Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Bloger shahrisabzlik ayoldan ukasini qamoqdan chiqarib berish uchun $1500 oldi (VIDEO)


Блогер аёлнинг укасини қамоқдан чиқариш учун пул олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:28 0:00

Bloger ayolning ukasini qamoqdan chiqarish uchun pul oldi

Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz tumanida yashaydigan ayol mahalliy blogerlardan biri uning ukasini qamoqdan chiqarib berish uchun 1500 AQSh dollarini olib, qochib yurganidan arz qildi.

Ayolning Ozodlikka yuborgan videosida, bloger undan 1500 dollar olayotgani aks etgan.

Blogerning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda ayoldan pul olganini tasdiqladi va “ish”ni bajarolmagani, koronavirus yuqib qolgani sabab pulni aytilgan muddatda qaytarib berolmaganini aytdi.

Pul bergan ayol va undan pulni olgan blogerning ismlari Ozodlikka ma’lum, lekin ular (ismlar) oshkor etmilmayapti.

Shahrisbazlik ayolning Ozodlikka aytishicha, o‘zbekistonlik blogerlardan biri uning ukasini qamoqdan chiqarib berishga 2019 yilning dekabrida va’da qilgan:

Orqamda katta odamlar bor, uzog‘i bilan bir oyda chiqarib beraman deb aytdi.

"Mening ukam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan qamalgan bo‘lib, 15 yilini o‘tirdi. Yana ikki yili qolgan. Internetda blogerlarni kuzatib boraman. O‘tgan yilning dekabrida bir blogerning telefonini ko‘rib, ukamni qamoqdan chiqarishga yordam berasizmi, deb, qo‘ng‘iroq qildim. Bo‘ldi opa, ertaga Shahrisabzga yetib boraman, orqamda katta odamlar bor, uzog‘i bilan bir oyda chiqarib beraman deb aytdi. Keldi, borib kattalar bilan gaplashib kelay deb, 300 dollar olib ketdi. Ikki kundan keyin kelib, Toshkentdagi kattalar 5000 dollar bilan hal bo‘ladi ekan, boshidan bir yarim ming berishingiz kerak ekan, deb aytdi. Keyin videoga bir yarim ming olganini yozdirib, pulni olib ketdi”.

Ayolning aytishicha, shundan keyin uning daragi o‘chgan:

"Yanvar o‘tdi, fevral o‘tdi, daragi yo‘q. Martda telefonni olib, opa koronavirus bo‘lib vodiyda yotibman, ukangizning ishi Ramazon hayitiga hal bo‘ladi, dedi. Keyin Qurbon hayitiga bo‘ladi, dedi. Keyin esa qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi".

Ayol Ozodlikka blogerning pul olayotgan holati aks etgan videoni taqdim qildi. Unda ayol shunday deydi.

“Mana ...jon, mana ukamning ishi bo‘yicha 15ta dollar sizga, ukamni chiqarib bering, ona sutdan halol.

Bloger pulni olarkan shunday deydi:

“Mana hozir bir yarim ming sanab oldim, obshiy 5 ga kelishganmiz. Yana uch yarim qolyapti. Xudo xohlasa ish bitib ketsa, oxiri mart oyigacha srok. Agar mabodo, Xudo ko‘rsatmasin, anaqa bo‘ladigan bo‘lsa, pulni obratka qaytaramiz”.

Bloger Ozodlik bilan suhbat avvalida pul bergan opani eslolmayotganini, bunday voqea bo‘lganini bilmasligini aytdi.

Ozodlik blogerga bu voqea yozilgan video radio tasarrufida ekanligini va videoda nimalar deyilganini eshittirgandan so‘ng, bloger u opani “esladi”:

Bir yarim ming uchun qochib yuradigan odam emasman.

“Birovning haqqini birov yeb ketmaydi, anaqa narsalar yo‘q. Bir yarim ming uchun qochib yuradigan odam emasman. Koronavirus bo‘lib, karantinda yotdim. Telefon qo‘limga ushlaganimga uch kun bo‘ldi. Men hozir aniqlay nima ekan. Bir xato narsa qilib qo‘ygan bo‘lsam anaqa qivoramiz.Mening bundan manfaatdorligim yo‘q. Agar qo‘limdan keladigan bo‘lsa, bu xolis yordam. Kanallardan izlayman, agar imkoni bo‘ladigan bo‘lsa, xolis yordam, hozir u ayolning kimligini ham bilamiz”.

Bloger bir necha minutdan so‘ng Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib shunday dedi:

“Bo‘ldi, men u ayolning ukasi bilan gaplashgan edim. Ishi bitmagan. Kasal bo‘lib qolganim sababli pulini qaytara olmaganman, karantin tugab yo‘llar ochilsa hammasini qaytarib beraman”.

Bloger nega u g‘ayriqonuniy harakat qilganini Ozodlikka izohlab berolmadi.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, prezident Mirziyoyev o‘z chiqishlarida blogerlarni bir necha marta tilga olganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda blogerlik avj oldi:

Ularning orasida blogerlikni niqob qilib, firibgarlik, ta’magirlik bilan shug‘ullanayotganlar ham bor.

- O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jurnalistik ta’limga, malakaga ega bo‘lmagan blogerlar ko‘paydi. Ularning orasida haqiqatan jamiyatimizga juda katta foyda keltiradigan, ijtimoiy muammolar, ijtimoiy munosabatlar bilan shug‘ullanayotgan, so‘z erkinligiga katta hissa qo‘shayotgan blogerlar ham bor. Lekin ayni paytda, ularning orasida blogerlikni niqob qilib, firibgarlik, tamagirlik bilan shug‘ullanayotganlar ham bor. Bundaylari qo‘lga ham tushyapti, jazolanyapti ham. Va uchinchi yo‘nalishdagi blogerlar, bular hukumatning manfaatlarini zakaz orqali himoya qiladigan blogerlar. Bular asosan, erkin fikrli blogerlarga qarshi zarba berish uchun shakllantirilgan. ular shuni kasb qilib olgan va har xil idoralarning buyurtmalari bilan ishlaydi”.

XS
SM
MD
LG