Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:13

Farg‘onalik o‘qituvchi: IIB xodimlari meni kaltaklab, bir oyoqda tik turishga majburlashdi


Shuhrat Jo‘rayev Furqat tuman Tibbiyot birlashmasida ko‘rikdan o‘tmoqda.
Shuhrat Jo‘rayev Furqat tuman Tibbiyot birlashmasida ko‘rikdan o‘tmoqda.

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida 35 yoshli o‘qituvchi Shuhrat Jo‘rayev tuman IIB ning ikki xodimi uni maktabda kompyuter o‘g‘irlanishiga aloqadorlikda ayblab, jinoyatga iqror etish uchun kaltaklagani, haqoratlab qiynoqqa solgani haqda Ozodlikka aytdi.

Jo‘rayevning iddaosicha, tergovchilar uni jinoyatga iqror qilish uchun bir oyog‘ini tizzadan bukib, qo‘lini oldinga uzatib, ikkinchi oyoqda tik turishga ham majburlashgan.

Furqat tuman IIB navbatchisi Jo‘rayevning kaltaklangani haqidagi iddaolari yuzasidan Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Furqat tuman prokuraturasi maktab o‘qituvchisining tuman IIB sida qiynoqqa solingani haqdagi da’volari yuzasidan tergovoldi surishtiruvi o‘tkazilyotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Furqat tumanidagi 34-son ixtisoslashgan umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayevning Ozodlikka aytishicha, 26 iyulь kuni maktabda o‘g‘rilik bo‘lgan.

Bir kun o‘tib Jo‘rayevni militsiya xodimlari kompyuter o‘g‘riligida gumonlab, uyidan tuman IIB iga olib ketgan.

Ozodlik bilan suhbatda Jo‘rayev uni kaltaklagan tergovchilar fuqarolik kiyimida bo‘lgani sabab unvonlarini bilmasligi, lekin ulardan birining ismini eslab qolganini aytdi.

"Vohid ismli tergovchi , o‘ttiz besh yoshlarda, fuqarolik kiyimida, meni xonasiga olib bordi. Menga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir moddasini ovozni chiqarib o‘qishni talab qildi. Qaysi moddaligi esimda yo‘q. Yetkazilgan zararni qoplasam ozodlikda yurishim mumkin, degan ma’nodagi modda. "Senga tegishli modda, zararni qopla, yuraver bemalol", dedi. Shu payt yana bir bola kelib, barmoq izlari menga tegishliligini aytib tuhmatga qo‘ydi. Keyin, qo‘shni xonadan chiqqan bola "koridorga chiq", dedi. Koridorning burchagida xonacha bor ekan, shu yerga olib borib urishni boshladi. Ikkalasi ham bez forma. Vohid degani ham urdi. Bo‘ynimga, ko‘kragimga, oyog‘imga. Kuchli zarb bilan. Urib bo‘lganidan keyin holim bo‘shashib qoldi".

Jo‘rayevning iddaosicha, IIB xodimlari kaltaklash bilan cheklanishmagan, iqror olish uchun bir oyoqni tizzadan bukib, ikkinchi oyoqda tikka turishga majburlashgan.

"20 marta o‘tirib tur" dedi. Qildim. Keyin "bir oyog‘ingni bukib, qo‘lingni oldinga qilib, bir oyoqda tikka holda 5 minut turasan yo kompyuterni qayga qo‘yganing, sheriging kimligini aytasan, bo‘lmasa turaverasan" dedi. Keyin turdim. Keyin sherigi boshqa xonaga chaqirdi. "Stulga o‘tir, o‘zingga kel" dedi. Eshiklarni bekitdida "shu yerda o‘tirasan hech qayerga ketmaysan", dedi va chiqib ketdi".

Farg‘onalik o‘qituvchining, aytishicha, bir yarim soat o‘tgach, tergovchi yana xonasiga qaytib kelgan.

"Keyin keldi, xonasiga. Sizlashga o‘tdi. "Siz o‘sha yerda ishlaysiz ekan, 2007 yildan buyon yordam bering" dedi. "Hovlingiz ham o‘sha yerda ekan", deb meni chiqarib yubordi".

