Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:20

Rossiyada o‘qiyotgan xorijlik studentlarga patentsiz ishlashga ruxsat berildi


Rossiya oliygohlarida 26 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi.
Rossiya oliygohlarida 26 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi.

5 avgustdan Rossiyada tahsil olayotgan xorij talabalariga ta’til paytida¸ shuningdek o‘qishdan bo‘sh vaqtda maxsus ruxsatnoma va patentlarsiz ishlashga ruxsat berildi.

Rossiya Ta’lim vazirligi e’lon qilgan xabarga ko‘ra¸chet ellik talabalar ishga joylashish uchun ish beruvchiga faqat o‘qish joyidan ma’lumotnoma taqdim etishi yetarli bo‘ladi.

Bu yangi tartibning kuchga kirishi uchun Rossiya qonunchiligiga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Bundan buyon Rossiya Federatsiyasi hududidagi barcha oliy o‘quv yurtlari va kasbiy ta’lim bilim yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan xorij grajdanlari o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishga joylashishi mumkin, xususan ta’lim muassasasi hududidan tashqarida”, deyiladi Fan va Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati rasmiy bayonotida.

Bu qonun kuchga kirgunga qadar chet ellik talabalarning ta’til yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtida faqat o‘zi o‘qiyotgan universitet yoki kollejga qarashli xo‘jalik korxonalari va muassasalarida patentsiz ishlashiga ruxsat berilgan edi.

Talabalar boshqa ish beruvchilar bilan mehnat shartnomasini tuzish uchun¸ albatta¸ mehnat muhojiri sifatida patent rasmiylashtirishi va oylik to‘lovlarni amalga oshirib borishi lozim edi.

Yangi federal qonunga ko‘ra, rossiyalik ish beruvchi talabalarga ish berish uchun maxsus ruxsatnoma olishi yoki nazorat idoralariga hisobot berishi shart emas.

Rossiya Ta’lim vazirligi rasmiy saytida¸ o‘qish tugashi bilan ish beruvchi va xorijlik talaba o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinishi ham ta’kidlangan.

Moskvadagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN)Tibbiyot fakultetining 4-bosqichida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalardan biri Behzod (ismi o‘zgartirilgan - tahr.) Ozodlik bilan suhbatda yangi tartibning mamlakatda tahsil olayotgan o‘n minglab o‘zbek talabalariga katta yengillik yaratishini aytadi.

- Stomatologiya bo‘limida o‘qiyman. Yillik kontrakt to‘lovim 410 ming, yana 20-30 ming turar-joy va boshqa xarajatlarimga ketadi. Kontraktimning yarmidan ko‘pini o‘zim to‘layman. Biror joyga ishga bormoqchi bo‘lsang, masalan, restoranga - patent so‘raydi. Taksichilik qilaman, klinikalarga chaqirishadi podrabotka qilishga boraman, ammo hammasi noqonuniy.

Albatta bu talabalarimiz uchun juda yaxshi - RUDNning o‘zida 800 dan ziyod o‘zbekistonlik o‘qiydi. Bu juda katta foyda biz uchun! Ota-onamizga og‘irligimiz tushmaydi, hech bo‘lmaganda yeb-ichish, kiyinishimizga pul topib turamiz. Men qo‘shimcha ish topolmasdan 2 -kursdan haydalib ketgandim. Bir yildan keyin tiklandim. Men kabi kontrakt to‘lashga, bir-ikki so‘m ishlab topishga qiynalib yurgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ammo bu hamma ish beruvchi talabalarga ish berishga shoshiladi¸ degani ham emas. Vaqt ko‘rsatadi bu qonunning amalda qanday ishlashini.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchilikda va yil sayin bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik tahsil olganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG