Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:26

Yakkabog‘da yerini qo‘shnilari noqonuniy olib qo‘yganiga norozilik bildirgan 43 yashar ayol o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi


Marhumaning o‘lim to‘shagida yotgan suratini uning yaqinlari Ozodlikka taqdim etdi.
Marhumaning o‘lim to‘shagida yotgan suratini uning yaqinlari Ozodlikka taqdim etdi.

Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman, Oqtosh qishlog‘ida yashagan 43 yashar ayol 26 iyun kuni o‘z uyida ustiga benzin quyib yoqib yubordi.

95 foiz kuyish jarohati olgan ayol 27 iyun kuniga o‘tar kechasi kasalxonada jon taslim qilgan.

(Ozodlikka aëlning ismi-sharifi ma’lum¸ shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi bois e’lon qilmayotir - tahr.)

Marhuma yaqinlarining iddao qilishicha, uning qo‘shnilari ayolning yerini o‘zboshimchalik bilan tortib olgan, ammo sudning ayol foydasiga chiqargan qarori ijrosi etilmagan va haqsizlikka chidolmagan

Voqea guvohi bo‘lgan profilaktika inspektori hodisa bir zumda sodir bo‘lgani, ayolni o‘ziga o‘t qo‘yishdan to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmaganini aytdi.

Yakkabog‘ tuman, Oqtosh qishlog‘ida yashagan marhumaning singlisi aytishicha, opasining o‘z joniga qasd qilishiga unga nisbatan qilingan haqsizliklar sabab bo‘lgan:

Hech kim opamning gapiga quloq solmadi, oqibatda o‘z joniga qasd qildi.

- 26 iyun kuni opam ikkita qo‘shnisi bilan yer talashib shu ahvolga keldi. Besh yil davomida hokimiyatga, sudga murojaat qilib keladi. Mahalla raisi, kadastr, prokuratura hammasining xabari bor. Qo‘shnisi P. Q. opam cho‘lga paxta terishga ketganida besh metr joyni o‘zlashtirib olib, devor urib olgan. Opam uning ustidan sudga murojaat qilgan, kadastrlar kelib o‘lchab ko‘rib, yer noqonuniy olib qo‘yilganini tasdiqlagan. Sud yerni egasiga qaytarish haqida qaror chiqargan. Lekin, ijro bo‘lmadi. Buning ustiga yana bir qo‘shnisi E.P. ham do‘kon quraman deb uning yerini noqonuniy egallamoqchi bo‘lgan. Hech kim opamning gapiga quloq solmadi, oqibatda o‘z joniga qasd qildi.

Marhumaning singlisi iddao qilishicha, qo‘shnilarning o‘rtasidagi janjalga mahalla raisi ham, profilaktika inspektori va boshqa mulozimlar ham beparvo qarab turgan:

Qo‘shnining o‘g‘li opamni itarib yuborgan. Bor yoqsang yoq, baribir yoqolmaysan, deb baqirgan.

- O‘sha kuni mahalla raisi, kadastrdan mulozim, profilaktika inspektori birga kelishgan. Opam agar noqonuniy ish qilsalaring jonimdan to‘ydim, o‘zimni yoqaman degan. Qo‘shnisining xotini, bolalari bo‘lgan. Qo‘shnining o‘g‘li opamni itarib yuborgan. Bor yoqsang yoq, baribir yoqolmaysan, deb baqirgan. O‘sha yerda o‘ntacha odam bo‘lgan, ular opamni lovullab yonayotganini ko‘rib qochib ketgan. Bitta uchastkovoy qolgan. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlar menga gapirib berdi.

Marhumaning qo‘shnisi P.Q. Ozodlikning qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirdi.

Oqtosh qishlog‘i profilaktika inspektori Maqsud Egamberdiev hodisa bir zumda sodir bo‘lgani, ayolni o‘ziga o‘t qo‘yishdan to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmaganini aytdi:

Opa men yoki shu yerga kelganlar bilan 30 sekund muzokara qilgani yo‘q. Chiqdiyu, o‘zini yoqivordi.

“Haqiqatan ham bu voqea bizning oldimizda bo‘ldi. Fuqaro MFYga telefon qilib, yer masalasi janjali bo‘yicha yordam so‘ragan. Meni chaqirishdi, kadastrdan bir xodim olib birga bordik. Biz borsak, taraflar o‘sha yerda, opa uyining ichida ekan. Arizachiga hujjatlar bormi desak, ha bor, dedi. Keyin opani chaqirgani darvozasi tomon bordim. Opa o‘sha yerda ekan, chiqing qonuniy hal qilaylik dedim. Opa izimdan chiqib keldiyu, to‘rt-besh metr yurib, to‘xtanglar menda ham hujjat bor, dedida ichkariga kirib ketdi. O‘shanda baklashkada benzin olib chiqqan ekan. Biz 6 metrcha berida 30-sekundcha gaplashib turgan edik, kimdir “iiii... Maqsud aka qarang, qarang dedi”. Qarasam opa ustiga benzin quyayotgan ekan. Mana sizlarga hujjat dedi-da, o‘zini yoqib yubordi. Yongan odam u yoq bu yoqqa qochadi, ushlab bo‘lmaydi, mahalla risi ikkimiz bitta gilamni ko‘rib qoldikda, darhol ustiga tashladik. Bo‘lgan voqea shu. Mening ham balki aybim bordir, lekin opa men yoki shu yerga kelganlar bilan 30 sekund muzokara qilgani yo‘q. Chiqdiyu, o‘zini yoqivordi”.

Maqsud Egamberdiyevning aytishicha, ular ayolningyana bir qo‘shnisi E.P.ning arizasi bo‘yicha kelishgan edi.

“Hujjat Ergash Pardayev nomiga chizilgan. U tadbirkorligi uchun nimadir qurmoqchi bo‘lgan. Ikki metr joyi qolganda opa qurdirmagan. Shuni muhokama qilmoqchi edik, lekin opa muhokamaga ham imkon qoldirmadi”.

Profilaktika inspektoriga ko‘ra, bu holat bo‘yicha tuman prokurtaturasi dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.

Yakkabog‘ tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zamira Shukurova marhumaning qo‘shnilar bilan janjalidan mutlaqo xabari yo‘qligini ta’kidlar ekan, uning ishbilarmon va tadbirkor ayol bo‘lganini aytdi:

“U juda yaxshi ayol, mehnatkash edi. Uyiga svarshchiklarni olib borib, parnik yasayotgan edi. Men bilan birga paxtaga chiqqan edi. Nima ish qilsa men bilan maslahatlashib qilar edi, jo‘ja qildim, tovuq qilaman degan edi. Bittagina o‘g‘lim bor, shuni o‘qitaman deb qayg‘urar edi. Shuncha yildan beri menga biror marta qo‘shnim bilan mojarom bor deb aytmagan. O‘zim ham yuragim ezilib o‘tiribman”.

Yakkabog‘ tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Bozor Azizov 27-29 iyun kunlari ishda bo‘lmagani va bu voqeani o‘rganib, batafsil ma’lumot berishini aytdi.

Yakkabog‘ tumani prokuraturasidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG