Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:24

Hukumat Prezident qarorini bekor qildi. Fermerlar bug‘doyni 75 emas, 100% davlat narxida sotadi


Bug‘doy va bug‘doyzor
Bug‘doy va bug‘doyzor

O‘zbekistonlik fermerlar prezident Mirziyoyev 6 martda imzolagan qaror bekor qilinganini g‘allani topshirib bo‘lganidan so‘ng bildi.

Davlat rahbari qaroriga binoan, fermerlar davlatga topshiradigan bug‘doyining 25 foizini erkin narxda sotishi mumkin edi.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishicha, don qabul qilish korxonalari ularni topshirilgan donni “akt-sverka” qilishga chorlab, topshirilgan g‘allaga haq yuz foiz davlat narxida to‘lanishini aytgan.

“Qorako‘ldon” AJ bosh hisobchisi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida shunday qilinayotganini aytdi.

Qarorning “maxfiy” deb nomlangan 3 bandi Lex.uz da nashr qilingan matnidan olib qo‘yilgan.

Jondor tumanilik fermer Shuhrat Razzoqovning aytishicha, prezidentning 25 foiz g‘allani davlat korxonalari bozor narxida sotib olishi haqidagi qaroridan so‘ng fermerlar xursandchiligi uzoq cho‘zilmadi:

25 foizni erkin narxda fermerdan sotib olish nazarda tutilgan edi.

- Prezidentning 6 martdagi qarorida 2020 yil hosilidan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdorini har bir g‘alla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytirish, ana shu 25 foizni erkin narxda fermerdan sotib olish nazarda tutilgan edi. Endi g‘allani topshirib, “Qorako‘ldon” korxonasiga borib so‘rasak, 25 foizlik bekor qilinganini, pul 100 foiz foiz davlat narxida to‘lanishini aytdi.

Fermerning aytishicha, bir kilo bug‘doyning davlat narxi 1550 so‘m, bozordagi narx esa 2800 so‘m:

Endi qarz bilan chiqishga to‘g‘ri keladi.

- Bu yil g‘alla o‘rimi boshlanguncha bozorda bir kilo bug‘doy 3500 so‘m edi. Hozir mavsum bo‘lgani uchun vaqtincha narx tushgan. Sentabrga borib 4000 so‘mga chiqishi aniq. Agar meni o‘sha 25 foiz – 13 tonna g‘allamga 2,500 so‘mdan berganda edi, men kreditimni bemalol yopib olgan bo‘lardim. Endi qarz bilan chiqishga to‘g‘ri keladi. Bir yil mehnat qilib, g‘alla ekib, davlatga bozor narxidan bir baravar arzon sotsang, ustiga yana qarz bo‘lib chiqsang alam qiladi ekan.

Fermerning aytishicha, bir yil davomida g‘allaga uch marta qayta shartnoma qilingan:

- O‘tgan yil sentabr oyida 52,1 tonna bug‘doy topshirish haqida “Qorako‘ldon” bilan shartnoma qilgan edim. Mart oyida prezident qarori chiqqanidan keyin yangi shartnoma qildik, ya’ni bug‘doyning 75 foizi, ya’ni 39 tonnasini davlatga sotish haqida. Uchinchi marta qolgan 25 foizni bozor narxida olaman deb, yana shartnoma qildi. Bugun esa bu shartnomalarda nazarda tutilgan holatlar chetga surib qo‘yilib, yuz foiz davlat narxida haq to‘lamoqchi”.

Ozodlik suhbatlashgan andijonlik, qashqadaryolik fermerlar ham 100 foiz g‘alla davlat narxida sotib olinayotganini ma’lum qildi.

3-band "maxfiy" deb yozilgani nimani anglatadi?

“Qorako‘ldon” AJning bosh hisobchisi Latif Vafoyev Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning g‘allasi 100 foiz davlat narxida sotib olinishiga Vazirlar Mahkamasining 15 iyundagi 378-sonli qarori asos bo‘lganini aytdi:

- To‘g‘ri, oldin prezidentning 75/25 haqidagi qarori chiqdi, keyin Vazirlar Mahkamasining qarori chiqib o‘zgardida 100 foiz bo‘ldi. 75/25 o‘z kuchini yo‘qotadi degan joyi bor. Qolganini mening o‘rinbosarim tushuntirib beradi.

Bosh hisobchi o‘rinbosari Abdulaziz Otamurodovning Ozodlikka tushuntirishicha, qarorda “Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentabrdagi 831-son qaroriga asosan davlat resurslariga 3 019 ming tonna, shu jumladan, 293,5 ming tonna urug‘lik don xarid qilish” deb yozilgani, bu yana o‘sha eski tizimda ishlash kerakligini anglatadi.

Ammo, Ozodlik Lex.uz saytida 15 iyunda e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining “2020 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 378-sonli qarorini sinchiklab o‘qir ekan, 2 band bilan 4 band o‘rtasidagi 3 band yo‘qligini aniqladi.

Lex.uz saytidan skrinshot
Lex.uz saytidan skrinshot

Ozodlik donni qayta ishlash korxonalaridan biriga yuborilgan bu qarorning aslini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qaror nusxasida 3-band “Maxfiy” deb nomlangan va unga hech narsa yozilmagan.

Don korxonalariga yuborilgan qaror nusxasi
Don korxonalariga yuborilgan qaror nusxasi

Bu bandda prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-martda imzolagan “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bekor qilinganini taxmin qilish mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 15 iyundagi 378-sonli qarorida fermerlardan 25 foiz bug‘doyni erkin narxda sotish olib qo‘yilishi sababi izohlanmagan va faqat qarorning boshida bunday deyilgan:

"2020 yil boshoqli don ekinlari hosilini qisqa muddatlarda nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish va koronavirus pandemiyasi davrida ichki bozorda don, un mahsulotlari barqarorligini ta’minlash uchun yetarli miqdorda don tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi."

XS
SM
MD
LG