Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:17

To‘rtko‘lda militsiya bo‘limida komaga tushgan yigit vafot etdi. Oilasi uning qiynoqdan o‘lganini iddao qilmoqda


26 iyul kuni koma xolatida To‘rtko‘l tumani kasalxonasiga olib kelingan Ilhomboy Sa’dullayev 11 avgust kuni olamdan o‘tdi.
26 iyul kuni koma xolatida To‘rtko‘l tumani kasalxonasiga olib kelingan Ilhomboy Sa’dullayev 11 avgust kuni olamdan o‘tdi.

26 iyul kuni To‘rtko‘l tuman militsiya tayanch punktidan koma holatida kasalxonaga olib kelingan 39 yashar Ilhomboy Sa’dullayev 11 avgust kuni o‘ldi.

Sa’dullayevning turmush o‘rtog‘i Chamangul Hajiyeva Ozodlik bilan suhbatda eri To‘rtko‘l tuman Ibn Sino mahallasi militsiya tayanch punktiga 26 iyul kuni soppa-sog‘ olib ketilgani, militsiya bo‘limida uni kaltaklab, koma holatiga tushirishganini iddao qildi.

Qoraqalpog‘iston respublikasi To‘rtko‘l tuman kasalxonasining Jonlantirish bo‘limi boshlig‘i Abdurasul Rajabboyev bemorning bosh miya yopiq jarohati tufayli hayotdan ko‘z yumganini bildirdi.

To‘rtko‘l tuman prokuraturasi o‘lim yuzasidan tergovga qadar surishtiruv o‘tkazmoqda.

Janjal

Chamangul Hajiyevaning aytishicha, 26 iyul kuni eri Ilhomboy Sa’dullayev ichib kelib, uyda janjal ko‘targan. Baqir-chaqir ovozini eshitgan qo‘shnilar militsiya chaqirgan.

- Oilada bo‘lib turadiku. Ichib keldi¸ janjal chiqardi. Lekin menga qo‘l ko‘targani yo‘q. Qo‘shnilar militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishgan ekan, kelishdi. Militsiya kelgunicha erim bosilib qolgan edi. Shunga qaramay mashinaga bosib olib ketishdi. Ikki soatdan keyin, meni Ibn Sino militsiya tayanch punktiga chaqirishdi. Borsam komada yotibdi. Yerda yuzini pastga qaratib yotqizib qo‘yishibdi. Kallasiga suv quyilgan. Oyog‘ini tagi qizargan, keyin kasalxonada ko‘kardi. Kallasining orqa tomoni shish edi. Militsiya "hech narsa qilmadik" deydi. Tez yordam chaqirishgan ekan ¸meniyam qo‘shib kasalxonaga olib ketishdi.

Kasalxonada ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay¸ Ilhomboy Sa’dullayev komadan chiqmagan va 11 avgust kuni vafot etgan.

To‘rtko‘l kasalxonasining Jonlantirish bo‘limi boshlig‘i Abdurasul Rajabboyev Ozodlikka Sa’dullayevning bosh miya yopiq jarohati oqibatida o‘lganini aytdi.

- Komada sudorogi tutib olib kelindi. Bo‘yin qismi qirilgan, chap polvon suyagi tirnalgan. Mast bo‘lgan ekan-da shu kuni. Kallasi bilan yerga tushganmi, nima bo‘lganini bilmaymiz. Asta-sekin gematoma ko‘payib, ko‘payib miyani qisadi-da. Shu kuni prokuratura keldi. Holatni o‘rganib ketdi. Hozir prokuratura surishtiryapti, ekspertiza qilishdi.

To‘rtko‘l tuman prokuraturasi Ilhomboy Sa’dullayevning o‘limi yuzasidan tergovoldi surishtiruvi o‘tkazayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

- Tekshiruv bo‘lyapti, ekspertiza qilindi, hammasi o‘rganilyapti, - deya gapni qisqa qildi ismini ochiqlamagan prokuratura xodimi.

To‘rtko‘l tuman Ichki ishlar bo‘limining o‘zini Mahmud deb tanishtirgan xodimi hamkasblarining Sa’dullayevga nisbatan kuch qo‘llaganini keskin inkor qildi.

- Mast holatda bo‘lgan. Xodimlarimiz borgunicha ham u yerda urush-janjal bo‘lgan. Buni hozir prokuratura tekshiryapti, - dedi IIB xodimi.

Qiynoq iddaolari

Marhum Ilhomboy Sa’dullayevning otasi Komil Sa’dullayev ham o‘g‘li militsiya bo‘limiga soppa-sog‘ olib ketilganini aytadi.

- Shu kuni janjal bo‘lganida "kelinga azob berma, qo‘y"¸dedim. Telefoni SIM kartasiga pul qo‘ymagani uchun urush chiqargan. Baqir-chaqir qilaverganidan keyin¸ yuziga ikki shapaloq ham tushirdim. Lekin komaga tushadigan holatda emas, albatta. Mening o‘g‘limku baribir. Keyin uchatskavoylar keldi. Bo‘ynidan bosib olib ketishdi. O‘g‘lim o‘z oyog‘i bilan ketdi. Kelinim borsa¸ uje komada. Hech kasal bo‘lmagan edi. Nima qilishdi u yerda bilmaymiz uni.

Chamangul Hajiyeva erining militsiya tayanch punktida qattiq kaltaklashgani uning o‘limiga sabab bo‘lganini gumon qiladi.

- Oldin ham shu tayanch pukntida qo‘shnimizni kaltaklashgandi. U yer juda yomon. Uchastkavoyga borsam, "prokuraturaga aytib beribsan ustimizdan, alkash eringdan qutqarganimizning rahmatimi bu", deydi. "Ey", dedim, "sizlar qutqarsangizlar shunaqa qilib qutqarasizlarmi, qiynab o‘ldirib qutqarasizlarmi", dedim. Er qattiq gapirgan bo‘lishi, ichib kelgan bo‘lishi mumkin, lekin buning uchun uni urish kerak emasku.

Zo‘ravonlik holatlari

Ozodlik so‘nggi bir yarim oy ichida IIB xodimlari fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq o‘ndan ortiq holatni yoritdi.

Kuchli rezonans uyg‘otgan holat iyun oyi boshida Andijonda ro‘y berdi.

Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilish boshlandi.

Oliy majlisning kamida ikki deputati ham Ichki ishlar vaziri Bobojonov iste’fosini talab qildi.

Ayrim deputatlar Ichki ishlar vazirligini tugatish, kerak degan taklif bilan ham chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham iyun oyidagi selektor majlisida Andijondagi qiynoqlarda IIV rahbariyatini ayblagan edi.

"Nima uchun tezkor-qidiruv va tergovni nazorat qiluvchi prokurorlar, ichki ishlar rahbarlari bunga biz aybdormiz, deb chiqib aytmaydi. O‘sha xodimlarning bilimini oshirmadik, qonun bilan ishlash, odamlar bilan muomala qilishga o‘rgatmadik, deb nima uchun xalqdan kechirim so‘ramaysizlar? Bu kabi noxush holatlar takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi? Ming afsus bilan aytish kerak, sizlardagi loqaydlik va bilimsizlik islohotlarimizni obro‘sizlantirmoqda", degan edi Mirziyoyev.

"Jazosizlik"

"Ezgulik" inson huquqlari tashkilotining To‘rtko‘l tumanidagi bo‘limi rahbari Masharip Yo‘ldoshev qiynoq qo‘llagan IIB xodimlarining aksar hollarda jazosiz qolayotgani qiynoqlar kuchayishi ortidagi asosiy omil deb biladi.

- Aynan jazosizlik sabab qiynoqlar hozir ham davom etib kelyapti. Prezident ham qiynoqlarni tag-tubi bilan yo‘q qilamiz degan, lekin qiynoqqa soluvchilar jazosiz qolayotgan ekan yoki yengilroq jazo bilan qutilib qolayotgan ekan¸ bu muammo davom etaveradi.

Andijondagi o‘lim ortidan shahar IIBning uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olingani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG