Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:31

Viloyatlarda xorijdan pul jo‘natmalarini olish uchun odamlar kunlab navbat kutmoqda


Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi "Ipoteka banki" bo‘limi oldida navbat. 29 Iyun, 2020 yil.
Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi "Ipoteka banki" bo‘limi oldida navbat. 29 Iyun, 2020 yil.

O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini bank bo‘limlaridan olish qiyinlashdi.

Ozodlikka kelgan fotosuratlarda "Ipoteka bank", "Hamkorbank"ning Xorazm, Buxoro, Samarqand hamda Toshkent viloyatlaridagi bo‘limlari oldida odamlar xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olish uchun navbatga tizilib turganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim mijozlar xorijdan yuborilgan pulni kun bo‘yi navbatda turib ham olib bo‘lmayotganini aytishdi.

Ozodlik suhbatlashgan "Ipoteka bank"i mulozimi ayrim bank bo‘limlarida naqd pul etishmovchiligi sabab pul o‘tkazmalarini berishda kechikish bo‘lishini tasdiqladi va bu vaqtinchalik muammo ekanini aytdi.

Xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini tarqatadigan “Ipoteka banki”ning Toshkent viloyati Bekobod shahridagi bo‘limi oldida odamlar navbat kutmoqda.

29 iyun kungi bu manzarani suratga tushirib Ozodlikka yuborgan bekobodlik Adham aka (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi) ikki kundan beri Rossiyadan o‘g‘li jo‘natgan pulni ololmay sarson bo‘layotganini aytdi:

- O‘g‘lim 500 dollar jo‘natgan, shuni ololmayapmiz, ikki kundan beri sarsonmiz. Naqd pul yo‘q, ertaga keling. Har kuni shu ahvol. Ertalab soat 5 dan beri bank oldida navbat kutayotganlar bor.

"Ipoteka banki"ning Bekoboddagi bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda ushbu hafta boshida yuzaga kelgan pul taqchilligi hal bo‘lgani va yaqin kunlar ichida mijozlar o‘z pulini navbat kutmay ola boshlashini aytdi:

- Toshkentdan pul kelishida kechikish bo‘ldi, shunga ozgina muammo bo‘lib qoldi. Hozir hal bo‘lgan bu, hammasi oladi pulini, ikki-uch kundan keyin navbat bo‘lmaydi.

Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari ham O‘zbekistonga yuborgan pul jo‘natmalarini yaqinlari olishga qiynalayotganini aytishadi.

Sankt-Peterburg shahrida yashovchi xorazmlik Azamat (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi )o‘tgan haftada Urganchdagi oilasiga 800 dollar pulni jo‘natgani, rafiqasi omonatni uch kun navbatda turib olganini aytdi:

- Uyimizdagilar pulni olish uchun o‘tgan hafta oxirida 3 kun navbatda turdilar, bank shuncha foiz olsayu pulimizni kechiktirib bersa, buni qanday tushinish mumkin?!

Pul jo‘natmalarini olishda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridagi "Hamkor bank", “Ipotekabank” bo‘limlarida ham kechikish bo‘layotganini aytishadi mijozlar.

- O‘zi shundoq ham avvalgi yillardagiga qaraganda chetdan pul kam kelyapti. Shunday bo‘lsa ham vaqtida berishmayapti, - deydi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi "Hamkor bank" bo‘limi oldida navbatda turgan bank mijozi.

Xorijdan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari asosan "Western Union", "Unistream", "MoneyGram" tizimlari orqali o‘tkaziladi.

Chexiyadagi “MoneyGram – pul jo‘natmalari” tizimi xodimi Igor Nesterovning Ozodlikka aytishicha, pul O‘zbekistonga uzog‘i bilan 5 minutda borib tushadi:

- Bizni tizimimiz orqali O‘zbekistonning “Aloqabank”, "Hamkor bank", “Turonbank”, “Ipotekabank” va “Ipak yo‘li” banklariga pul jo‘natiladi va 5 daqiqada yetib boradi. Mijozlar shu banklardan pullarini olishadi, banklar omonatlarni egalariga vaqtida berishga mas’uldirlar.

Ozodlik xorijdan yuborilgan omonatlarni olishdagi ayrim bank bo‘limlaridagi muammo hususida O‘zbekiston Markaziy bankining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nodir Abdullayevning bank rasmiy saytida keltirilgan telefon raqamiga 1 iyul kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin hech kim ko‘tarmadi.

Mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalarini olishda banklarning hamma viloyat va shaharlardagi bo‘limlarida kechikish bo‘layotgani yo‘q.

Poytaxt Toshkent shahrida pul jo‘natmalari vaqtida berilyapti.

“Hamkorbank”, "Ipoteka bank"ning Toshkent shahar bo‘limi mulozimi, pul jo‘natmalarini olishda umuman muammo yo‘qligini aytdi.

Shuningdek, ushbu banklarning Sirdaryo, Farg‘ona, Jizzax viloyatlaridagi mijozlari xorijdan pul jo‘natmalarini olishda qiyinchilik bo‘lmayotganini aytishdi.

O‘zbekistonga 2020 yilning ilk choragida pul jo‘natmalari qariyb 40 foizga kamaydi.

"Unistream" va “Zolotaya korona” bu tendensiyani koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘lagan.

Har ikki shirkat O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 2020 yilning ikkinchi choragida ellik foizga kamayishini bashorat qilgan.

XS
SM
MD
LG