Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:30

“Adabiyot” gazetasi muharriri karantindan chiqarilmayotganini yangi partiyani tuzishdagi ishtiroki bilan bog‘lamoqda


Baxtiyor Karim Toshkent shahridagi Covid-karantin lageriga Teri-tanosil kasalliklari klinikasida. 2020, 26 iyun
Baxtiyor Karim Toshkent shahridagi Covid-karantin lageriga Teri-tanosil kasalliklari klinikasida. 2020, 26 iyun

O‘zbekistonda chiqadigan “Adabiyot” gazetasi bosh muharriri, 61 yashar Baxtiyor Karim koronavirus lageriga joylashtirilganiga 20 kun bo‘lganiga qaramay, hanuz ushlab turilgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xati mazmunini 26 iyun kuni Ozodlikka tasdiqladi.

Yangi “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini tuzishga jazm qilgan faollardan biri Baxtiyor Karimning (Baxtiyor Karimov) iddaosicha, ushlab turilishi ortida siyosiy motivlar mavjud.

Karantin lageriga aylantirilgan muassasa bosh vrachi jurnalistning ushlab turilishini izohlar ekan, bu masala vazirlik vakolatidagi masala ekanligini aytish bilan cheklandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Бахтиёр Карим билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:45 0:00
Бевосита линк

Baxtiyor Karimning Ozodlikka aytishicha, o‘g‘li ishlaydigan tashkilot xodimlaridan biriga koronavirus yuqqani aniqlanganidan so‘ng, avval o‘g‘li, keyin butun oilasi karantinga yotqizilgan.

Oilaviy karantin 6 iyunda boshlangan edi

O‘rtasaroydagi karantin lageriga Baxtiyor Karim turmush o‘rtog‘i, kelini va 5 oylik nabirasi bilan 6 iyunda joylashtirilgan.

Karantinga olib ketishga kelishganida SES xodimlari chaqalog‘imizni ko‘rib, bular uy sharoitida qolgani durustga o‘xshaydi, chaqaloqlari bor ekan, deyishdi.

“Karantinga olib ketishga kelishganida SES xodimlari chaqalog‘imizni ko‘rib, bular uy sharoitida qolgani durustga o‘xshaydi, chaqaloqlari bor ekan, deyishdi. Shunda bizni olib ketish uchun kelgan Milliy gvardiya askarlari o‘zlarining boshlig‘i bilan gaplashdi. General ekan u. Tezda O‘rtasaroyga olib ketinglar, deb buyurdi”.

Baxtiyor Karimning aytishicha, u oilasi bilan bitta konteyner-palatada yashay boshlagan. Chaqaloq shamollab qolishidan qo‘rqib, konditsionerni ishlatishmagan. Natijada yozning jaziramasida qizib ketgan temir konteynerdagi sharoit ta’sir qildimi, har holda oila boshlig‘i o‘zini yomon his qila boshlagan. Vrachlar unda infarktoldi alomatlarini ko‘rgach, uni boshqa muassasaga ko‘chirishga qaror qilgan.

Bir lagerdan ikkinchisiga

Shunday qilib, lagerga yotqizilganidan 11 kun o‘tgach, 17 iyunda uni oilasidan ajratib, Toshkentning Nukus ko‘chasidagi vaqtincha Covid-karantin lageriga aylantirilgan Teri, tanosil kasalliklari klinikasiga joylashtirishgan.

EKG apparati bu yerda ham yo‘q ekan, yurak bo‘yicha mutaxassis ham yo‘q ekan.

“Meni bu yerga O‘rtasaroyda EKG apparatlari yo‘qligi uchun olib kelishgan edi. Apparat bu yerda ham yo‘q ekan, yurak bo‘yicha mutaxassis ham yo‘q ekan”.

6 iyunda karantinga olingan va O‘rtasaroyda qolgan oila a’zolari testlari toza chiqib, 14 kunlik muddat yakuniga yetgach, ularning uyiga ketishiga ruxsat berilgan¸ biroq ikkinchi karantin lageriga o‘tkazilgan oila boshlig‘i hanuz chiqarilmayapti.

Meni belgilangan muddatdan uzoq ushlab turishgani sababi yangi tuzilayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman.

Buning sababini Baxtiyor Karim mana bunday taxmin qildi:

"Meni belgilangan muddatdan uzoq ushlab turishgani sababi yangi tuzilayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Bu partiyaning tuzilayotgani qandaydir kuchlarga yoqmayotgan bo‘lishi mumkin".

Bosh vrach nima dedi?

Ozodlik vaqtincha Covid-karantin lageriga aylantirilgan Teri, tanosil kasalliklari klinikasi bosh vrachi Oybek Muhiddinov bilan bog‘lanib, undan Baxtiyor Karimga javob berilmayotgani sababini so‘radi. U savolni eshitgach, “buni vazirlik biladi, vazirlikdan so‘rang, men buyruq bajaryapman¸ xolos” dedi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatida hech kim telefonni ko‘tarmadi.

