biriga tegib yotib turyapti, yuvinishga ham sharoit yo‘q, - dedi zavodning bo‘yash sexi xodimi.

Korxona xodimi so‘zining tasdig‘i sifatida zavod ichidan o‘zi olgan suratlarni Ozodlikka yubordi.

Zavod ishchilari antisanitariya xolatida kun kechirayotganliklarini iddao qilishadi.
Zavod ishchilari antisanitariya xolatida kun kechirayotganliklarini iddao qilishadi.

2 iyun kuni korxona ichidan olingan suratlarda polda karton qog‘ozlar, ustiga qatorasiga ko‘rpachalar to‘shalgani, atrofda ishchilarning oyoq kiyimlari ko‘rinadi.

- Koronavirus kelmasin deb 15 kunlik smena qilishdi. Lekin, bu ahvolda boshqa kasallikni orttirib chiqishimiz tayin, chunki har kun beton pol ustida uxlaymiz, - deydi zavodning ismi ochiqlanmasligini istagan boshqa ishchisi.

Ishchilar ko‘rpa-to‘shagini o‘zlari bilan ko‘tarib kelishlarini aytishadi.
Ishchilar ko‘rpa-to‘shagini o‘zlari bilan ko‘tarib kelishlarini aytishadi.

Zavodning Ozodlik suhbatlashgan ishchilari O‘zbekistonning mehnat qonunchiligiga zid tarzda kuniga 10 soatlab ishlatilayotganliklarini ham iddao qilishdi.

- Zavod hududida yotib qolganimizdan keyin 10 soat, ba’zida 12 soat ishlaymiz. Lekin 8 soat ishladi qilib yoziladi. Ortiqcha yotib qolib ishlaganimizga premiya beriladimi desak, yo‘q deyishadi. Ishlasang ishla bo‘lmasa ketaver, deyishadi boshliqlar. 3 million so‘mlik oylikli ishidan hech kim ajrab qolishni istamaydi, - deydi zavodning yig‘uv sexi xodimi.

Asakadagi zavod ichidan 2 iyun kuni olingan surat.
Asakadagi zavod ichidan 2 iyun kuni olingan surat.

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini "UZAUTO MOTORS" avtomobil zavodi rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim "koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, ularga hamma sharoit yaratib berilayotgani, xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini" aytdi.

Zavod mulozimi ishchilar belgilangan vaqt me’yoridan ortiqcha ishlatilayotganini rad etdi.

- Belgilangan vaqtda ishlashadi, belgilangan vaqtda dam olishadi. Bizning maqsadimiz xavfli virus yoyilishining oldini olgan holda ishni tashkil qilish, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan avtomobil zavodi rahbari yordamchisi.

Bundan oldin Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodi ishchilari zavod hududida antisanitariya holatida yotog‘i bilan ishlatilayotganliklarini Ozodlikka aytishgan edi.

Pitnakdagi zavod ishchilari aprel oyi o‘rtalarida yuborgan videoda ko‘rpa-to‘shak ko‘targan yuzdan ziyod odamning zavod eshigi oldida turgani ko‘rinadi.

Хоразм Автомобиль заводи ишчилари кўрпа-тўшаги билан ишга келмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:20 0:00

​Asakadagi avtomobil zavodi ham Hazorasp tumanidagi zavod ham "O‘zavtosanoat" tarkibiga kiruvchi korxonalardir.

Ozodlik "minglab odam ishlaydigan korxonalarda minglab ishchi har kuni bir joyda yotib-turishi, ovqatlanishi sanitariya talablariga, qolaversa koronavirusga qarshi hukumat komissiyasi joriy qilgan talablarga qanchalik to‘g‘ri keladi?" degan savol bilan "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi raisining maslahatchisi va matbuot kotibi Zumrad Shojalilovaga murojaat etdi.

Shojalilova Asaka shahridagi avtomobil zavodida ishchilar yotog‘i bilan 15 kunlik smenada ishlatilayotganidan xabari yo‘qligini aytdi.

- Biz xolatni o‘rganib chiqamiz, fotosuratlardagi xolatni, ishchilarning e’tirozlarini o‘rganib, keyin, bu haqda bir narsa aytishim mumkin, - deb javob qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 4 iyunga kelib kelib mamlakatda koronavirus yuqtirgani tasdiqlanganlar 3874 nafarga yetganini ma’lum qildi.

Koronavirus aniqlangan hududlar orasida Andijon viloyati ham bor.

XS
SM
MD
LG