Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:29

Qo‘shni davlat universitetlaridan O‘zbekistonga qaytgan talabalar o‘qishsiz qolib ketganidan xavotirda (VIDEO)


Qarshi davlat universitetidagi qabul jarayoni.
Qarshi davlat universitetidagi qabul jarayoni.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining fevral oyidagi buyrug‘i asosida o‘qishlarini qo‘shni davlatlardan o‘z yurtiga ko‘chirish uchun vataniga qaytib kelgan ba’zi o‘zbekistonlik talabalar o‘qishga qabul bilan bog‘liq muammolar qarshisida qolgan.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qishini tashlab o‘z yurtiga qaytib kelgan talabalar Ozodlik bilan suhbatda o‘z viloyatlaridagi oliygohlar ularni o‘qishga qabul qilmayotgani, oqibatda uch oy o‘qishsiz qolib ketganlarini aytdi.

Oliy o‘quv yurtlari mutasaddilariga ko‘ra, qaytib kelgan talabalarni o‘qishga qabul qilish, ularning hujjatlarini tekshirish O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli cho‘zilmoqda.

Shu yilning 7 fevralidan O‘zbekistondagi oliygohlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qila boshlagan edi.

Hujjatlarni qabul qilish 15 martgacha qabul qilinishi, o‘qishni ko‘chirishda hech qanday qo‘shimcha talablar va sinovlar hamda byurokratik muammolar bo‘lmasligi va’da qilingan edi.

Horazmlik Guliston (ismi talabaning iltimosiga ko‘ra o‘zgaririldi -tahr.) Qozog‘istonning Chimkent shahridagi Muxtor Avezov nomidagi universitetga o‘tgan yili o‘qishga kirgan.

U aksariyat o‘zbekistonlik talabalar qatori O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida o‘quv yilining yarmida Chimkentdagi o‘qishini tashlab, mart oyida Urganch davlat universiteti Iqtisodiyot fakultetiga hujjat topshirgan, lekin hozirgacha qabul qilinmagan.

- Xorazm viloyati Urganch shahridagi universitetga perovod bo‘lgandim, pulini ham to‘lagandim. Endi aytishyapti "qabul qilolmaymiz" deb. Joy qolmabdi. Uch oy oldin hukumatni qaroriga ishonib Qozog‘istondan otchislen bo‘ganman, endi o‘qishim nima bo‘ladi? O‘qishni ko‘chiramiz, deb qaytanga o‘qishsiz qolib ketdik.

Ta’lim mutasaddilariga ko‘ra¸ birgina Xorazm viloyatida Guliston qatori mingdan ziyod talaba Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi o‘qishini tashlab kelib, Urganch davlat universiteti qabul komissiyasiga topshirgan arizalariga javob kutmoqda.

10 iyun kuni Ozodlikka yuborilgan videoda qo‘shni davlatlardan qaytib kelgan o‘nlab talaba Urganchdagi universitet rektori yordamchisini o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha savolga tutayotganini ko‘rish mumkin.

Урганч Давлат университетида қўшни давлатлардан қайтиб келган талабалар қабул масаласини муҳокама қилмоқда.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:19 0:00

Universitet rektori Bahrom Abdullayev 11 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan mingdan ziyod talabaning arizasiini ko‘rib chiqish "ba’zi sabablarga ko‘ra" kechikayotganini aytdi.

- Bizning universitetimizga qo‘shni davlatlarda o‘qigan mingdan sal ko‘proq talaba ariza topshirgan. Biz hozir ular o‘qigan oliygohlarga zapros yuborganmiz, ular haqiqatan ham o‘qiganmi, o‘qigan bo‘lsa qanday o‘qigan, shuni so‘rab, tekshiryapmiz. Lekin, shu zaprosimizga javob kelishi kechikyapti. Buni ustiga koronavirus karantini. Qo‘shni davlatlarda ham shu ahvol. Lekin, o‘qishida muammo bo‘lmagan bo‘lsa hammasi sirtqi bo‘limga o‘qishga olinadi. Joy yo‘q, degan muammo yo‘q bizda, - dedi rektor Abdullayev.

