Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:36

Bekoboddagi COVID klinikasida bir kunda sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan to‘rt bemor o‘ldi


Kasallik tarqalgan ilk kunlari O‘zbekiston Rossiyadan 500ta un’iy nafas apparati sotib olgandi.
Kasallik tarqalgan ilk kunlari O‘zbekiston Rossiyadan 500ta un’iy nafas apparati sotib olgandi.

Toshkent viloyati Bekobod shahri kasalxonasida koronavirusning og‘ir formasiga chalingani ortidan sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan to‘rt bemorning bir kunda o‘lgani xabar qilindi.

25 avgust kuni "O‘zmetkombinat"ga qarashli "medsanchast" deb ataluvchi kasalxonada yuz bergan bu o‘limlar haqida marhumlarning yaqinlari Ozodlikka 2 sentabr kuni xabar berdi.

Marhumlar qarindoshlariga ko‘ra¸ o‘limlar sun’iy nafas apparatining balloni portlashi ortidan bemorlarning kislorodsiz qolgani oqibatida yuz bergan.

Ozodlik marhumlar yaqinlariga bu haqda ma’lum qilgan kasalxona bosh vrachi Zarema Strigina bilan bog‘lana olmadi.

Bekobod shahar prokuraturasi mazkur holat yuzasidan tergovgacha surishtiruv olib borilayotganini aytish bilan cheklandi.

"O‘zmetkombinat"dagi ishidan ayrilishidan qo‘rqib, ismi ochiqlanishini istamagan marhumlardan biri qarindoshiga ko‘ra, 25 avgust kuni sun’iy nafas oldirish qurilmasi nosoz ballon o‘rnatilgani sabab portlagan.

Portlash oqibatida nafas oldirish tizimida kislorod kelishi to‘xtab, to‘rt nafar og‘ir bemor vafot etgan.

- Glavvrach shu voqeadan bir kun oldin opamning ahvolini barqaror, tuzaladi deb aytgandi. Ertasi kuni telefon qilib, kislorod balloni portlab shunaqa holat bo‘ldi, deb bizga shu noxush xabarni yetkazdi. Ballonlar noto‘g‘ri zapravka qilingan¸ dedi. Kislorod balloni portlaganidan keyin butun sistemaga kislorod kelishi to‘xtab qolgan. Oqibatda 63 yoshli opam kislorodsiz qolib ketgan. Yoshlari 60 dan oshgan yana uch ayol o‘lgan.

Ozodlik gaplashgan boshqa bir marhumning qarindoshi ham o‘z yaqinining sun’iy nafas olish qurilmasiga o‘rnatilgan kislorod balloni portlashi bilan bog‘liq fojia qurboni bo‘lganini aytdi.

Ayni paytda bu suhbatdosh "O‘zmetkombinat" rahbariyati bilan munosabati yomonlashmasligi uchun tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Bir kundagi to‘rt o‘lim¸ Ozodlik suhbatdoshlarining aytishicha¸ boshqa joyda saqlanadigan ballonda portlash yuz berib¸ sistemaning kislorodsiz qolgani haqida o‘z vaqtida xabar topilmagani oqibatida yuz bergan.

Ozodlikka 25 avgust kuni o‘lgan bemorlardan uchtasining shaxsi ma’lum. Ular orasida "O‘zmetkombinat" shifoxonasi vrachi va hamshirasi¸ shuningdek maktab o‘qituvchisi bor. To‘rtinchi marhumning shaxsi Ozodlikka ma’lum emas.

25 avgust kungi fojia yuzasidan izoh olish uchun shifoxona bosh vrachi Zarema Strigina bilan bog‘lanishga urindi. Ammo 2 sentabr kuni bosh vrach mobil telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Bekobod shahar prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi kasalxonadagi o‘lim holatlari tekshirilayotgani, lekin bu haqda matbuotga ma’lumot berolmasligini bildirdi.

"O‘zmetkombinat"ga qarashli shifoxona aprel oyidan faqat koronavirus bilan og‘rigan bemorlar uchun maxsus klinikaga aylantirilgan edi.

Shifoxona Rossiyadan olib kelingan sun’iy nafas oldirish apparatlari bilan jihozlangan.

Koronavirusning og‘ir turiga chalingan bemorlarni sun’iy nafas oldirish apparatiga ulash ular hayot-mamotini hal qilishi mumkin.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus keltirib chiqaruvchi Covid-19 bilan kasallangan har olti bemorning biri uning og‘ir turiga yo‘liqqan. Nafas olishga qiynalgan bemor sun’iy nafas apparatiga ulanadi.

Covid-19 tez sur’atlarda tarqalishi tufayli aksar davlatlar qatori O‘zbekistonda ham sun’iy nafas apparatiga muhtoj bemorlar ko‘paydi.

Kasallik tarqalgan ilk kunlari O‘zbekiston Rossiyadan 500 ta sun’iy nafas apparati sotib olgan edi.

XS
SM
MD
LG