Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:22

Eron rasmiylari: namoyishchilarga qarshi qat’iy chora ko‘riladi


Eronning Behbahon shahridagi norozilik namoyishi, 16 iyul 2020 yil.
Eronning Behbahon shahridagi norozilik namoyishi, 16 iyul 2020 yil.

Eron politsiyasi Behbahon shahrida hukumatga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatib yuborilganidan bir kun o‘tib har qanday yangi namoyishlarga qarshi «qat’iy chora ko‘rilishini» bildirdi.

17 iyul kuni politsiya «dushmanlarni» norozilik ruhini keltirib chiqarishda ayblab, aholini «kontrrevolyutsion harakatga» qo‘l keladigan har qanday yig‘inlardan nari yurishga chorladi.

IRNA rasmiy xabar agentligiga ko‘ra, Behbahon politsiyasi yetakchisi Muhammad Aziziy shaharda «iqtisodiy vaziyat» tufayli «oz sonli odam» namoyishga chiqqanini aytgan.

Aziziy namoyishchilar «qoidalarga zid hayqiriqlarni ayta boshlaganidan» keyin namoyish tarqatib yuborilganini aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolarda Behbahondagi namoyish ishtirokchilari «Qo‘rqmang, hammamiz birgamiz!» hamda «G‘azoga yo‘q deymiz! Livanga yo‘q deymiz! Mening hayotim Eron uchun!» deya hayqirayotganini eshitish mumkin.

Aziziy tez orada tinchlik o‘rnatilganini aytish bilan cheklandi. Namoyish ishtirokchilari qo‘lga olingani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

Internet aloqasidagi uzilishlarni kuzatib boruvchi Netblocks sayti Behbahon joylashgan Xuziston viloyatida namoyishlar boshlanganidan keyin uch soatga Internet aloqasi cheklanganini bildirdi.

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘tgan yilda namoyishlarda ishtirok etgan uch nafar shaxs o‘lim jazosiga hukm qilinganini qoralab keladi.

14 iyulь kuni Eron Oliy sudi Amir Husayn Moradiy, Said Tamjidiy va Muhammad Rajabiylarga chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Ular 2019 yilning noyabrida benzin narxlari keskin ko‘tarilishi ortidan boshlanib ketgan namoyishlar davomida jinoyat sodir etishda ayblanmoqda.

16 iyul kuni Eron inqilob posbonlari gvardiyasi bir necha «buzg‘unchi» qo‘lga olinganini hamda «terror guruhi» barbod qilinganini ma’lum qildi.

Gvardiya bildiruviga ko‘ra, Mashhad shahrida qo‘lga olinganlar aksilinqilobiy guruhlarga aloqador bo‘lib, aholini norozilik namoyishiga chiqishga chorlab kelgan.

Sheroz shahrida esa Tehron terror guruhi deya belgilagan «Xalq mujohidlari tashkiloti» a’zolari qo‘lga olingan. Gvardiya bu bilan «hukumatga qarshi amaliyot» oldi olinganini bildirdi.

2018 yilda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron va dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha imzolangan kelishuvdan chiqib, mamlakatga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qayta joriy qildi. O‘shandan beri Eron iqtisodi oqsab keladi.

Koronavirus pandemiyasi esa cheklovlar joriy qilinishga hamda eksport ko‘lami qisqarishiga sabab bo‘ldi. Natijada mamlakatdagi iqtisodiy muammolar yanada keskinlashdi.

XS
SM
MD
LG