Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Prezidentning bozorqo‘m qarindoshi koronavirusdan vafot etdi


Dashtobod bozorqo‘mi No‘’mon Egamberdiyev (chapdan ikkinchi) Zomin tumani hokimligi axborot xizmati surati.
Dashtobod bozorqo‘mi No‘’mon Egamberdiyev (chapdan ikkinchi) Zomin tumani hokimligi axborot xizmati surati.

Jizzax viloyat, Zomin tuman, Dashtobod shaharchasidagi dehqon bozori direktori, prezident Mirziyoyevning tog‘avachchasi, 69 yashar No‘’mon Egamberdiyev 27 iyul kuni koronavirusdan Toshkentda vafot etdi.

Marhumning mahalladoshlarining aytishicha, bozorqo‘m bir oy muqaddam nevarasini unashtirish to‘yini o‘tkazganidan so‘ng kasal bo‘lib qolgan. Bozorqo‘mga virus yuqqani aniqlanganidan so‘ng, u uyida muolaja olgan, lekin ahvoli og‘irlashgandan so‘ng Toshkentdagi kasalxonalardan biriga joylashtirilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan No‘’mon Egamberdiyevning o‘g‘lining sinfdoshi va Zomin tuman tibbiyot birlashmasining mulozimi marhumning koronavirusdan vafot etganini va Shavkat Mirziyoyevning qarindoshi ekanligini tasdiqladi.

Dashtobod dehqon bozori
Dashtobod dehqon bozori

Dashtobod shaharchasidagi bozorqo‘m yashagan Beruniy mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, marhum No‘’mon Egamberdiyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning otasining tog‘asi o‘g‘li bo‘ladi:

Karantin payti bo‘lsa ham mehmonlar 200 kishidan ortib ketdi.

“Rahmatli No‘’mon aka prezidentimizning otasining tog‘asini o‘g‘li edi. 69 yoshga kirgan bo‘lsa ham yosh ko‘rinardi. Bir oycha avval nevarasini Toshkentdagi kuyovga unashtirish marosimini o‘tkazdi. Katta odam emasmi, karantin payti bo‘lsa ham mehmonlar 200 kishidan ortib ketdi. Poytaxtdan ham ancha mehmon keldi. Aytishlaricha, virus toshkentlik mehmonlardan yuqqan emish. O‘g‘liga ham yuqqan ekan, u yaxshi bo‘lib ketdi, lekin o‘zining organizmi dosh berolmadi”.

Zomin tuman tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan vrachlaridan biri, test natijalari bo‘yicha bozorqo‘m va uning o‘g‘li virusga chalinganini tasdiqlar ekan, ular avval uyida davolanganini aytdi:

Unga ukol qilgan bir feldsher ham virus yuqtirib oldi.

“Shu paytgacha bizning tuman yashil zona bo‘lib, virus kelmagan edi. Shu to‘ydan keyin olingan test natijalariga ko‘ra, bir necha kishida virus aniqlangan. Bozorqo‘m kasalxonaga yotmay uyida davolandi, unga ukol qilgan bir feldsher ham virus yuqtirib oldi. Boshqa bir hamshiramiz ham uyiga borib ukol qilib turardi, lekin unga yuqmabdi. O‘g‘li ham virus yuqtirgan, lekin organizm yosh bo‘lgani uchun yaxshi bo‘lib ketdi. Kecha janozada ham qatnashdi”.

Vrachning aytishicha, marhumni dafn qilish marosimi karantin qoidalariga amal qilingan holda, juda oz kishi bilan o‘tkazilgan.

Vrach prezidentning tog‘asi ta’ziyasiga kelgan-kelmaganidan xabari yo‘qligini aytdi.

No‘’mon Egamberdiyevning prezidentga qarindosh ekanligini uning o‘g‘lining ismi sir qolishini so‘ragan sinfdoshi ham tasdiqladi:

"Dashtobod kichik bir shaharcha, deyarli hamma bir-birini taniydi. Rahmatli No‘’mon aka prezidentga sal uzoqroq qarindosh bo‘ladi. Mirziyoyevning dadasining tog‘asi o‘g‘li. Bizda tog‘aning o‘g‘illarini ham tog‘a deyishadi. U kishining Rasul degan bir ukalari bozorda tadbirkor, yana pensiyada Rayim degan akalari bor. Prezidentning yana bir Ikrom degan bo‘lasi, ya’ni xolavachchasi veterinariya bo‘limi boshlig‘i. Ularning Shavkat Mirziyoyev bilan bordi-keldilari qandayligini bilmaymanu, lekin No‘’mon aka yigirma yildan ortiq bozorqo‘m edi. Bularning qarindoshchiligini butun Zomin biladi".

Ozodlik suhbatlashgan, dashtobodlik vrach ham No‘’mon Egamberdiyevning Mirziyoyevlar qarindoshi ekanini tasdiqladi.

Ozodlikda Shavkat Mirziyoyev va No‘’mon Egamberdiyevning qarindosh ekanligini tasdiqlovchi hujjat yo‘q.

XS
SM
MD
LG