Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:33

Tojikistonlikning o‘rniga sudlangan o‘zbekistonlik 7 oydan buyon deportatsiya lagerida qolmoqda


Iskandar Rahimov tojikistonlik boshqa odam pasporti bilan sudlangan
Iskandar Rahimov tojikistonlik boshqa odam pasporti bilan sudlangan

Moskvaning Saxarovo deportatsiya lagerida 7 oydan buyon yotgan o‘zbekistonlik Iskandar Rahimovning aytishicha, u bir tojikistonlikning pasporti asosida sudlanib, ushlab turilibdi.

Rossiya ma’murlari O‘zbekiston elchixonasidan Iskandar Rahimovning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar kelganini tasdiqlasada, “uni faqat sud qo‘yib yuborishi mumkin” demoqda.

24 yashar namanganlik Iskandar Rahimov 2020 yilning 28 yanvarida Moskva viloyatining Aleksandrov shahridan Rossiya poytaxtiga ish izlab keladi.

Iskandar ish beruvchi bilan Moskva metrosining Taganka stansiyasida uchrashishga kelishadi.

Metro stansiyasiga kelgan o‘zbek muhojiri politsiya xodimlari tomonidan pasport tekshirish vaji bilan to‘xtatiladi. Undan keyin bo‘lgan voqeani Iskandarning o‘zi bunday tasvirlab berdi:

- Bir tojik bola bilan u yerda tanishib qolib, gaplashib turgan edik, melisa kelib pasport so‘radi. Tojik bola shustriylik qilib, kurtkalarini tashlab, qochib ketvordi. Man ularga o‘zimning pasportimni berdim, ular “Seni danniylaring bu yerda chiqmayapti- xonaga borib tekshiramiz!”, dedi. U yerda uchta erkak o‘tirgan ekan - narsalarni tekshirib, kurtkadan tojik bolaning pasportini topdi. Ular telefonimni, hamma narsalarimni tekshirib, “Otdelga olib boramiz, barmoq izi olamiz, bo‘ldi - shahringga qaytib ketaverasan”, dedi.

Moskva politsiya boshqarmasining Rahimovga bergan javobi
Moskva politsiya boshqarmasining Rahimovga bergan javobi

Moskvaning Meshchanskiy tuman politsiyasining 4-bo‘limiga Iskandarni keltirgan politsiyachi o‘zbek muhojirini “Bugunga meni planim bitdi!” deya boshqa politsiya xodimlariga topshirib ketgan:

- U yerda yarim soatlardan keyin bir politsiya xodimi oldimga kelib, qog‘ozlardagi yozuvlarni yashirgan holda “Mana bularni to‘ldir, imzo qo‘y - ketaver uyingga!”, dedi. Unga ishonib, imzo qo‘yganimdan keyin u menga “Senga 5 yilga deport va 5 ming rubl shtraf. Ertaga soat 4 da seni suding bo‘ladi - Saxarovoga ketasan”, dedi. Ertasi kuni bir qirg‘iz yigitga qo‘shib, sudga olib borishdi. Komsomolskiy metrosidagi sudda meni boshqa bolalar bilan sudlashdi.Sudda qanaqadir ozarbayjonlik tarjimonlik qildi - hech narsani tushunganim yo‘q!- dedi Iskandar Rahimov.

Poplik muhojir yigit ularga sud qarorini sudyamas, qandaydir sud yordamchisi yoppasiga o‘qib, ular hammasi deport qilinganini bildirgan.

Iskandar ertasi kuni Saxarovo Xorij grajdanlarini saqlash markaziga olib kelinganidan keyin uni birovning pasporti bilan sudlab yuborishganini bilgan:

- SUVSIGga kelganimdan keyin qo‘riqchilar 1995 yilda tug‘ilgan tojikistonlik “Huseynov Farruhjon” familiyasiga “Nega ismi-sharifingga javob bermayapsan?!”, deb urishdi. Shu yerda men bildimki, meni tojikistonlik bolaning pasporti bilan sudlashganini! Keyin bilsam, meni pasportim va hujjatlarim Meshchanskiy politsiya bo‘limida yo‘qolib ketibdi. Registratsiya, patent va hamma migratsiya hujjatlarim joyida edi.

Iskandarning aytishicha, keyinchalik Huseynov Farruhjonga nisbatan Rossiya sud pristavlari ijrosida jami 22 240 rubl miqdorida qarz undirish bo‘yicha ish ham ochilgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbek muhojiri na sud, na politsiya va na SUVSIG uning pasportdagi qorachadan kelgan Iskandarga mutlaqo o‘xshamasligi va uning “pasport boshqa odamniki” degan gap-so‘zlariga hech kim e’tibor qaratmaganini aytdi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlardan Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi Meshchanskiy tuman sudi o‘zbekistonlik yigitni “Tojikiston vatandoshi Xuseynov Farruxchon” sifatida Rossiya Ma’muriy qonunbuzarliklar Kodeksining 18.8 moddasi (ya’ni, xorij grajdanining Rossiyaga kirish yoki istiqomat qilish qoidalarini buzganlik) asosida sudlaganini tan olgani ma’lum bo‘ladi.

Politsiya o‘zbek muhojiri masalasini faqat sud hal etishini bildirgan
Politsiya o‘zbek muhojiri masalasini faqat sud hal etishini bildirgan

Namanganlik o‘zbek muhojiri ishi bilan shug‘ullanayotgan migrantlar bepul himoyachisi Valentina Chupik buni oddiy “anglashilmovchilik” emas, balki Rossiya sud va nazorat idoralariga xos “loqaydlik”, deb atadi Ozodlik bilan suhbatda:

- Hech qanaqa qonunni buzmagan O‘zbekiston grajdanini politsiya ushlab, Tojikiston grajdani pasporti bilan sudlab yuborgan. Aql bovar qilmaydi, ammo bu shunday! Ular mutlaqo bir-biriga o‘xshamaydi! O‘zbekiston elchixonasi bu masalada shikoyat yuborishi kerak edi. SUVSIG inspektori bilan gaplashgandim: u 29 yanvardan 30 aprelgacha uni shikoyatlariga javob bermagan, oldiga kirmagan ham. Kassatsiya sudiga 26 iyunda ariza yuborilgan, shikoyati esa haligacha prokuraturaga yuborilmagan ekan!

Iskandar Rahimov Saxarovo markaziga kelgan O‘zbekiston elchixonasi vakillari uning ishini nazoratga olganini ham qo‘shimcha qildi.

2020 yilning 11 martida 024/1897/Ko-2 sonli ma’lumotnoma bilan O‘zbekiston elchixonasi Saxarovo deportatsiya lagerida saqlanayotgan shaxs haqiqatan 1996 yil 12 dekabrda Namangan viloyati Pop tumani Sang qishlog‘ida tug‘ilgan Rahimov Iskandar Bahromjon o‘g‘li ekanini tasdiqlab bergan.

Biroq, Saxarovo ma’muriyati hatto shunday dalil-isbotlar ham Rahimov Iskandarni ozodlikka chiqarishga “asos bo‘la olmasligi”ni bildirdi.

Huquq himoyachisi Valentina Chupik bilan bo‘lgan suhbatda “boshqalarning xatosiga javob berishni istamasligini” bildirgan Saxarovo SUVSIG inspektori Irina Yeskina o‘zbekistonlik Iskandar Rahimovning hujjatlari qayerga yo‘qolganini bilmasligi va uning ishini faqat sudning kassatsiya instansiyasi hal etishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonlik tutqun 2 iyulda u sudga topshirgan arizasi asosida 1-2 oyda mahkama tayinlanishini kutayotganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG