Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:15

Andijonlik ayronchi: IIB xodimlari meni o‘g‘limning ko‘zi oldida kaltaklab, qamab qo‘ydi


Saydullo So‘fiyev badanida lat yegan joylari bor.
Saydullo So‘fiyev badanida lat yegan joylari bor.

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida salqin ichimliklar bilan savdo qiluvchi 40 yashar Saydullo So‘fiyev tuman IIB ning ikki xodimi uni noqonuniy savdo qilganlikda ayblab kaltaklagani, keyin qo‘lini qayirib, mashinaga bosib, qamab qo‘ygani haqda Ozodlikka aytdi.

Oltinko‘l tuman IIB navbatchisi So‘fiyevning kaltaklangani haqidagi iddaolari yuzasidan Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov o‘z tashkiloti Oltinko‘lda IIB xodimlari fuqaroga kuch qo‘llagani holatini o‘rganayotganini aytdi.

Tashanovga ko‘ra, ularning murojaatidan so‘ng Oltinko‘l tuman prokuraturasi xizmat tekshiruvi tayinlagan.

Oltinko‘ldagi voqea mamlakat bo‘ylab IIB xodimlarining fuqaroga kuch qo‘llagani bilan bog‘liq so‘nggi haftada Ozodlik o‘rgangan beshinchi holatdir.

Ozodlik bu holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga izoh olish uchun yozma murojaat qildi, 18 iyun ish kuni oxirigacha vazirlikdan javob bo‘lmadi.

O‘tgan hafta Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

Oltinko‘l tumanida ayron, sharbat sotib tirikchilik qiladigan 40 yoshli Saydullo So‘fiyevning Ozodlikka aytishicha, voqea 16 iyun kuni ertalab avtomagistral yo‘li chetida salqin ichimliklar bilan savdo qilayotgan paytda ro‘y bergan.

IIB xodimlari uning hujjatsiz, noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotganiga e’tiroz bildirgan. Saydullo So‘fiyev bunday dedi:

- Melisa formasidagi ikkita odam o‘sha kuni men tomon keldi. “Noqonuniy savdo qilyapsiz, biz bilan yurasiz”, dedi. "Yo‘l bo‘yida hamma savdo qilyapti, faqat meniki noqonuniymi?", dedim. "Siz nalogdanmi yo SESdan? Mening faoliyatimga nega aralashasiz? Vazifangiz tartibni saqlashku, men bormayman", dedim. Keyin qo‘llarimni qayirib, yerga bosib urishdi. Mashinaga solib olib ketdi. Mashina ichida ham urishdi.O‘g‘lim u yerda qoldi.

Oltinko‘llik ayronchi Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham salqin ichimliklar bilan savdo qilishga ruxsat beruvchi hujjat unda yo‘qligini yashirmadi:

- O‘n yildan beri o‘sha yo‘l chetida ayron, sharbat sotib tirikchilik qilaman. Menda hujjat nima qiladi?! Hamma qiladigan tirikchilikku! SESdan keladi, Soliqdan ham keladi, hujjatlarni so‘raydi, yo‘q, deymiz. Lekin shu paytgacha haqoratlab, kaltaklash holati bo‘lmagandi.

So‘fiyevning aytishicha, uni tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib borishgan, u yerda noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullangani yuzasidan so‘roq qilishgan. Lekin biror hujjat rasmiylashtirmasdan qamab qo‘yishgan. Ertalab So‘fiyevni uyiga qo‘yib yuborishgan.

So‘fiyev uni urgan IIB xodimlarini tanimasligi, ismlarini ham bilmasligini aytdi.

Kaltaklangani yuzasidan u huquq tizimlariga arz ham qilmagan:

- Menga hech qanaqa qog‘oz ham berishmadi. Ertalab ketaver, deb qo‘yib yuborishdi. Hozir azoyi badanim qaqshab og‘riyapti, uyda yotibman, tuman prokuraturasiga shikoyat qilaman, deb turibman ularning ustidan.

Ozodlik So‘fiyevning kaltaklangani haqidagi iddaolari yuzasidan Andijon viloyat Oltinko‘l tuman IIB ga telefon orqali bog‘landi.

Telefon go‘shagini ko‘targan militsiya navbatchisi matbuotga gapirish vakolati faqat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga berilganini aytdi.

Ozodlik 18 iyun kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida keltirilgan Axborot xizmati telefon nomerlariga qo‘ng‘iroq qildi, lekin hech kim telefonni ko‘tarmadi.

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov Oltinko‘lda IIB xodimlari fuqaroga kuch qo‘llagani holatini o‘rganib chiqayotganini aytdi.

- Andijondagi bo‘limimiz bu holatni o‘rganyapti. O‘rganish jarayonida Oltinko‘l tuman prokuraturasiga murojaat qildik. Prokuratura xizmat tekshiruvi olib borayotganini aytdi. Bu holat nazoratimizda, - dedi Tashanov.

Bir haftada beshta holat

O‘zbekistonda IIB xodimlari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq so‘nggi haftada Ozodlik o‘rgangan beshinchi holatdir.

17 iyun kuni Sirdaryoning Guliston shahrida yashovchi 41 yoshli O‘tkir Boborahimov shahar Ichki ishlar bo‘limi zobiti uni do‘pposlab ikki qovurg‘asini sindirganini aytgandi.

16 iyun kuni Ozodlik Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida yuziga niqob taqmagan 22 yoshli yigitga kuch qo‘llagani aks etgan videoni e’lon qilgan edi.

15 iyun kuni surxondaryolik tadbirkor Dovar Jo‘raqulov Ozodlik karantin qoidalarini nazorat qilib yurgan Milliy gvardiya harbiylari uni bo‘g‘ib, xushidan ketkizishgani haqida arz qilgan.

Aynan shu kuni Navoiy shahrida yashovchi Dilshoda Xo‘jamova ismli o‘ttiz yoshli ayol uchastka noziri do‘pposlagani haqda Ozodlikka ma’lum qildi.

O‘tgan hafta esa Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilinmoqda.

Oliy majlis deputati Rasul Kusherbayev ham Ichki ishlar vaziri Bobojonovning iste’fosini talab qildi, keyin "Adolat" partiyasidan deputat Gulruh Agzamova Ichki ishlar vazirligini tugatish taklifini bildirib chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda huquq-tartibot idoralari xodimlarining qiynoqlar va shafqatsiz munosabatini taqiqlovchi “Ichki ishlar vazirligi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.

Shunga qaramay, ichki ishlar xodimlarining qiynoq va shafqatsizligi haqida shikoyatlar Ozodlikka kelishda davom etmoqda.

"Jazosizlik"

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov qiynoq qo‘llagan IIB xodimlarining ko‘pgina xollarda jazodan osongina qutilib qolayotgani sabab qiynoqlar muammosi saqlanib qolayotganini aytadi.

- Aynan jazosizlik sabab qiynoqlar hozir ham davom etib kelyapti. Prezident ham qiynoqlarni tag-tubi bilan yo‘q qilamiz degan, lekin qiynoqqa soluvchilar jazosiz qolayotgan ekan yoki yengilroq jazo bilan qutulib qolayotgan ekan bu muammo davom etaveradi. Biz bilmagan xolatlar qancha bo‘lishi, qanchadan - qancha IIB xodimi jazosiz qolgan bo‘lishi mumkin, buni bilmaymiz, - deydi Tashanov.

Ammo, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon shahar IIBsining 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma holatida kasalxonaga yotqizilgan fuqaroning o‘limi ortidan shahar IIBsining uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olinganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG