Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:21

Andijon tug‘ruqxonasida ko‘zi yorigan 21 yashar ayol osilgan holda topildi


O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish har 100 ming kishiga - 5.2 tadan to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish har 100 ming kishiga - 5.2 tadan to‘g‘ri keladi.

2 iyun kuni Andijon shahridagi viloyat Perinatal markazida o‘g‘il tuqqan 21 yashar ayol 7 iyun kuni tug‘ruqxona yerto‘lasida osilgan holda topildi.

Asli Jalaquduq tumanidan bo‘lgan ayolning o‘zini osgani gumon qilinmoqda.

O‘tgan yili turmush qurib¸ birinchi farzandli bo‘lgan yosh ayolning nega o‘z joniga qasd qilganiga oid taxminlar Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

Marhumaning Ozodlik bog‘langan yaqinlari bu haqda gapirishni istamadi.

Perinatal markaz vrachlari esa tuqqandan so‘ng yosh ayol ruhiyatida o‘zgarish kuzatilganini aytish bilan cheklandi.

Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, yosh onaning o‘limi yuzasidan viloyat prokuraturasi tergovgacha surishtiruv olib bormoqda. Surishtiruv jarayonida qanday taxminlar o‘rganilayotgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Andijon viloyat Perinatal markazi vrachining Ozodlikka aytishicha, O.A. (ayolning ismi Ozodlikka ma’lum, ammo yaqinlari so‘roviga ko‘ra shaxsi ochiqlanmayapti-tahr.) 2 iyun kuni kesarevo amaliyoti bilan sog‘lom bola tuqqan.

- Qornidagi homilasi bo‘g‘ilib qolmasin, deb kesarevo qilindi. Chunki bola boshi bilan kelmagandi. Ayolning o‘zi reanimatsiya bo‘limida bir kun saqlangach, oddiy palataga olib o‘tildi.​ 7 iyunga o‘tar kechasi hojatga chiqaman, deb ketib, yuvinib kelgan, kiyimlarini almashtirgan va yotgan. Keyin yotgan joyida g‘oyib bo‘lgan. 7 iyun saharda pastdagi yerto‘laga kiraverishdagi to‘singa arqon bog‘lab o‘zini osgan.

Birinchi farzandini qo‘liga olgan yosh ayolning o‘z joniga qasd qilishga majbur qilgan omillar haqidagi savolga to‘xtalgan tug‘ruqxona vrachi¸ tug‘ruqdan so‘ng ayolning ruhiy xolatida o‘zgarish kuzatilgani va buni palatadoshlari ham payqaganini ta’kidladi.

- Hech kim xafa qilgan ham emas, bolasi soppa-sog‘, eri o‘zida yo‘q hursand edi, ota bo‘ldim deb. O‘zi ham xursand edi o‘g‘il tug‘dim, deb. Lekin palatada u bilan birga bo‘lgan ayollar ruhiy ahvoli o‘zgarganini aytishdi. G‘alati holatda bir joyga tikilib qarab o‘tiraverar ekan. Juda pastfe’l ayol edi, hayronmiz nimaga bunaqa bo‘lganiga.

Ayolning Ozodlik bog‘langan qarindoshlari va mahalladoshlari ko‘zi yorigunga qadar kelinchak xulq-atvorida o‘zgarish kuzatilmagani¸ uning ruhiy salomatligida muammo bo‘lmaganini bildirdi.

Marhumaning turmush o‘rtog‘i esa bu fojia va uning ehtimoliy sabablari haqida gapirishni istamadi.

Jalaquduq tumani Oyim qishloq fuqarolar yig‘inidan bo‘lgan yosh ayolni bilgan mahalladoshlariga ko‘ra¸ u o‘tgan yili turmush qurgan.

- O‘rta oila. Eri fermer, o‘zi ishlamas edi. Turmushida muammo bo‘lmagan. Tuppa-tuzuk kelin edi. O‘tgan yil yozda to‘y qilishgan. Bu holatdan hammamiz hayron bo‘lib turibmiz. O‘zini osishidan oldin, tahorat qilgan, oq libos kiygan¸ ya’ni shunga tayyorlangan. Yaqinlarimizga, atrofimizdagilarga aslo e’tiborsiz bo‘lmasligimiz kerak ekan. Palatada shunaqa holatni ko‘rgan ayollar aytishmabdida vaqtida. ​O‘ylaymizki, bu holatni ichki ishlar xolis tekshiradi, - dedi marhumaning Ozodlik gaplashgan mahalladoshi.

Qarindoshlariga ko‘ra¸ onasiz qolgan chaqaloq hozirda otasi va uning oilasi qaroviga berilgan.

O‘zbekistonlik ginekolog vrach Gulbahor Sobirova tuqqan ayollarda tug‘ruqdan keyingi depressiya ko‘p uchrashini aytadi.

- Men Andijondagi holat bo‘yicha biron narsa aytolmayman. Lekin, yangi tuqqan ayollarda "poslerodovaya xandra" holati ko‘p uchraydi. Tuqqandan ikki-uch kun o‘tib ba’zi ayollar ruhiy, emotsional o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Aynan mana shu davrda ayol doimiy kuzatuvda bo‘lishi kerak, umuman yangi tuqqan ayollar muntazam kuzatib borilishi kerak, - deydi Sobirova.

Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi ayolning tug‘ruqxonadagi shubhali o‘limi yuzasidan viloyat prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borayotganini aytdi.

Andijon viloyat prokuraturasidan izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotgani haqida bir necha marta gapirgan.

Xususan¸ 2017 yilgi majlislardan birida Mirziyoyev o‘z qabulxonasiga kelib tushgan shikoyat va murojaatlarning 70 foizi ayollarga tegishli ekanligini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan so‘nggi raqamlarga ko‘ra, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish har 100 ming kishiga - 5.2 tadan to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG