Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:30

AQShda politsiya zo‘ravonligi va irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar davom etmoqda


Vashingtondagi tinch namoyishlar, 4 iyun, 2020
Vashingtondagi tinch namoyishlar, 4 iyun, 2020

AQShda 12 kundirki, politsiyachilarning zo‘ravonligi va irqiy tengsizlikka qarshi norozilar namoyishi davom etmoqda.

Shu yilning 25 may kuni Minneapolis shahrida, kamida 20 kishi guvohligida, oq tanli politsiyachilar 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydni o‘limiga sabab bo‘ldi.

6 iyun kuni bu hodisadan norozi minglab odam ishtirok etgan namoyish, hodisa sodir bo‘lganidan buyon kuzatilgan eng yirik aksiya bo‘ldi.

Vashington ko‘chalariga minglab odam chiqdi. Ko‘plab namoyishchi Kapitoliy hamda Oq uy yaqinida to‘plandi.

Vashington bo‘ylab beton to‘siqlarni o‘rnatildi, parklar yopildi. Harbiylar va harbiy mashinalar, politsiyachilar shaharning markaziy ko‘chalaridan bir nechasini yopib qo‘ydi.

Shahar meri Myuriel Bouzer Oq uy oldida namoyishchilar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. Bir kun oldin u namoyishchilarning to‘planish nuqtasiga aylangan joyni Black Lives Matter Plaza – «Qora tanlilarning hayoti ham muhim» aksiyasi sharafiga nomlangan Plaza, deb atagan edi.

Shuningdek, Nyu-York, Filadelfiya, Sietl, Chikago va Los-Anjelesda ham yirik aksiyalar bo‘lib o‘tdi. Kichikroq shaharlarda va qishloqlarda ham odamlar norozilik aksiyalariga chiqdi.

AQSh bo‘ylab davom etayotgan aksiyalar Donald Tramp prezident etib saylanganidan beri sodir bo‘lgan eng yirik namoyishlardir. Norozilik namoyishlari Tramp ma’muriyati koronavirus pandemiyasi oqibatlari, xususan, pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy bo‘hron oqibatlarini yumshatish uchun zo‘r berib urinayotgan bir paytda boshlanib ketdi.

Kelayotgan noyabr oyida Tramp prezidentlik saylovida qatnashadi. Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlar Tramp o‘z raqibi, Demokratik partiya nomzodi Jo Baydendan orqada qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Ayrim aksiyalar davomida mahalliy do‘konlar talon-toroj qilindi, natijada ba’zi shtatlar Milliy gvardiyani safarbar qilishga majbur bo‘ldi. Ammo keyingi kunlardagi namoyishlar, umuman olganda, tinch o‘tmoqda. 6 iyun kuni ayrim shaharlarda kichik to‘qnashuv va zo‘ravonliklar sodir bo‘ldi.

Shimoliy Karolina shtatida yuzlab odam Floyd ulg‘aygan uy yaqinida uni xotirlash uchun to‘plandi. Floyd 8 may kuni Xyuston shahrida dafn etiladi.

25 may kuni Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida oq tanli politsiya xodimi Derek Shovin qora tanli Floydni kishanlab, tizzasi bilan bo‘ynini qariyb to‘qqiz daqiqa bosib turishi ortidan halok bo‘ldi. 20 dollarlik soxta pulni ishlatishga urinishda gumon qilinib, politsiyachilar tomonidan ta’qib qilingan Floyd politsiyachi Shovinga bir necha marta nafas olishga qiynalayotganini aytib, faryod qilgani aks etgan video tarmoqlarda tarqaldi.

Minnesota prokurori Floyd o‘limiga sababchi bo‘lgan Shovin hamda uning yonida turgan uch politsiyachiga qotillik va yana bir necha jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovni e’lon qilgan.

Kongressning har ikki palatasida demokratlar politsiya treninglarini yaxshilash hamda huquq-tartibot organlari faoliyatida shaffoflikni ta’minlashni ko‘zlovchi qonun loyihasini tayyorlamoqda.

Floydning o‘limi ortidan boshqa davlatlarda ham norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Xususan, Berlin, Parij, London va boshqa ko‘plab shaharda minglab odam namoyishga chiqdi. Londonda namoyishchilar bosh vazir Boris Jonson ofisi yaqinida politsiya bilan to‘qnashdi.

Berlinda ham rasmiylar 100 nafar namoyishchi qo‘lga olinganini xabar qildi.

Avstraliyada ham minglab odam hukumatning koronavirus haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, norozilik aksiyasiga chiqdi.

5 iyun kuni Oq uyda turib so‘zlagan Tramp talon-toroj va zo‘ravonliklar oldini olish uchun rasmiylarni namoyishlarni bostirishga chorladi.

Tramp namoyishchilarni tarqatish va tartib o‘rnatish uchun armiya kuchidan foydalanishni ham talab qilib kelmoqda.

So‘zlagan nutqi davomida Tramp politsiyaning zo‘ravonligini qoraladi va politsiya barcha amerikalikka ularning irqi, jinsi yoki e’tiqodidan qat’i nazar bir xil munosabatda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

AQShning texnologiyalar, bank, moda va shou-biznes sohasida ishlovchi shirkatlari afroamerikaliklarga nisbatan politsiyachilarning noinsoniy munosabatiga qarshi namoyishga chiqqanlarni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotni e’lon qilgan.

Jumladan, Netflix tvitter sahifasida shirkatda ishlovchi afroamerikaliklar oldida munosabat bildirishga mas’ul ekanini bildirgan holda, “Jim turishlik jinoyatga sheriklik bilan barobar”, deb bayonot berdi.

Google bosh sahifasida irqiy tenglik uchun kurashayotgan barcha odamlar qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi yozuv paydo bo‘ldi.

Twitter o‘zining rasmiy akkauntida #BlackLivesMatter – "Qora tanlilarning hayoti ham muhim” xeshtegini joriy etdi.

Citibankning moliyaviy direktori, afroamerikalik Mark Meyson o‘z blogida “Irqchilik bizning mamlakatimizdagi eng og‘riqli va xunuk ko‘rinish bo‘lib qolmoqda”, deb yozdi.

Nike tvitterda “Irqchilikka e’tiborsiz bo‘lmang. Begunoh odamlarning hayotiga tajovuz qilinishiga qarab turmang” degan videorolikni e’lon qildi. Nike raqobatchisi bo‘lgan Adidas esa bu tvitni repost qildi.

Aloqador maqolalar:

Алоқадор

XS
SM
MD
LG