Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:37

Eron rahnamosi Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan BAAni musulmon dunyosiga xoinlikda aybladi


Oyatulloh Ali Xomanaiy
Oyatulloh Ali Xomanaiy

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Birlashgan Arab Amirliklarining Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish qarorini «xoinlik» deb atadi va buning «uzoqqa cho‘zilmasligini» aytdi.

Eron davlat matbuotiga ko‘ra, Xomanaiy 1 sentabr kuni so‘zlagan nutqida BAAni «Islom dunyosi yoki arab davlatlari, hududdagi davlatlar hamda Falastinga» xoinlik qilganlikda ayblagan.

31 avgust kuni Isroil va BBA o‘rtasidagi ilk aviaqatnov amalga oshirildi. Shuningdek, AQSh va isroillik diplomatlardan iborat delegatsiya Abu-Dabiga safarini yakunladi.

BAA 13 avgustda Isroil davlatini tan olish va diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. AQSh vositachiligida imzolangan mazkur kelishuvga asosan, BAA Isroilni tan olishi evaziga Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilishni to‘xtatadi.

BAA Isroilni tan olgan Fors ko‘rfazidagi birinchi, arab dunyosidagi uchinchi davlat bo‘ldi. BAAning Isroilni tan olishini Erondan tashqari Turkiya va Falastin ham keskin qoraladi.

Isroil 1967 yilda olti kunlik urush natijasida Suriyaga tegishli bo‘lgan G‘o‘lon tepaliklari, Falastinga qarashli Sharqiy Quddus hamda G‘azo mintaqasini bosib olgan.

Isroil keyinchalik G‘azodan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketdi, ammo Sharqiy Quddusni anneksiya qilib oldi. G‘arbiy sohilda esa Isroil harbiy okkupatsiyasi haligacha davom etmoqda.

Avvalroq Isroil hukumati Falastinga tegishli G‘arbiy sohilning yahudiylar yashayotgan aholi punktlarini anneksiya qilib olishini ta’kidlagandi.

BAA rasmiylari Isroil bilan erishilgan kelishuv Isroilning G‘arbiy sohilni anneksiya qilish rejasini to‘xtatib qolishini aytishmoqda. Falastinliklar G‘arbiy sohilda kelajakda o‘zlari uchun davlat barpo etishni istaydilar.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 31 avgust kuni qilgan chiqishida Eron Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirayotgani, BAA va Isroil o‘rtasida imzolangan kelishuvda Eron masalasi muhim o‘rin tutishini aytdi.

«Amirliklar va isroilliklar Yaqin Sharqda ushbu yirik tahdidga qarshi birlashish yo‘lida hamkorlik qilishga qodir», dedi Pompeo.

O‘tgan hafta so‘nggida BAA Isroilga qarshi 1972 yil joriy qilingan boykotni bekor qildi. Oy boshida esa ikki davlat o‘rtasida ilk marotaba telefon aloqasi o‘rnatilgan edi.

XS
SM
MD
LG