"Karantin sabab jarayon cho‘zilyapti"

Ozodlikka kelayotgan xabar va shikoyatlardan¸ O‘zbekistonning boshqa ba’zi viloyatlaridagi oliygohlarda ham ahvolning ayni ekani ko‘riladi.

Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Qirg‘iz-O‘zbek universitetida o‘qigan Zohidxon (ismi talabaning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) ham Jizzaxga qaytganidan keyin Jizzax davlat pedagogika institutiga qabul qilinmayotganini aytadi.

- Men O‘shda kunduzgida o‘qiganman. Lekin, bular kunduzgida joy yo‘q, sirtdan o‘qishga olamiz deyishgandi. Hozir uchinchi oy bo‘lyapti, haligacha shu zaochniyga ham o‘qishga qabul qilinganim yo‘q. Javob, "hujjatlaringni tekshiryapmiz". Lekin boshida hech qanday muammosiz qabul qilamiz, deb va’da berishgandi, - deydi jizzaxlik talaba.

Jizzax pedagogika institutining qo‘shni davlatlardagi oliy o‘quv yurtlaridan qaytadiganlarni qabul qilish bilan shug‘ullanadigan ishchi guruh xodimi 15 martgacha 1500 ga yaqin talabadan hujjat qabul qilingani, ularning hech biri ko‘chada qolmasligini aytdi.

- Hozir koronavirus bilan bog‘liq karantin sabab jarayon cho‘zilyapti. Talabalarni o‘qigan mutaxassisligi bo‘yicha ko‘rib chiqyapmiz. Bir yarim mingga yaqin talaba topshirgan bizga. Agar mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa¸ boshqa o‘quv yurtiga tavsiya qilamiz. Hech bir talaba ko‘chada qolmaydi. Juda bo‘lmasa sirtqi va kechki bo‘limlarga qabul qilinadi, - dedi Jizzax instituti xodimi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirining fevralda chiqargan buyrug‘ida, qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishlarini o‘z yurtiga ko‘chirish muddati 15 fevral deb belgilangan edi.

Keyin bu muddat 15 martgacha uzaytirildi va talabalarning o‘qishlarini ko‘chirish uchun qo‘shimcha imtihon topshirmasligi aytildi.

Qo‘shni davlatlarda tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini o‘z yurtiga ko‘chirishlari uchun o‘qigan joyidan transkript, ya’ni birinchi o‘quv yilida topshirgan imtihonlari haqida muhrlangan qog‘oz, ariza va pasportining nusxasini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga taqdim etishlari kerak.

Urganch Davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev "qo‘shni davlatda o‘qib qaytdim" deb hujjat topshirgan ba’zilarning umuman o‘qimagani holatlari ham qabul jarayonida aniqlanganini aytadi.

- Bittasi Qozog‘istonda o‘qidim, deb hujjat topshiryapti, tekshirib ko‘rsak¸ umuman o‘qimagan. Shuning uchun tekshiryapmiz, transkriptlar haqiqiymi. O‘qishga pulini to‘lab qo‘yib, umuman o‘qishga bormaganlar bor. Aksincha o‘qish pulini to‘lolmay, transkript hujjatlarini ololmayotganlar bor. Chunki o‘qish pulini oxirigacha to‘lamasa¸ hujjatlarini bermaydi. Yana bir marta aytaman, hujjatlari haqiqiy bo‘lgan talabalarni hammasi o‘qishga olinadi, - dedi Bahrom Abdullayev.

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga 2019-2020 o‘quv yili uchun 80 430 talaba qabul qilingan.

Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning oliy o‘quv yurtlarida esa O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus vazirligiga ko‘ra, fevral oyiga qadar 35 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan.

Qo‘shni davlatlardan qancha talaba qaytgani va O‘zbekistondagi oliygohlarga o‘tkazish uchun qanchasi hujjat topshirgani, qaytgan talabalar uchun oliygohlarda o‘rinlar yetarlimi¸ degan savollarga O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirligidan ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Urganch Davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev esa bu savolga: "Bizda muammo yo‘q, joy yetarli, o‘qituvchilar ham", - deb javob qildi.

XS
SM
MD
LG