Buni vazirlik biladi, vazirlikdan so‘rang, men buyruq bajaryapman¸ xolos.

Oybek Muhiddinovning aytishicha, Teri-tanosil kasalliklari klinikasida “kardiolog bor va u har kuni Baxtiyor Karimning holidan xabar olib turibdi”.

Bosh vrachning bu gapidan so‘ng Ozodlik yana Baxtiyor Karim bilan bog‘landi. Bu gal u Telegram orqali mana bunday javob berdi:

“Navbatchi vrach, iltimos qilsangiz, qon bosimingizni o‘lchaydi¸ xolos . EKG qildirasan, malakali kardiologga olib borasan, deb to‘polon qilsangiz, yaxshi, unda sizni kardiomarkaz karantin hududiga yuboramiz, yangitdan 14 kunlik karantin muddati boshlanadi, deb cho‘chitishadi”.

Baxtiyor Karim Ozodlikka taqdim etgan hujjatlardan biriga ko‘ra, u 23 iyunda karantin lageridan chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori B.Yusupaliyev imzolab, Vazirlar Mahkamasi va boshqa tegishli adresatlarga yuborilgan xatda shunday deyilgan.

Biroq bu xat yozilgan kunning ertasiga– 24 iyunda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Sultonov 23 iyun kungi xatni imzolagan B.Yusupaliyevga xat yozib, kovid-testi musbat chiqqanlar bilan muloqot qilgani sababli Baxtiyor Karimovning karantin muddatini yana 14 kunga uzaytirishni tavsiya qilgan.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Sultonov imzolagan xat.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Sultonov imzolagan xat.

Bu tavsiyani bergan D. Sultonov kun davomida telefonini ko‘tarmadi.

"Baxtiyor Karim tuzilayotgan yangi partiyaning "telefon markazi" edi"

Yangi “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi tuzish tashabbuschilaridan biri, iqtisodchi olim Xidirnazar Allaqulov Baxtiyor Karimning karantinda muddatidan ortiq ushlab turilishi uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq, degan fikrni bildirdi.

Yangi partiyaning tashabbuschilar guruhi a’zosi Baxtiyor Karim bizning muvofiqlashtiruvchimiz, telefon markazimiz edi.

“Albatta siyosiy sabab bor. Chunki biz shu kunda viloyatlarda, tumanlarda partiyaning tashkiliy guruhlarini shakllantirish ustida ish olib boryapmiz. Yangi partiyaning tashabbuschilar guruhi a’zosi Baxtiyor Karim bizning muvofiqlashtiruvchimiz, telefon markazimiz edi. Shunday deb e’lon qilganmiz va partiyaga qiziqqanlar hammasi bilan aloqani u qilishi kerak edi”.

Professor Xidirnazar Allaqulov o‘tgan oyda O‘zbekistonda yangi partiyaga zarurat borligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda qilgan chiqishlarida gapirgan va shundan so‘ng Ozodlik uni suhbatga tortgan edi.

Hur fikr minbariga aylanishga ulgurgan "Adabiyot" va uning muharriri

Baxtiyor Karim muharrirlik qilayotgan “Adabiyot” gazetasi tashkil topganiga shu kunlarda uch yil to‘ldi. Gazetxonlar fikricha, "Adabiyot" hur fikr minbariga aylanishga ulgurdi.

Masalan, Jamol Kamolning 2018 yilda chop etilgan “Fikrsizlik fojiasi” maqolasi “O‘zbekiston 25 yil davomida bir odamning aqli bilangina yashadi, qolganlarga faqat qarsak chalish huquqi berildi xolos”, degan so‘zlar bilan boshlangan edi.

Gazeta rasmiy matbuot hatto nomini tilga olishga qo‘rqadigan mualliflardan buyurtma asosida tahliliy maqolalar qabul qilib chop eta boshladi. Shukrullo, Jamol Kamol, Gulchehra Nurullayeva, Temur Po‘latov, Jahongir Muhammad maqolalari o‘quvchilarda ayniqsa kuchli taassurot uyg‘otdi.

“Albatta, bu yuqoriga yoqmasdi, ayniqsa Xayriddin Sulton janoblariga. Shuning uchun ular 2018 yili gazetaning bir sonini musodara qildilar. Toshkent bosmaxonalari shartnoma tuzmay qo‘ygach, noiloj viloyatlarga borib gazetani chop etishga majbur bo‘lyapman”, dedi Baxtiyor Karim Ozodlikka.

Baxtiyor Karim 1959 yili Marg‘ilonda tug‘ilgan. Milliy Universitet filologiya fakultetini 1982 yili tugatgan. "Fan va turmush"," Yosh kuch", "Sharq yulduzi" jurnallarida xizmat qilgan. Hozirda "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri.

Maqola bitay deb qolgan daqiqalarda Baxtiyor Karimdan mana bu xabar keldi:

​"Suyunchi bering, qo‘ng‘irog‘ingiz sharofati bilan qayerdandir zudlik

bilan EKG apparati olib kelinib, muolaja o‘tkazildi".

XS
SM
MD
LG