Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:24

2 vazirlik poliklinikalar oldiga bajarib bo‘lmaydigan vazifa qo‘yayapti


14 sentabrda ochilishi kutilayotgan umumta’lim maktablariga, qo‘shimcha shifokor va hamshiralarni yetkazib berish vazifasi ko‘ptarmoqli poliklinika va qishloq vrachlik punktlariga yuklatildi.

Shu kunlarda Ozodlikka kelib tushgan hujjatda, o‘quvchilar orasida koronavirus yoyilishi oldini olish uchun, maktablarda ertalabki "COVID-19 filtr" guruhlari va izolyator xonalarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Xalq ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirlari o‘rinbosarlari 5 sentabr kuni imzolagan hujjat - "qo‘shma ko‘rsatma"ga binoan, o‘quvchisi 1000 nafardan oz bo‘lgan maktabda bir hamshira, ko‘p bo‘lgan maktabda esa bir shifokor va bir hamshira kun davomida bo‘lishi shart.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hozirgi vaziyatda, respublikadagi qariyb 10 mingga yaqin maktabning katta qismida shifokor yo‘q, hamshiralarning aksari yarim yoki chorak stavkada ishlamoqda. Hujjatda oilaviy poliklinika shifokorlarini maktabga jalb qilish so‘ralgan, ammo ularning o‘zida tibbiyot xodimlari yetishmayotir.

"Qo‘shma ko‘rsatma"

Shu kunlarda Ozodlikka Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligining “COVID-19 pandemiyasi sharoitida umumiy ta’lim maktablarida kasalliklar profilaktikasi, shu jumladan koronavirus kasalligining oldini olish choralarini yanada takomillashtirish borasida qo‘shma ko‘rsatma”si nusxasi kelib tushdi.

Ozodlikka kelib tushgan hujjat nusxasi
Ozodlikka kelib tushgan hujjat nusxasi

SSV va XTVning vazir o‘rinbosarlari 5 sentabr kuni imzolagani qayd etilgan hujjatga ko‘ra, maktablarda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun, “maktab shifokori, hamshirasi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasidan biriktirilgan hamshira, kurator qilib tayinlangan shifokor" ishlashi lozim.

Hujjatda, har smena boshlanishi oldidan maktablar ostonasida tibbiyot xodimlaridan iborat "filtr guruhlari" o‘quvchilarni tekshirishi, filtr va o‘qish jarayonida aniqlangan bemorlarni ajratib, birinchi yordamni ko‘rsatish uchun kun davomida maktabda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatda, bu tibbiyot xodimlari uchun maxsus xona ajratish, uni zarur jihoz va dori-darmon, himoya kiyimlari (kombinezon, qo‘lqop, niqob) dezinfesion va antiseptik vositalari bilan ta’minlash vazifasi maktablar zimmasiga yuklangan.

Shuningdek, aniqlangan bemor o‘quvchilarni alohidalash va ilk tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan maxsus izolyator xonasini tayyorlash ham so‘ralgan.

Shifokorlar muammosi

Ozodlikka nusxasi kelib tushgan hujjatga ko‘ra, maktablarga shifokor va hamshiralarni yetkazib berish Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘limlarga yuklatilgan.

Vazirlikning bir necha hududiy bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu paytga qadar o‘quvchi soni 2 mingdan oshgan yirik shahar maktablarida bir shifokor va bir hamshira ishlab kelmoqda. Ammo, bola soni 2 mingdan oz bo‘lgan maktablarda shifokorlar umuman yo‘q, hamshiralar esa odatan yarim kun ishlaydi.

Jumladan, Toshkent shahar, Sergeli tuman Tibbiyot birlashmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, endilikda maktabda ishlaydigan tibbiyot xodimlari sonini kamida ikki barobarga oshirishga to‘g‘ri kelmoqda.

“Yangi normativ bo‘yicha 1000 nafardan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan maktabda bitta shifokor hamshirasi bilan ishlashi kerak. 2 mingdan oshsa, kamida bir shifokor, bitta hamishira va bitta yordamchi patronaj hamshira bo‘lishi kerak. Lekin, hozir bizda shifokor yetmayapti. Tumandagi 31 ta maktabda 11 ta shifokor ishlaydi hozir. Bu maktablardan 8 tasida bola soni 2 mingdan oshadi. Qolganlarida 1000 nafardan oshiq. Hozir 1000 o‘quvchisi bo‘lgan maktabga bittadan shifokor topishni imkoni yo‘q - shifokorlar yetishmaydi, bu aniq. Shuning uchun, 1 ta maktab shifokoriga 3 tadan maktabni bo‘lib berdik ozircha", dedi birlashmaning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

Bu rasmiyga ko‘ra, shu bois oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda ishlab turgan umumiy amaliyot shifokorlarini ham maktablarga kurator tariqasida biriktirish ko‘zda tutilmoqda.

Ammo, O‘zbekistonda shifokorlar yetishmasligi azaldan mavjud. Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan so‘nggi rasmiy raqam - 2018 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 23 shifokor to‘g‘ri keladi.