Xonaga o‘rnatilgan kameralarni to‘sib kaltaklashdi

Jo‘rayev Furqat tuman IIB ida xonalarga kuzatuv kameralari o‘rnatilganini eslar ekan bunday dedi:

"Kameralar turibdi, ochib ko‘rishsin. Ishlayaptimi yo‘qmi, bilmayman. Kaltaklangan joyimda kameraning tagiga kelib urdi. Bittasi kamerani to‘sib, eshikni berkitishga harakat qilyapti, yana biri uryapti. Qaysi burchakda kamera tushmasligini bilishsa kerak, o‘sha joyda urishyapti. Men shu kameralarni tekshirib ko‘rishlarini so‘rayman".

Uyiga qaytganidan keyin Jo‘rayev ko‘ngli aynishni boshlagani va Tez yordam chaqirtirganini aytdi:

"Shu kuni soat kechki 9 larda uyga Tez yordam chaqirtirdim. Doktorlar keldi. Qon bosimim 180ga 110 ekan. Ko‘krak qafasimda og‘riq borligini aytdim. "Nima bo‘ldi", dedi. Bo‘lgan gapni aytdim ularga. "Biz bilan ketasiz", dedi. Furqat tuman Tibbiyot birlashmasiga olib ketdi. Rentgen, EKG qildi. Ertalab javobi chiqadi, dedi. Akam olib ketdi. Uyga borganda yana mazam bo‘lmadi, yana Tez yordam kelib olib ketdi. U yerda ukol qildi, o‘zimga sal kelib yana uyga keldim. Ular prokuraturaga aytishgan ekan, hammasini prokuratura kelib yozib oldi. Ekspertiza tayinlashdi, javobi chiqqani yo‘q, chiqsa ham prokuraturaga berishar ekan".

Shuhrat Jo‘rayev uni kaltaklagan va qiynoqqa solgan IIB xodimlari jazoga tortilishini talab qilmoqda.

"Men IIB da kamsitildim kaltaklandim. Ular javobgarlikka tortilishi va bu sohada umuman ishlamasligi kerak."

Furqat tuman prokuraturasi maktab o‘qituvchisi Furqat Jo‘rayevning tuman IIB ida qiynoqqa solingani haqdagi da’volari yuzasidan tergovoldi surishtiruvi o‘tkazayotganini Ozodlikka 28 iyulda tasdiqladi.

- Tekshiruv bo‘lyapti, tergov oldi tekshiruvi, - deya gapni qisqa qildi ismini ochiqlamagan Furqat tumani prokuraturasi xodimi.

Furqat tuman IIB xodimlari Jo‘rayevning kaltaklangani haqidagi iddaolari yuzasidan Ozodlik savollariga javob berishni istashmadi.

IIB tergovchisi Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Zo‘ravonlik holatlari

Ozodlik so‘nggi bir yarim oy ichida IIB xodimlari fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq o‘ndan ortiq xolatni yoritdi.

Kuchli rezonans uyg‘otgan holat o‘tgan oy boshida Andijonda ro‘y berdi.

Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilish boshlandi.

Oliy majlisning kamida ikki deputati ham Ichki ishlar vaziri Bobojonovning iste’fosini talab qildi.

Ayrim deputatlar Ichki ishlar vazirligini tugatish, kerak degan taklif bilan ham chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda huquq-tartibot idoralari xodimlarining qiynoqlar va shafqatsiz munosabatini taqiqlovchi “Ichki ishlar vazirligi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.

Shunga qaramay, ichki ishlar xodimlarining qiynoq va shafqatsizligi haqida shikoyatlar Ozodlikka kelishda davom etmoqda.

"Jazosizlik"

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov qiynoq qo‘llagan IIB xodimlarining ko‘pgina xollarda jazodan osongina qutilib qolayotgani sabab qiynoqlar muammosi saqlanib qolayotganini aytarkan, bunday dedi:

- Aynan jazosizlik sabab qiynoqlar hozir ham davom etib kelyapti. Prezident ham qiynoqlarni tag-tubi bilan yo‘q qilamiz degan, lekin qiynoqqa soluvchilar jazosiz qolayotgan ekan yoki yengilroq jazo bilan qutilib qolayotgan ekan bu muammo davom etaveradi. Biz bilmagan holatlar qancha bo‘lishi, qanchadan - qancha IIB xodimi jazosiz qolgan bo‘lishi mumkin, buni bilmaymiz.

Andijon shahar IIBsining 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma holatida kasalxonaga yotqizilgan fuqaroning o‘limi ortidan shahar IIB ning uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olingani xabar qilingan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG