Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:26

Belarusdagi vaziyat haqida O‘zbekistondagi norasmiy OAV xabar bermoqda. Davlatnikilar - jim


9 avgustda o‘tkazilgan Belarus prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilinishi ortidan bu mamlakatda boshlanib, hanuz tinmayotgan norozilik aksiyalari to‘g‘risida O‘zbekistondagi bir qator mustaqil Internet nashrlar xabar bermoqda.

Ayni paytda davlatga qarashli ommaviy axborot vositalarida Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoga qarshi aksiyalar haqida hech qanday xabar yo‘q.

O‘zMTRKning ikki sharhlovchisi vaziyatni davlat telekanallari va boshqa axborot vositalari boshliqlarini “tepadan beriladigan signallar boshqarishi” bilan tushuntirdi.

Сиёсий шарҳловчи Турсун Қоратоев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:48 0:00
Бевосита линк

Davlat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan keyin kuchga kirib, internetxonlar e’tiborini qozona olgan bir qator saytlar Belarusdagi voqealarni yoritmoqda.

Biroz statistika

Belarus prezidenti saylovi o‘tkazilgan 9 avgustdan buyon o‘tgan 11 kun ichida ba’zi saytlarda bu mamlakatdagi vaziyatga oid 70 tagacha material e’lon qilindi.

Masalan, kun.uz saytining qidiruv tugmasi “Belarus” so‘zi ishtirok etgan 69 ta sarlavhani chiqarib berdi. Daryo.uzda bunday sarlavhalar 65 ta, qalampir.uz saytida 29 ta.

Belarusdagi voqealarga kamroq e’tibor berayotgan saytlar ham bor. Masalan, gazeta.uz 10 avgustdan buyon Belarusga oid to‘rttagina xabar bergan.

Belarus voqealari o‘zbek saytlari sarlavhalarida

Belarusdagi voqealar to‘g‘risida xabar berayotgan o‘zbek saytlarining sarlavhalari aksar holatlarda informatsiyaga to‘yingan sarlavhalardir.

Masalan:

Kun.uz 14 avgustdagi xabarini “Ortiq ekranlarda kulib tura olmaymiz” – Belarus davlat telekanallaridan yoppasiga ishdan ketishmoqda” degan sarlavha ostida;

Qalampir.uz 16 avgustdagi xabarini “O‘lganimda ham mamlakatni bermayman – Lukashenko xalqqa murojaat yo‘lladi” degan sarlavha ostida;

Daryo.uz 19 avgustdagi xabarini “Belarusdagi Grodno shahri rasmiylari militsiya harakatlari uchun uzr so‘radi va miting o‘tkazishga ruxsat berdi” sarlavhasi ostida berdi.

Saytlarning Belarusdagi vaziyatga doir materiallari sarlavhalarida istehzo unsurlarini ham uchratish mumkin. Masalan, Qalampir.uz 16 avnustdagi xabarini o‘z o‘quvchilariga “Akalar bor bo‘lsin! Lukashenko Putin bilan kelishib oldi” degan sarlavha ostida taqdim etdi.

O‘zAda jimlik

Ayni paytda davlat tasarrufidagi axborot vositalari, xususan O‘zA axborot agentligi uchun Belarusda hech qanday voqea yo‘q. Har holda barcha voqealar 10 avgust kuni Aleksandr Lukashenkoning g‘alabasi bilan tugaganday.

O‘zA 9 avgustda Belarus o‘ziga prezident saylayotgani, Lukashenko ovoz bergani hamda saylovda ovoz berish qariyb 80 foizni tashkil etgani haqda 3 ta va 10 avgustda O‘zbekiston prezidenti Belarus prezidentini g‘alaba bilan tabriklaganiyu prezidentlar telefon orqali muloqot qilgani to‘g‘risida 2 ta xabar berdi... va mavzu yopildi.

Belarusdagi voqealar O‘zbekistonning davlat telekanallarida qanday yoritilayotgani, to‘g‘rirog‘i, yoritilmayotganini Ozodlikka MTRK tarkibidagi telekanallardan birining mahalliy matbuotni sharhlab turuvchi jurnalisti aytdi:

Batkani tabriklaganlarning to‘rtinchisi kimligini bilasiz. Mana shu xabarning o‘zi yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladi.

“Belarusdagi vaziyatni davlatga tegishli TV deyarli yoritmayapti. Davlatga tegishli OAVda ham shu ahvol” deb yozdi ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlik savollariga javob bergan, lekin ismi aytilmasligini so‘ragan jurnalist.

"Axir mustaqil nashrlar yozyaptiku, nega sizlar jimsiz?" degan savolga MTRK jurnalisti quyidagi javobni yozdi:

“Batkani (Lukashenko -tahr.) tabriklaganlarning to‘rtinchisi kimligini bilasiz. Mana shu xabarning o‘zi yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladi.

MTRK jurnalisti prezident Mirziyoyevning Lukashenkoni tabriklaganini nazarda tutayapti. O‘zA ning 10 avgust kungi bu haqdagi xabarida mana bunday so‘zlar bor:

“Davlatimiz rahbari o‘z maktubida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi va ovoz berish natijalari Belarus xalqining Aleksandr Lukashenkoga bo‘lgan ulkan ishonchini yana bir bor namoyon etganini qayd etdi”.

Nega tahlil yo‘q?

Bu savolning, tabiiyki, Belarusdagi voqealar to‘g‘risida hatto quruq xabar bermayotgan davlat tasarrufidagi OAVga aloqasi yo‘q. Biroq tahlil mustaqil saytlarda ham yo‘q. Saytlarning Belarusdagi vaziyatga doir materiallarining deyarli hammasi yangiliklardir. (O‘zMTRK sharhlovchisining aytishicha, saytlar yangiliklari Rossiya matbuotidan tarjimalardir, biroq Ozodlik bugun masalaning bu jihatiga chuqurlashmadi) Xorijiy nashrlardan tarjima qilingan bitta-ikkita tahliliy materialni demasa, o‘zbek saytlarida Belarusda yuzaga kelgan vaziyat tahlili yo‘q.

O‘zMTRK jurnalisti bu holatni sharhlar ekan, yozdi:

IAK siyosiy sharhlovchilar maktabini yo‘q qilgan.

“IAK (Islom Abdug‘aniyevich Karimov demoqchi -tahr.) siyosiy sharhlovchilar maktabini yo‘q qilgan. Hozircha biror-bir gazeta Belarus mavzusida tahliliy maqola, sharh bermadi va bermaydi ham. Pichoqqa ilinadigan sharhlovchi O‘zbekistonda yo‘q. Falonchi Pistonchiyev degani bor (konkret ism keltirilgan – tahr.) o‘sha kishi yozib turardi, ammo uning sharhini chiqaradigan mard gazeta borligiga ishonmayman”.

Tursun Qoratoev
Tursun Qoratoev

Ayni paytda, bu gaplarni aytayotgan jurnalistning hamkasbi, taniqli siyosiy sharhlovchi, MTRKning sobiq xodimi Tursun Qoratoyev Ozodlik bilan suhbatda Belarusdagi voqealarni sharhlab berdi. Lukashenkoni Karimovga qiyoslar ekan, O‘zbekistonning Birinchi prezidenti qayta-qayta saylanish uchun qanday o‘yinlar qilganini eslab, jumladan, bunday dedi:

Belarusdagi voqealardan biz ham o‘zimiz uchun xulosalar chiqarishimiz kerak. Yaqin kelajakda bo‘ladigan saylovlarda shuni hisobga olishimiz kerak

"Bu voqealarning bo‘lmasligi uchun olti marta saylangan Lukashenkoning o‘zi insof qilishi, boshqalarga yo‘l ochib berishi kerak edi. Bu voqealardan biz ham o‘zimiz uchun xulosalar chiqarishimiz kerak. Yaqin kelajakda bo‘ladigan saylovlarda shuni hisobga olishimiz kerak".

Sinoptik muharrirlar

Davlat tasarrufidagi OAVda Belarusdagi voqealar yoritilmayotgani sabablari to‘g‘risida fikr yuritar ekan, MTRK jurnalisti ham, kompaniyaning sobiq siyosiy sharhlovchisi Tursun Qoratoyev ham deyarli bir xil fikr bildirdi.

Jurnalist bunday yozdi: “Tepadan hozir ko‘rsatma berilmay qo‘ygan. Agar berilganda kunuzlar ham bunchalik zavq-shavq bilan yoritmasdi. Davlat OAVni sovetcha fikrlaydiganlardan tozalashi kerak”.

Tursun Qoratoyevning fikricha, bosh muharrirlik lavozimlariga shundaylar tanlanganki, ularga konkret mavzu bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lishi shart emas. Muharrirlar “tepadagi” havoni juda noziklik bilan ilg‘aydi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG