Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:23

Eksklyuziv: Pompeo AQSh Belarus xalqi uchun “yaxshi natijani ta’minlash” chorasini ko‘rishini va’da qildi (VIDEO)


AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Belarusda bo‘lib o‘tgan munozarali prezident saylovi hamda uning ortidan boshlangan tinch namoyishlarga qarshi hukumat choralari haqida so‘zlar ekan, «Belarus xalqi uchun yaxshi natijani xohlaymiz va shunga yarasha chora ko‘ramiz», dedi.

12 avgust kuni Chexiya poytaxti Pragada «Ozodlik»ka intervyu bergan Pompeo Belarusdagi «zo‘ravonlikni va uning oqibatlarini, tinch namoyishchilarga qarshi ko‘rilayotgan nomaqbul choralarni kuzatyapmiz», dedi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lgani e’lon qilingani ortidan boshlangan namoyishlar uch kun tinchimadi. Politsiya namoyishchilarga qarshi keskin kuch ishlatib, minglab odamni qo‘lga oldi.

Pompeo AQSh hali qanday yo‘l tutish haqida yakuniy qarorga kelmaganini, qanday chora ko‘rishni Yevropadagi hamkorlari bilan birgalikda hal qilishini ta’kidladi.

Saylovning AQSh va Belarus munosabatlariga ta’siri haqidagi savolga javoban kotib:

- O‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi ... Saylov bizni juda xavotirga soldi, erkinroq yoki adolatliroq o‘tmaganidan chuqur afsusdamiz, - dedi.

Yevropaga besh kunlik xizmat safari bilan kelgan Pompeo boshqa masalalar haqida ham, shu jumladan, Rossiya Tolibonga Afg‘onistondagi AQSh askarlariga hujum evaziga mukofot va’da qilgani haqidagi iddaolar, Vashingtonning Eronga qurol-aslaha sotishni man etuvchi BMT embargosini uzaytirish rejasi hamda AQShda namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llanilgani Vashingtonning xorijdagi obro‘siga qanday ta’sir o‘tkazgani kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Pompeo AQSh razvedkasi bilan bog‘liq masalalarni hech qachon sharhlamasligini aytib, Rossiya harbiy razvedkasi Tolibon jangarilariga Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya harbiylarini o‘ldirish uchun pul mukofotlari taklif qilgani haqidagi mish-mishlar haqida so‘zlashdan bosh tortdi.

- Agar ruslar amerikaliklarni yoki boshqa g‘arbliklarni o‘ldirish uchun biror tarafga pul taklif qilayotgan bo‘lsa, bu ularga qimmatga tushadi, - dedi kotib.

AQShning Eronga qarshi qurol-aslaha embargosini uzaytirish urinishlariga ayrim Yevropa davlatlari qarshilik qilishi mumkinligi haqida Pompeo «biror Yevropa davlati Eron qurolga ega bo‘lishini qo‘llashi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», dedi.

Joriy haftada AQSh BMT Xavfsizlik kengashiga Eronga qurol sotishga qo‘yilgan embargo muddatini uzaytirish taklifini kiritishi kutilmoqda.

Vashingtonga ko‘ra, agar Xavfsizlik kengashi amaldagi embargo oktabr oyida o‘z yakuniga yetganidan keyin Eron qurol-aslaha xarid qilishiga va sotishiga to‘sqinlik qilmasa, Eronga qarshi barcha BMT rezolyutsiyasi qayta joriy qilinadi.

BMT rezolyutsiyalarini qayta tiklash mexanizmi 2015 yilda dunyoning qudratli davlatlari va Eron o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvda belgilangan.

Pompeodan Vashington taklifini Rossiya va Xitoy veto qilishi haqida so‘ralganda:

- Taklifni qaytaramiz. 2231 (-sonli rezolyutsiya) ga binoan shunday qilishga haqlimiz, - dedi.

BMTning 2231-sonli rezolyutsiyasi Eron bilan imzolangan kelishuvni qo‘llaydi. Ammo 2018 yilda AQSh Eron bilan imzolangan kelishuvdan chiqib, mamlakatga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy qildi.

Pompeo, shuningdek, Rossiya rasmiylari mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy matbuot nashrlariga o‘tkazayotgan bosim haqida ham so‘zladi.

Kotib 10 avgust kuni bildiruv e’lon qilib, «Ozodlik radiosi» va «Amerika ovozi» Rossiyada allaqachon yirik cheklovlarga duchor bo‘layotganini, «Roskomnadzor»ning barcha xorij nashrlarini «xorij agentlari» o‘laroq ro‘yxatdan o‘tishga majburlovchi qarori Vashingtonni chuqurga xavotirga solganini aytgan.

«Ozodlik» qarorgohi joylashgan Pragada so‘zlagan Pompeo:

- Ularga haqiqiy bosim o‘tkazib, eng to‘g‘ri yo‘l matbuot erkinligini ta’minlash ekanligiga ishontira olamiz, deb o‘ylayman, - dedi.

Pompeo AQShda ijtimoiy tengsizlikka qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlariga qarshi ko‘rilgan choralar Vashingtonning xorijdagi obro‘siga putur yetkazgani hamda Vashingtonning avtoritar tuzumlarni qoralashiga asos bo‘luvchi axloqiy obro‘sini zaiflashtirgani haqidagi savolni «haqoratomuz» deya ta’rifladi.

Kotib AQSh va avtoritar tuzumlar o‘rtasida juda katta farq bor ekanligini aytib:

- Bizda qonun ustuvorligi, matbuot erkinligi bor. O‘sha odamlarning har biri tegishli sud jarayonidan o‘tadi. Bizda tinch namoyishlar sodir bo‘layotganida namoyishchilarga o‘z fikrlari va o‘ylarini izhor qilishlari uchun muhit yaratamiz. Buni avtoritar tuzumda nima sodir bo‘lishi bilan solishtiring. Bizni ular bilan solishtirishni boshlash uchun, bizning politsiyamiz, huquq-tartibot idoralarimiz Amerika bo‘ylab qilayotgan ajoyib ish Amerikaning axloqiy obro‘siga qandaydir soya solishi… Ochig‘i, bu savolni men tushunarsiz va haqoratomiz deb ko‘raman, - dedi kotib.

XS
SM
MD
LG