Qiyos uchun: har 10 ming kishi uchun Qirg‘izistonda 22, Qozog‘istonda 40, Avstriyada 48, Qatarda 77 shifokor to‘g‘ri keladi. Har 10 ming kishi uchun 23-22 nafar shifokor ko‘rsatkichi , jumladan Yevropa davlatlaridagi hozirgi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1 yarim 2 barobarga ozdir.

Shu yilning martida koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan mamlakatda boshlanib ketgan pandemiya paytida esa, shifokor va tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi yanada keskin muammoga aylandi.

Hamshiralar muammosi

Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy bo‘limlari va qator poliklinikalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, maktablarni hamshiralar bilan ta’minlash masalasi ham jiddiy muammo.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shu paytga qadar o‘quvchi soni:

- 500 nafargacha bo‘lgan maktabda bir hamshira chorak stavka (0,25),

- 1000 nafargacha bo‘lgan maktabda bir hamshira yarim stavka (0,5),

- 1000 nafardan oshgan maktada bir hamshira bir stavka,

- 2 mingdan oshgan maktablarda esa bir shifokor va bir hamshira bir stavkadan ishlagan.

Sergeli tuman Tibbiyot birlashmasi mulozimiga ko‘ra, endilikdagi tartibga binoan, hamshiralardan maktabda to‘liq kun ishlash talab qilinmoqda:

"Hozir maktabda o‘qish 2 smena bo‘lgani uchun, hamshira kechgacha qolishi kerak. 3 maktabga 1 ta vrach bo‘lganidan keyin, asosiy ish ham hamshiraga tushadimi?! Natijada, ish soatiyam ko‘p, ish hajmiyam ko‘p, oylik esa atigi 700 ming so‘m atrofida. Hamshiralar maktabga bormaymiz, deyapti. Bu muammoni Moliya vazirligi bilan hal qilish kerak, bizning qo‘limizda emas. Bunaqada maktablar qarovsiz qolib ketishi mumkin”.

Qishloqdagi vaziyat

Ozodlik bog‘langan bir necha viloyat va qishloqlardagi poliklinika va tibbiyot birlashmalaridan olingan ma’lumotga qaraganda, hududlardagi ahvol bundan ham og‘ir.

Jumladan, Xatirchi tumanidagi qishloqlardan birida ishlaydigan shifokorga ko‘ra, qishloqdagi 4 ming aholiga 2 vrach, 11 hamshira, 4 sanitar qaraydi.

Uning aytishicha, hududda 2 ta maktab bor. Birida 250, yana birida 500dan ortiq o‘quvchi o‘qiydi. Ikkita maktabga qishloq vrachlik punktida (QVP) ishlaydigan 2 ta hamshiradan biri chorak, yana biri yarim stavkaga ishga boradi.

Bu ikki maktabga shifokor yo‘llashning imkoni aslo yo‘q:

"Bu maktablarda shifokorlar umuman yo‘q, bo‘lmagan ham. Faqat chaqiriq bo‘lsa, borishi mumkin. Hozir endi hamshira chorak yoki yarim stavkasini tugatib, QVPga keladi, uning o‘rniga bitta patronaj hamshira boradigan qilib taqsimladik. Lekin, patronaj hamshiraga qo‘shimcha oylik yo‘q. O‘sha asosiy ishi hisobidan boradi. Hozircha shunaqa qilib, taqsimladik. Aslida, maktabda o‘tiradigan hamshiralarga, bola soni qancha bo‘lishidan qat’iy nazar to‘liq stavka oylik berish kerak. Maktabda bolalar bilan istalgan falokat sodir bo‘lishi mumkin".

COVID-19 filtri

Xalq ta’limi vaziri mamlakat bo‘ylab umumta’lim maktablari 14 sentabr kuni ochilishi mumkinligi haqida 25 avgust kuni ma’lum qilgan edi.

Bu o‘rinda, maktablarda koronavirusga chalingan o‘quvchi va o‘qituvchilarni ostonadayoq aniqlab, tegishli choralarni ko‘ra oladigan maxsus guruh - "COVID-19 filtr" guruhi tayyor bo‘lishi shart.

Bu guruhlar har smena boshlanishi oldidan o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, binoga kiritadi. Guruhlarda 1 nafardan hamshira, sanitar, IIV, Milliy gvardiya xodimi bo‘lishi lozimligi aytilgan.

Bundan tashqari, "COVID-19 filtr" guruhida aniqlangan bemorlarni alohidalash uchun kichik maktablarda kamida 1 ta, yiriklarida esa 3 ta maxsus izolyator xonasi bo‘lishi talab qilinmoqda.

Maktab hududida har 30 o‘quvchiga kamida bitta qo‘lyuvgich bo‘lishi shart.

Xalq ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yiliga kelib, mamlakatdagi jami umumta’lim maktablari soni 9942 taga yetgan, ularning qariyb 7233 tasi qishloqda joylashgan.

XS
SM
MD
LG